O'zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida

Prezident I.A.Karimov Asarlarini o'rganish

 

"O'zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida"

I.A.Karimov, O'zbekiston nashriyoti, 2011 yil

O'zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida
Kitobni ko'chirib olish - Скачать

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan yangi kitobi nashr etildi. Kitobdan Yurtboshimizning mamlakatimiz mustaqilligi arafasida va mustaqillikning dastlabki davrida (1989-1991 yillarda) olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan ma’ruza va nutqlar, suhbat, maqola va intervyular o‘rin olgan.

Kitob shaklida ilk bor chop etilayotgan bu chiqishlarning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlanishi albatta bejiz emas. Bu kitob yaqin o‘tmishimizning murakkab tarixiy-siyosiy bosqichlarini, jumladan, tasavvur qilish ham qiyin bo‘lgan g‘oyat og‘ir va tahlikali bir vaziyatda O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshlagan Islom Karimovning o‘lkamizni chuqur inqirozdan olib chiqish, uni qat’iyat va matonat bilan istiqlol sari boshlash, Vatanimiz mustaqilligini e’lon qilish, umumxalq saylovida g‘olib chiqib, Prezidentlik qasamyodini qabul qilishigacha bo‘lgan, tinimsiz kurashlar, keskin sinov va mashaqqatlar bilan o‘tgan faoliyat davrini o‘z ichiga oladi.

Kitobga kiritilgan nutq va ma’ruzalarda o‘sha davrdagi o‘ta dramatik voqealar, tarixiy o‘zgarishlar qanday murakkab vaziyatlarda yuz bergani, ularning tafsiloti, sabab va oqibatlari atroflicha yoritib beriladi.

Ma’lumki, 1989 yilning o‘rtalarida KPSS Markaziy Komiteti, sovet hukumati tomonidan O‘zbekistonga nisbatan qatag‘on siyosati yangi bosqichda davom ettirilib, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan siyosiy kampaniyalar avj olgan edi. Kommunistik partiyaning bosh nashri bo‘lgan “Pravda” gazetasining “Oltin xazinasi ustidagi ilon” deb nom olgan maqolasida, boshqa yetakchi markaziy nashrlarda xalqimiz boshiga tinimsiz tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilmoqda edi. Sobiq Markazdan yuborilgan, el-yurtimiz o‘rtasida “desantchilar” deb nom olgan guruhlar tomonidan qancha-qancha begunoh insonlar, butun-butun oilalar tazyiq va ta’qiblarga uchraganini jamoatchiligimiz yaxshi eslaydi.

Ana shunday og‘ir bir sharoitda Yurtboshimiz tomonidan xalqimiz qalbidagi asriy orzu – istiqlol g‘oyasi ulkan jasorat bilan ilgari surilib, uni amalga oshirish uchun tarixiy qadamlar qo‘yilgani kitobning asosiy mavzusini tashkil etadi. Agarki bu kitobning ma’no-mazmunini bir so‘z bilan ifoda etadigan bo‘lsak, Vatanimiz mustaqilligi, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi hayot, yangi jamiyat binosi uchun zamin bo‘lgan hal qiluvchi dasturiy maqsad va g‘oyalarni Islom Karimov o‘sha dolg‘ali yillardayoq, uzoqni ko‘rgan holda, o‘ziga nechog‘lik aniq-ravshan tasavvur etgani mazkur to‘plamning har bir sahifasidan bamisoli “qizil ip” bo‘lib o‘tishini ta’kidlash o‘rinlidir.

Shu davr mobaynida o‘lkamizda ro‘y bergan Farg‘ona, Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealari paytida, tarixda “GKCHP” deb nom olgan, SSSR davlatining so‘nggi kunlarida bir guruh imperiyaparast kuchlar tomonidan amalga oshirilgan siyosiy to‘ntarish chog‘ida va boshqa shu kabi o‘ta keskin vaziyatlarda Islom Karimovning yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lni topa olgani, xalqimizning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun kechayu kunduz tinimsiz mashaqqatli faoliyat olib borganini tasdiqlaydigan tarixiy manbalar ham ushbu kitobda o‘z aksini topgan.

