Talabalikka bag‘ishlov marosimi bo‘lib o‘tdi

Talabalikka bag‘ishlov marosimi bo‘lib o‘tdi

Agar bu tadbirda biror marotaba ishtirok etmagan bo‘lsangiz, kelasi yili albatta vaqtingizni topib qatnashib ko‘ring.

Mingdan ziyod oppoq kiyimdagi yigit qizlar ko‘zida porlayotgan hayrat va havasdan qalbingiz taskin topadi. Ular quvonchiga beihtiyor sherik bo‘lasiz.

Orzulari ro‘yobga chiqayotgan  umidli yoshlarning o‘z maqsadlari sari qo‘ygan ilk ishonchli qadamlari katta va nufuzli ilmiy jamoa-Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p ming sonli professor va o‘qituvchilari, magistr va bakalavrlari tomonidan olqishlanganida esa qalbingizni faxr va iftihor tuyg‘usi qamrab oladi.

Ha bu yurt shunday odamlar yashaydi. Bir-birlariga hayrihoh, hamjihat. Bir bolaning quvonchini huddi o‘z farzandiniki singari qabul qila oladigan bag‘ri kenglar yurti bu.

An’anaga muvofiq bu yil ham shunday bo‘ldi. Olmazor tuman xokimligi, tuman yoshlar ittifoqi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorligida o‘tgan ma’naviy tadbir chinakkam bayram tusini oldi.

Yangi o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasiga qabul qilingan bir yarim ming nafardan ziyod yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etgan kechada tibbiyot ilmining allomalari hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi mazkur tadbirning mazmun va mohiyatini belgilab berdi.

So‘zga chiqqanlar TTAning yil sayin o‘sib borayotgan nufuzi haqida gapirdilar.

Inson salomatligi yo‘lida bor ilmi, kuch va qudrati, salohiyati va hayotini bag‘ishlashga tayyor shifokorlarning metin irodasi va jasorati e’tirof etildi.

Tibbiyot ilmi ravnaqi yo‘lidagi ilmiy ishlanmalari bilan yurtimiz sharafini dunyo mamlakatlari ko‘z o‘ngida namoyon etayotgan iqtidorli talabalar tashabbusi olqishlandi.

Yangi O‘zbekiston yoshlarining ilmu-fan taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi, oliy ta’lim tizimidagi mutloq yangicha qarashlar, kun sayin yaqinlashib kelayotgan muhim siyosiy jarayon O‘zbekiston Prezidentligiga  o‘tkazilayotgan saylovda yoshlar ishtirokining qanchalar dolzarbligi to‘g‘risida so‘z bordi.

Bo‘lajak shifokorlar tibbiyot ilmini egallashdan avval an’anaviy qasamyodni qabul qilar ekanlar, eng avvalo shu muqaddas vatan oldidagi farzandlik burchiga sodiq qolajaklarini baralla  bayon etdilar.

Kechaning dilbar va fayzli o‘tishiga  Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi “Navo-shifo” yoshlar musiqiy –teatr jamoasi munosib hissa qo‘shdilar.

Toshkent tibbiyot akademiyasi Matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan