TTA Madaniy tadbirlar

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati

 

Kamolot YIH

Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida 23 dekabr kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining uchinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoyda “Kamolot”ning tuman, shahar va viloyat bo‘limlaridan delegatlar, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qurultoy delegatlari dastlab Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydilar.

Mamlakatimiz yoshlarining qurultoyi ochiq deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

Kamolot

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev Harakatning o‘tgan besh yil davomidagi faoliyati va navbatdagi vazifalar to‘g‘risida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 10 oktabrda qabul qilingan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatini qo‘llab-quvvatlash va uning faoliyat samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish “Kamolot”ning o‘tgan besh yillik faoliyatida asosiy dasturilamal bo‘ldi.

Barkamol avlodni tarbiyalash xalqimiz uchun istiqlol yillarida eng ezgu maqsad, umummilliy vazifaga aylandi. Prezidentimiz rahnamoligida mustaqilligimizning dastlabki yillaridan jismonan va ma’nan sog‘lom, fikri tiniq, intellektual salohiyati yuqori avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Vatanimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lining har bir dovoni yoshlar hayoti, barkamol avlod tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Tom ma’nodagi barkamol avlod – mustaqillik farzandlari bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchiga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan istiqlolning dastlabki oylarida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yoshlarga zamonaviy standartlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ularning iqtidori va iste’dodini yuzaga chiqarish, sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash imkonini bermoqda.

Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash, shuningdek, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha jahonda o‘xshashi yo‘q, xalqaro hamjamiyatning haqli e’tirofiga sazovor bo‘layotgan maqsadli dasturlar asosida yurtimizning barcha hududlarida, chekka-chekka qishloqlarda ham zamonaviy ta’lim muassasalari qad rostladi. Bularning barchasi yagona maqsadga – dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati munosib ishtirok etmoqda. “Kamolot” o‘zining yoshlarga xos jo‘shqin harakati, sog‘lom g‘oya va intilishlari bilan har bir yigit-qizning qalbidan chuqur joy olmoqda. Yoshlarimizning tom ma’noda tayanchi va suyanchiga aylanmoqda.

Bu jihatlar “Kamolot”ning o‘tgan besh yillik faoliyatida o‘zining yaqqol ifodasini topdi. Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, yoshlarning iste’dod va qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash, sport va jismoniy tarbiya, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi sohalarda amalga oshirilgan ko‘plab loyihalar o‘z saflarida 5,5 milliondan ortiq yoshlarni birlashtirgan harakat faoliyatida yuksak natijalari bilan yorqin aks etdi. “Kamolot” saflarida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, jahon va Olimpiada chempionlari, yosh tadbirkorlar, iste’dodi va qobiliyati bilan xalqaro musiqa festivallari, fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan yoshlarning ko‘payib borayotgani tashkilot nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolatdir.

Bugun “Kamolot” kirib bormagan soha yo‘q. Barcha o‘quv muassasalari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ko‘plab korxonalar, xo‘jaliklar, davlat, jamoat va nodavlat tashkilot, muassasalarda 15 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilot yoshlarni o‘z safiga birlashtirgan. Harakat turli loyihalar orqali yoshlarning keng qatlamiga kirib bormoqda.

Yoshlar bandligini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, ommaviy tahdidlar, “ommaviy madaniyat” ta’siridan asrash, yoshlarga huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatish, sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Yigit va qizlarning huquqiy madaniyati hamda bilim darajasini oshirish borasida muntazam g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotir. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida festivallar, ko‘rgazmalar va ijodiy tanlovlar o‘tkazilmoqda. “Talabalar festivali”, “Yozni “Kamolot” bilan o‘tkaz” an’anaviy anjumanlari, “Siz qonunni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” huquqiy targ‘ibot poyezdlari, “Biz – giyohvandlikka qarshimiz!”, “Sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!” oyliklari, “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalari, “Kamolot” malikasi”, “Kamolot” kubogi”, “Kamolot” shaxmat taxtasi” kabi sport musobaqalarining ishtirokchilari doirasi yildan-yilga kengaymoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishga qaratilgan tadbirlarda yurtimizning barcha hududlaridan minglab yoshlar qamrab olindi. Yoshlar huquqiy ongi, siyosiy madaniyatini oshirish bilan birga, Konsepsiya doirasida ishlab chiqilgan yangi qonun loyihalari muhokamalarida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi.

Zamonaviy kasb-hunarlarni egallagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka kengroq jalb etish “Kamolot” dasturiy maqsadlarining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda o‘tkazilayotgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasi doirasida 2011 yil – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida 1452 nafar yigit-qizga 4,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar olishga ko‘maklashildi. 2008-2011 yillarda esa besh ming nafarga yaqin yigit-qiz 12,1 milliard so‘m miqdorida ana shunday mikrokreditlarga ega bo‘ldi.

Yosh tadbirkorlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularga o‘z shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishda amaliy ko‘mak berish maqsadida hududlarda “Yosh tadbirkor” konsalting markazlari tashkil qilingan. Tuman, shahar kengashlari qoshidagi “Yoshlar ijtimoiy xizmatlari” markazida har yili minglab yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda. Ushbu markazlarning qariyb 40 foizi olis qishloq va ovullarda tashkil etilgani e’tiborga molikdir. Yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muntazam o‘tkazib kelinayotgan mehnat yarmarkalarida 2010 yilning o‘zida 3 ming nafar yigit-qiz bevosita “Kamolot” ko‘magida ishga joylashdi.

 

Kamolot

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati huzurida tuzilgan “Kamalak” respublika bolalar tashkilotining tuman, shahar va viloyatlarda 2,2 million nafardan ortiq maktab o‘quvchisini birlashtirgan bo‘limlari ishlab turibdi. “Kamalak” bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviyatini yuksaltirish, ularning mustaqil yurtimiz tarixi, madaniyatiga oid bilimini kengaytirishga faol hissa qo‘shmoqda.

Qurultoyda so‘zga chiqqanlar “Kamolot” faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham atroflicha to‘xtaldilar. Yoshlar harakatning Nizom va Dasturida belgilangan maqsad hamda vazifalarni to‘liq amalga oshirishda to‘siq bo‘layotgan muammolar, ularning yechimi xususida fikrlashdilar. Ayrim hollarda Harakat faoliyatida rasmiyatchilik, tadbirlarni shunchaki hisobot uchun o‘tkazish, yoshlarning hayotiy muammolaridan uzoqlashish holatlari kuzatilmoqda, yosh yetakchilarning qobiliyat va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Bu yoshlar, ayniqsa, olis tumanlarda yashayotgan yigit-qizlarning “Kamolot” oldiga qo‘yilgan amaliy vazifalardan chetda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tkazilayotgan loyihalarni yangilash va ularni zamon talablari asosida takomillashtirib borish zarurati mavjud. Yoshlarga, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga huquqiy maslahat beradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni bugun davrning o‘zi taqozo etmoqda. Chunki, “Kamolot” yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tezkor amaliy yordam ko‘rsatadigan muloqotni ta’minlashi lozim. Yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ommaviy tahdidlarga qarshi kurashishga qaratilgan loyihalarga yoshlarni jalb etish ishlarini ham talablar darajasida, deb bo‘lmaydi. Xususan, ma’naviy muhitga, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etish yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda Harakatning o‘rni va roli kam sezilmoqda.

Olis hududlarda yashayotgan yoshlarni kichik biznes faoliyatiga jalb etish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, davlat ro‘yxatidan o‘tish, tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar olishlariga ko‘maklashishda ham mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash maqsadida bitiruvchi, ta’lim muassasasi hamda ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar ijrosi yuzasidan “Kamolot” qat’iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi lozim.

Davlat miqyosidagi nufuzli tanlovlarga iqtidorli yoshlarni jalb etish va tavsiya qilish, yoshlar manfaatlarini himoyalash borasidagi ishlarning samarasi yetarli emas. Ko‘pmillatli mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yoshlar o‘rtasida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan do‘stlik festivallari, uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami va samaradorligini yanada oshirish – davr taqozosi.

Yangi 2012 yil – Mustahkam oila yilida yosh oilalar bilan ishlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish, yoshlarning huquqiy madaniyati va ijtimoiy faolligini oshirish talab etiladi. Xususan, milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim illatlar – to‘y-ma’rakalardagi ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilik, qizlarni erta turmushga uzatish kabi holatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashishda yoshlarning faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Bu borada “Kamolot” yoshlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik, oila institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishi zarur. Yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash masalasida “Kamolot” ularga ko‘makchi va suyanch bo‘lmog‘i kerakligi ta’kidlandi.

Yoshlarning tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, yigit-qizlarni “ommaviy madaniyat”, turli zararli oqimlar ta’siridan himoyalash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda bugungi zamon talabi asosida, mutlaqo yangi dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish darkor.

Bularning barchasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yosh avlod huquq va manfaatlarining haqiqiy himoyachisi bo‘lishi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaruvchi, yoshlarga doir davlat siyosatini ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etishda ularning vakolatli vakili bo‘lishi uchun tashkilot faoliyatining samaradorligini oshirishni talab etadi. Yoshlarning ilm-fan, texnika, axborot texnologiyalari, madaniyat, san’at, sport, tadbirkorlik sohasidagi tashabbuslarini yanada kengroq qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, davlat va jamoat tuzilmalari, yoshlar xalqaro tashkilotlari bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish “Kamolot”ning kelgusi faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etmog‘i lozim.

Ushbu asosiy yo‘nalishlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining qurultoyi delegatlari muhokamasiga havola etilgan yangi tahrirdagi Nizom va Dasturida o‘z aksini topgan. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova ushbu hujjatlarning yangi tahrirdagi loyihasi to‘g‘risida axborot berdi.

Qurultoyda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy nazorat-taftish komissiyasining hisobot davridagi faoliyati to‘g‘risida mazkur komissiya raisi R.Ergashev ma’ruza qildi.

Qurultoy delegatlaridan Navoiy pedagogika kolleji o‘quvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Laylo Orziyeva, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi Quyuv-mexanika zavodi ustasi, “Kamolot” boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Farhod Ilhomov, “Kamolot”ning Buxoro viloyati kengashi raisi Adolat Akromova, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursanti Azizbek Matnazarov, “Kamolot”ning Toshkent shahar kengashi raisi Mahmud Asomov, “Kamolot”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Zafar Xaniyazov, Farg‘ona davlat universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilnavoz Qo‘ldosheva va boshqalar mamlakatimiz yoshlarining ijtimoiy harakati faoliyatini yanada yaxshilash borasida o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirdi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor yosh avlod vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklashi, boshlang‘ich tashkilotlar hamda yoshlar harakati a’zolarini yanada faol bo‘lishga undashini ta’kidladilar.

Delegatlar muhokamasidan so‘ng “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining yangi tahrirdagi Nizomi va Dasturi qabul qilindi.

Qurultoyda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining markaziy kengashi tarkibi saylandi. B.G‘aniyev markaziy kengash raisi etib saylandi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

UzA

Tepaga