Mamlakatimizni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘nglash, xalq dardiga darmon bo‘lish, yillar davomida yechilmasdan kelgan muammolarni hal etish maqsadida aholiga uy-joy qurish uchun uchastka maydonlari va tomorqa yerlari ajratish, paxta yakkahokimligiga barham berish borasida davlatimiz rahbari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli respublika bo‘yicha 700 mingta oilaga yer berilgani, muallif ta’biri bilan aytganda, kichikroq bir davlatning aholisiga teng bo‘lgan 1,5 million yangi oila paydo bo‘lgani, qurilish materiallari ishlab chiqarish, odamlarga kredit berish, o‘z xo‘jaligini yuritish uchun urug‘lik, chorva mollari va parranda ajratishga qaratilgan ulkan ishlar haqida ma’lumot beradigan chiqishlar ham shu to‘plamdan o‘rin olgan.

Bugungi kunda dunyoda “o‘zbek modeli” deb nom olgan taraqqiyot yo‘limizning asosiy prinsiplarining dastlabki kurtaklari sokin kabinetlarda emas, aksincha, o‘sha yillarda keskin siyosiy kurashlar, bahs va tortishuvlar jarayonida tug‘ilib, 90-yillarga kelib yaxlit ta’limotga aylangani haqida ushbu kitobdagi chiqishlar orqali har tomonlama tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Mustaqillik g‘oyalari keng qanot yoza boshlagan, xalqimiz ozodlik va erkinlikka intilgan bir paytda yurtimizning dadil qadamlarini ko‘rolmaydigan g‘arazli kuchlar sobiq Markazda ham, o‘zimizda ham topiladi. Bunday siyosiy o‘yin va fitnalarga bir misol sifatida 1991 yil 17-19 avgust kunlari – Islom Karimov Hindiston Respublikasida rasmiy safarda bo‘lgan paytda yuz bergan voqealarni keltirish mumkin. Mamlakat rahbarining O‘zbekistonda emasligidan foydalanib, yurtimizdagi ayrim rahbarlar GKCHPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shu tariqa o‘zining siyosiy va ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadi. Faqatgina Yurtboshimizning mustahkam irodasi, oqilona va vazmin siyosati tufayli GKCHP tarafdori bo‘lgan siyosiy avantyuristlar o‘z qabih niyatiga yetolmagani ham kitobdagi chiqishlarda ifodasini topgan.

Afsuski, bugun vaqt o‘tishi bilan ana shu voqealarni ko‘rgan-bilgan, ularga bevosita guvoh bo‘lgan odamlarning soni tobora kamayib bormoqda. Yaqin tariximizning mash’um bir davrida sodir bo‘lgan bu voqealarni bilmasdan, ularning mohiyatini chuqur anglamasdan turib el-yurtimizning istiqlolga erishish yo‘lidagi kurashlar tarixini barcha murakkabliklari bilan to‘liq tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur kitobdan o‘rin olgan tarixiy hujjatlar, nutq va ma’ruzalarning bugungi va ertangi kunimiz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega ekani yanada yaqqol ayon bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, to‘plamga kiritilgan har bir chiqishni mutolaa qilish jarayonida biz yangi tariximizning o‘zimiz bilmagan, anglamagan yana ko‘plab qirralarini yangitdan kashf etamiz, istiqlol mohiyatini, “tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi buyuk shaxslarni yaratishi”ni yanada chuqurroq anglaymiz.

Shu ma’noda, Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi xalqimizning siyosiy tafakkur xazinasiga qo‘shilgan bebaho hissa bo‘lib, mamlakatimizning istiqlol tarixini o‘rganish va anglashda beqiyos tarixiy ahamiyat kasb etadi.

* * *

1-мавзу: Кириш. Жамиятни янгилаш йўлида

Китобнинг ёзилишидан кўзланган мақсад, 1980 йилларнинг сўнгида собиқ СССР даги, хусусан Ўзбекистон ССР даги сиёсий-ижтимоий вазият.
Жамиятни янгилаш учун курашаётган барча соғлом кучларни бирлаштириш зарурати. Ўзбек тилига давлат тили мақомининг берилиши.
Ўзбекистон иқтисодиётини ривожлантириш, таълим ва илм-фан соҳасида ўзгаришлар қилиш зарурлиги.

2-мавзу:  Халқ иродаси билан танланган йўл

Ислом Каримовнинг 1989 йил 28 ноябрь куни Ўзбекистон ССР Фанлар Академиясидаги, 1990 йилнинг 20 январь куни Тошкент шаҳар фаоллари билан бўлиб ўтган учрашувдаги нутқларида Ўзбекистоннинг келгуси тараққиёти йўли ҳақида билдирилган фикрлар.
 Аҳоли турмуш даражасини ошириш учун олиб борилган ҳаракатлар 1990 йилнинг февраль ойида ўтказилган Ўзбекистон ССР халқ депутатлари ва Республика халқ депутатларининг маҳаллий Советларига ўтказилган сайловлар.
Ўзбекистонда Президентлик институтининг жорий этилиши. Мустақиллик декларациясининг қабул қилиниши. Ўзбекистонда ҳуқуқий давлат йўлининг танланиши. Ўзбекистоннинг иқтисодий мустақилликка эришувидаги дастлабки қадамлар.

Улуғ мутафаккирлар маънавий меросининг ўрганилиши.

 Абу Исо Муҳаммад ибн Исо Ат-Термизий таваллудининг 1200 йиллиги, “Бобурнома” китобининг 460 йиллигини нишонлаш.

3-мавзу: Ўзбекистонда  мустақиллик арафасидаги иқтисодий-ижтимоий  вазият

Минтақавий муаммолар ва уларнинг ечимлари. Бозор иқтисодиётига ўтишдаги дастлабки қадамлар.
 Наврўз байрамининг умумхалқ байрами деб эълон қилиниши. Мураккаб вазиятда оқилона сиёсатнинг юритилиши. Колхоз ва совхозларнинг хўжалик юритиш механизмини қайта қуриш зарурати.
Халқимизнинг руҳини,  ғурурини тиклаш борасида бошланган ишлар, Ислом Каримовнинг “Ўзбекистон – мустақил республика, унинг ўз танлаган йўли бор. Республиканинг барча табиий бойликлари халқ фаровонлигига хизмат қилиши керак” – деган ғоясининг аҳамияти.

Ўзбекистоннинг ташқи иқтисодий ва сиёсий алоқалари.

4-мавзу: Ўзбекистон Республикаси давлат мустақиллигининг эълон қилиниши

1991 йилнинг август ойидаги СССРда сиёсий ҳаётнинг издан чиқиши. Фавқулодда ҳолат давлат комитети ва унинг сиёсати. Ушбу вазиятларга Ўзбекистон Республикаси раҳбариятининг муносабати. Президент Ислом Каримовнинг Республика аҳолисига мурожаати. Мамлакатда вужудга келган аҳвол ва республика манфаатларини ҳимоя қилиш мақсадида Ўзбекистон ССР Президенти фармонининг эълон қилиниши.
Ўзбекистон Республикаси Олий Кенгашининг 1991 йил 31 августда бўлиб ўтган навбатдан ташқари олтинчи сессияси. “Ўзбекистон Республикаси давлат мустақиллиги асослари тўғрисида”ги Қонуннинг қабул қилиниши. 

5-мавзу: Ўзбекистоннинг дунё харитасидан муносиб ўрин олиши


Ўзбекистон Республикаси Олий Кенгаши VIII сессиясида “Ўзбекистон Республикаси Референдумини ўтказиш тўғрисида”, “Ўзбекистон Республикаси Президенти сайловини ўтказиш тўғрисида”ги Қарорларининг қабул қилиниши. 1991 йил 29 декабрда бўлиб ўтган референдум ва унинг якунлари. Халқимизнинг Ўзбекистон Республикаси мустақиллигининг маъқулланиши. 1991 йил 29 декабрда бўлиб ўтган Президент сайлови ва унинг якунлари. Ислом Абдуғаниевич Каримов — Мустақил Ўзбекистон Республикасининг биринчи Президенти. Жаҳоннинг йирик давлатлари томонидан Ўзбекистоннинг мустақил давлат сифатида тан олиниши. Тинчлик, тотувлик, осойишталикни сақлаш – Президентнинг бош вазифасидир.

6-мавзу: Хулоса. Маънавий жасорат намунаси

1991 йил 31 август санасида қўлга киритилган миллий мустақиллик — XX асрда халқимиз томонидан амалга оширилган буюк маънавий жасорат намунаси. Бу жараёнда Президент Ислом Каримов жасоратининг намоён бўлиши.

* * *

Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида” номли китоби ҳақида:

Мамлакатимизда бугунги эркин ва озод, тинч ва осуда ҳаётимиз қадрини, мустақиллик берган имкониятларни чуқур англашда, юртдошларимиз онгу шуурида Ватанга муҳаббат ва садоқат туйғусини тарбиялашда Ўзбекистон Республикаси Президенти асарларининг кучи ва таъсири беқиёс. Авваламбор, Юртбошимиз асарлари халқимизни, айниқса, ёшларимизни Ўзбекистоннинг энг янги тарихини чуқур англаб ва идрок этиб, юртимизнинг кўп мингйиллик тарихи ва қадимий шуҳрати, мустақиллик шарофати ила бугунги қудрати ва салоҳияти, жаҳон майдонидаги обрў-эътиборига ҳар томонлама муносиб бўлиб яшашга ўргатиши билан улкан аҳамиятга эгадир.

Маълумки, 1991-2011 йиллар мобайнида Ўзбекистон Республикаси Президенти асарларининг 19 та жилди нашр этилди. Ислом Каримовнинг бу кўпжилд­лигидан "Ўзбекистоннинг ўз истиқлол ва тараққиёт йўли" (1992), «Янги уй қурмай туриб, эскисини бузманг» (1993), "Ўзбекистон — бозор муносабатларига ўтишнинг ўзига хос йўли" (1993), «Биздан озод ва обод Ватан қолсин» (1994), «Истиқлол ва маънавият» (1994), «Ватан саждагоҳ каби муқаддасдир» (1995), «Тарих ғилдираги ортга қайтмайди» (1996), "Ўзбекистон ХХI аср бўсағасида: хавфсизликка таҳдид, барқа­рорлик шартлари ва тараққиёт кафолатлари" (1997), «Баркамол авлод орзуси» (1998), «Кучли давлатдан кучли жамият сари» (1998), «Тарихий хотирасиз келажак йўқ» (1998), «Оллоҳ қалбимизда, юрагимизда» (1999), «Озод ва обод Ватан, эркин ва фаровон ҳаёт — пировард мақсадимиз» (2000), «Тинчлик учун курашмоқ керак» (2001), "Ўзбекистонда демократик ўзгаришларни янада чуқурлаштириш ва фуқаролик жамияти асосларини шакллантиришнинг асосий йўналишлари" (2002), «Ислоҳотлар стратегияси — мамлакатимиз иқтисодий салоҳиятини юксалтиришдир» (2003), «Эришган марраларимизни мустаҳкамлаб, ислоҳотлар йўлидан изчил бориш — асосий вазифамиз» (2004), "Ўзбек халқи ҳеч қачон, ҳеч кимга қарам бўлмайди" (2005), «Инсон манфаатларини таъминлаш, ижтимоий ҳимоя тизимини такомиллаштириш — устувор вазифамиздир» (2006), «Асосий мақсадимиз — юртимизда эркин ва обод, фаровон ҳаёт барпо этиш йўлини қатъият билан давом эттиришдир» (2007), «Инсон манфаатлари устуворлигини таъминлаш — барча ислоҳот ва ўзгаришларимизнинг бош мақсадидир» (2008), «Юксак маънавият — енгилмас куч» (2008), «Жаҳон молиявий-иқтисодий инқирози, Ўзбекистон шароитида уни бартараф этишнинг йўллари ва чоралари» (2009), «Адабиётга эътибор — маънавиятга, келажакка эътибор» (2009), «Бизнинг эзгу мақсадимиз — тараққий топган давлатлар қаторига киришдан иборат» (2010), «Мамлакатимизни модернизация қилиш йўлини изчил давом эттириш — тараққиётимизнинг муҳим омилидир» (2010), «Барча режа ва дастурларимиз Ватанимиз тараққиётини юксалтириш, халқимиз фаровонлигини оширишга хизмат қилади» (2011), «Мамлакатимизда демократик ислоҳотларни янада чуқурлаштириш ва фуқаролик жамиятини ривожлантириш концепцияси» (2011) каби асарлари, дастуриламал маъруза ва нутқлари ўрин олган.

Президент асарларида иқтисодиёт, ижтимоий-сиёсий ва ҳуқуқий тараққиётнинг долзарб масалалари чуқур тадқиқ қилинган, Ўзбекистоннинг мустақил ички ва ташқи сиёсати тизимли равишда илмий асослаб берилган, ҳозирги ва истиқболдаги устувор вазифалар ва йўналишлар кўрсатиб ўтилган. Бу мураккаб, ғоятда кенг қиррали ва улкан кўламли мавзуларнинг айнан истиқлолимиз меъмори, мус­тақил миллий давлатчилигимиз асосчиси, йигирма йилдан ортиқ буюк тарихий давр ичида юз берган ўтиш, ривожланиш ва юксалиш жараёнларининг марказида турган, уларнинг барчасини ўз қалбидан ўтказган инсон — Юртбошимиз томонидан илмий назарий ва амалий жиҳатдан катта тажриба, теран таҳлил асосида ёритиб берилиши наинки мамлакатимиз аҳли, балки жаҳон жамоатчилигининг ҳам ушбу китобларга бўлган қизиқишини янада оширмоқда. Шу боис Ўзбекистон Президентининг асарлари инглиз, француз, немис, испан, ҳинд, хитой, араб, корейс, турк ва бошқа хорижий тилларга таржима қилиниб, бир неча бор нашр этилган ва тақдимотлари ўтказилган.

Шуни ҳам таъкидлаш жоизки, Президентимизнинг "Ўзбекистоннинг 16 йиллик мустақил тараққиёт йўли" номли китобида мустақилликка эришиш даври, Ватанимиз мустақиллигини қўлга киритиш қандай шароитда кечгани ҳақида яхлит, ягона ва холис кўз билан қараб баҳо берадиган жиддий таҳлил-тадқиқот ҳозиргача амалда йўқлиги афсус билан қайд этилганидан буён бир неча йил вақт ўтди. Ўшанда давлатимиз раҳбари ўтган давр мобайнида босиб ўтган мураккаб йўлимизга яна бир назар ташлаб, мустақил миллий тараққиётимиз давомида амалга оширган тизимли ва залворли ишларимиз, эришган натижаларимизни холисона баҳолаш ва уларнинг моҳияти ва аҳамия­тини кенг жамоатчилик, бутун халқимизнинг эътибори ва онгу шуурига етказиш мақсадга мувофиқ эканига диққатимизни қаратган эди. Шу маънода, "… истиқлол ўзбек халқига туҳфа тариқасида берилмагани — буларнинг барчаси ҳақида ҳар тарафлама чуқур ёритиб ва исботлаб берадиган изланиш ва таҳлил бугунги кунда ҳам ўзининг долзарблиги ва аҳамиятини йўқотмагани" алоҳида қайд этилиши бежиз эмас. (16-жилд, 4-бет)

Мамлакатимиз мустақиллигининг 20 йиллик қутлуғ байрами арафасида Юртбошимизнинг "Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида" китобининг нашр этилиши ана шу бўшлиқни тўлдириш йўлида моҳият эътибори билан, ҳеч шубҳа­сиз, алоҳида ўрин эгаллайди. Бинобарин, қанча-қанча аждодларимизнинг асрий орзуси бўлган, бугунги кунда кўпмиллатли халқимиз учун энг улуғ, энг азиз қадриятга, барча эзгу мақсад ва ҳаракатларимиз, бунёдкорлик ишларимизнинг ҳаётбахш манбаига айланган истиқлолга эришиш йўлида 1989-1991 йиллар мобайнида олиб борилган ўта оғир ва машаққатли курашлар тарихи бу китобнинг бош мавзусини ташкил этади.

Неча юз йиллар давомида озодликка интилиб яшаган хал­қи­мизнинг ана шу ҳал қилувчи уч йил давомида кечган суронли, изтиробли, умидли кунларини ўзида акс эттирган бу китоб бизни ўтмишни унутмасликка чорлайди. Қолаверса, Юртбошимиз айтганларидек, «Тарихий хотирасиз келажак йўқ» эканидан огоҳлантиради, ўзига хос ибрат, оқибат дарсини ўтайди. Ва албатта, китобнинг ҳар бир саҳифаси бизни наинки тарихий кечмишдан сабоқ чиқаришга ва бугунги саодатли кунларимиз учун шукрона қилишга, айни вақт­да ёруғ келажагимиз йўлида бирлашишга, аҳил ва ҳамжиҳат бўлишга даъват этади.

Китобни ўқиб-ўрганиш асносида жамоатчилигимизда «бугунги кунда дунёда „ўзбек модели“ деб ном олган тараққиёт йўлимизнинг асосий принципларининг дастлабки куртаклари сокин кабинетларда эмас, аксинча, ўша йилларда кескин сиёсий курашлар, баҳс ва тортишувлар жараёнида туғилиб, 90-йилларга келиб яхлит таълимотга айлангани ҳақида ушбу китобдаги чиқишлар орқали ҳар томонлама тасаввурга эга бўлиш мумкин», деган мазмундаги холис ва оқилона фикрлар шаклланаётгани ҳар томонлама эътиборга лойиқдир.

Миллий матбуот саҳифаларида ҳам мазкур нашрга «истиқлолимиз тарихининг ёрқин кўзгуси», «яқин тарихимизнинг адолатли манзараси», "ўтмиш ва келажак, аждодлар ва авлодлар ўртасидаги ворисийлик ришталарини кучайтиришда бебаҳо манба" деган муносиб таърифлар берилмоқда. Бу фикрларга тўла қўшиламиз, чунки аслида ҳам шундай.

Китоб аввало ҳар томонлама чуқур ҳаётий мантиққа эга бўлиб, ўзининг аналитик ва илмий таҳлилий руҳи, муаллифнинг юксак интеллектуал салоҳияти, нотиқлик маҳорати билан бир қаторда, Ватанга бемисл муҳаббат ва садоқат туйғуси, ҳар қандай шароитда ҳам Ўзбекистоннинг миллий манфаатларини қатъий туриб ҳимоя қилишга қаратилган принципиал позицияси билан алоҳида ажралиб туради.

Шунингдек, ушбу китобнинг аксарият тарихий ҳужжатлар, айниқса, фотосуратлар, видеотасвирлар сақланиб қолмаган ўша суронли даврга оид бутунлай бирламчи архив ҳужжатлари, демакки асл манбалар асосида тузилгани унинг тарихий ва илмий қимматини янада оширади. Бундан ташқари, китобдан жой олган нутқ ва маърузаларнинг чуқур амалий ва прагматик руҳи, ўша даврга хос бўлган шўроларча "қизил сўз«лардан, яъни баландпарвозлик ва сафсатабозликдан мутлақо холи экани кишида ҳайрат ҳамда ҳавас уйғотади. Энг муҳими, у барчамизни ҳозирги ўта нотинч ва таҳликали замонда доимо ҳушёр, огоҳ ва сергак бўлиб яшашга даъват қилишини эътироф этиш жоиз.

Ҳақиқатан ҳам, китобдан ўрин олган тарихий ҳужжатлар бугунги ва келгуси неча-неча авлод ёшларимизни Ватанимизнинг энг янги тарихини чуқур англаб, ундан зарур сабоқ ва хулосалар чиқариб яшашга ўргатса, ўрта ва катта авлод вакиллари учун яқин ўтмишда ўзимиз гувоҳ бўлган воқеаларни кўз ўнгимизда қайта жонлантириш, қалб ва тафаккур кўзгусидан яна бир бор ўтказиш имконини беради. Юртбошимизнинг ўша мураккаб тарихий даврда сўзлаган маъруза ва нутқлари, суҳбат, мақола ва интервьюларини ўқиш жараёнида ҳар биримиз энг янги тарихимизнинг ўзимиз билган, билмаган яна кўплаб қирраларини янгитдан кашф этамиз, истиқлол моҳиятини янада чуқурроқ англаймиз.

Хусусан, мен ўзим 1985-1994 йиллар мобайнида республикамизнинг бир қатор илмий ва таълим муассасаларида ишлаган мутахассис сифатида Ўзбекистоннинг дунёда ўхшаши кам бўлган ноёб таълим лойиҳаси — 1997 йили қабул қилинган Кадр­лар тайёрлаш миллий дастурининг мазмун-моҳияти, асосий мақсад ва вазифалари, устувор йўналишлари ҳақида Юртбошимизнинг 1990 йилдаги чиқишларини мутолаа қилиб жуда таъсирландим. Ва беихтиёр шўро тузумининг охирги йилларида юртимизда илм-фан ва таълим соҳасининг моддий-техник базаси, кадрлар таркиби қандай ачинарли аҳволга тушиб қолгани бирма-бир хаёлимдан ўтди. Ўшандай оғир вазиятда ҳам Ислом­ Каримов миллий таълим тизимининг истиқболига катта ишонч билан қарагани, бу ишонч­ни соҳа вакилларининг онгу шуурига сингдириб, уларни нечоғли улуғвор ишларга сафарбар этгани ҳақида мушоҳада қилдим.

Шукрки, бу борада узоқ ва давомли мақсадларни кўзлаб билдирилган фикрлар истиқлол йилларида ҳаётимизда тугал рўёбга чиқди. Бугун Президентимизнинг бевосита раҳнамолигида соҳада ўтган 21 йилдан кўпроқ давр ичида амалга оширилган чуқур ва қамровли ислоҳотлар бутун халқимиз, ҳатто жаҳон жамоатчилиги эътирофига сазовор бўлаётганини ўйлаганимда қувончимга қувонч, ғуруримга ғурур қўшилади.

Маълумки, 2012 йили мамлакатимизда Ўзбекистон Республикаси Конституцияси қабул қилинган куннинг 20 йиллиги кенг нишонланади. Бу муҳим сиёсий ва тарихий сана давлатимиз, хал­қимиз тарихида буюк воқеа сифатида зарҳал ҳарфлар билан ёзилиб қолди, албатта. Мус­тақиллик Қомусимизни яратилиш тарихига назар ташлайдиган бўлсак, биринчи навбатда шуни таъкидлаш зарурки, мамлакатимизда бу борадаги барча ишлар Президентимиз Ислом Каримовнинг ташаббуси ва бевосита раҳбарлигида амалга оширилди.

Юртбошимизнинг янги китобини мутолаа қилиш асносида илк бор Ўзбекистонда янги Конс­титуция ишлаб чиқиш ва қабул қилиш ғояси 1990 йил март ойида, эътибор беринг, мустақиллигимиз эълон қилинишидан бир мунча вақт олдин янграганига яна бир бор амин бўлдим. Шундан сўнг 1990 йилнинг 20 июнида Мустақиллик декларацияси эълон қилинди ва унинг 12-бандида ушбу ҳужжат собиқ иттифоқ ҳудудида биринчи бўлиб Ўзбекистонда мустақил давлатимизнинг Конституциясини ишлаб чиқиш учун асос бўлажаги қайд этилди.

Ўшанда Президентимиз раҳбарлигида депутатлар, давлат ва жамоат арбоблари, мутахассислардан ташкил топган Конс­титуциявий комиссия тузилиб (мен ҳам ўша Комиссия таркибида бўлганимдан фахрланаман), 1990-1991 йилларда Конс­титуциянинг учта муқобил концепцияси тайёрланди. Булардан энг мақбули танлаб олиниб, у ҳам қайта-қайта таҳрир қилинди, мукамаллаштирилди ва маромига етказилди.

Бугун ҳаммамиз фахру ифтихор билан тилга оламизки, 1991 йил 31 августда Президентимиз Ўзбекистон мустақиллигини эълон қилди. Худди ўша куни парламентимиз томонидан Ўзбекистон Республикасининг давлат мустақиллиги тўғрисида Баёнот, шунингдек, бўлажак Конс­титуциянинг ўзак қоидаларини ўзида акс эттирган „Ўзбекистон Республикасининг давлат мустақиллиги асослари тўғрисида“ги конституциявий қонун қабул қилинганини ҳам эслатиш жоиз.

Қарийб икки йиллик изчил, мураккаб ва масъулиятли фаолият натижаси ўлароқ тайёр бўлган Конституция лойиҳаси икки маротаба — 1992 йилнинг 26 сентябрь ва 21 ноябрь кунлари умумхалқ муҳокамаси учун газеталарда эълон қилинди. Бу муҳим қадамлар, табиийки, Асосий қонунимизнинг халқчиллигини таъминлашда беқиёс аҳамият касб этди. Ва ниҳоят, 1992 йил 8 декабрь куни парламент сессиясида депутатлар томонидан Конституция лойиҳаси моддама-модда муҳокама қилиниб, яна бир қатор ўзгартиришлар киритилгач, Бош қомусимиз қабул қилинганди.

Шу тариқа халқимизнинг фикр хазинаси дурдоналари билан бойитилиши, сайқал топиши эвазига биз ҳар куни самараларини ўз ҳаётимизда яққол кўраётган, юртимизда ягона миллий ғоя, мантиқ ва асос йўналиш билан суғорилган, энг муҳими, халқимизнинг иродасини, миллий руҳиятини, ижтимоий онги ва сиёсий-ҳуқуқий маданиятини ўзида тўла акс эттирган фундаментал ҳуқуқий ҳужжат — Конституциямиз дунёга келди.

Китоб юқоридаги тарихий воқеаларнинг аҳамиятини тасдиқлайдиган кўплаб фикрларни ўзида мужассам этган. Мисол учун, Ислом Каримов Олий Кенгашнинг 1992 йил 4 январда бўлиб ўтган навбатдан ташқари IХ сессиясидаги »Ўзбекистон дунё харитасида ўзига муносиб жой олди" номли маърузасида шундай дейди: «Сиёсий йўлда бурилиш бўлди. Неча йиллик орзу-умидларимиз рўёбга чиқди. Мана шу ерда сизлар билан Мустақиллик декларациясини қабул қилдик. Кейин Мустақиллик қонунини эълон этдик».

Мухтасар қилиб айтганда, Президентимиз Ислом Каримовнинг "Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида" китоби ижтимоий-сиёсий, маънавий-маърифий ва ҳуқуқий ҳаётимизда ғоят муҳим воқеа бўлиб, мамлакатимиз истиқлоли тарихини ўрганиш ва англашда беқиёс тарихий аҳамият­га эгадир.

Акмал САИДОВ, ЎзМТДП фракцияси аъзоси, профессор

Tepaga