Ertaga yurtimiz tarixida yana bir yangi sahifa ochiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovning so‘ngi bosqichi nihoyasiga yetib, biz barchamiz bir bo‘lib vatanimiz kelajagi uchun ovoz beramiz.
Ha… Siz, Men va Barchamiz.
Saylovning tarixiy ahamiyati ham shundaki, biz hammamiz birlashib, hamjihatlik bilan o‘z taqdirimiz, farzandlarimiz kelajagi, oilalarimiz farovonligi eng asosiysi yurtimiz tinchligiga befarq emasligimizni tantanali ravishda namoyish etamiz.
Shu o‘rinda men fuqarolik pozitsiyamiz va burchimiz, konstitutsion huquqlarimiz, qonun va qonunosti hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan me’yorlar to‘g‘risida ixtiboslar keltirishim, demokratik jamiyatning odamlar hayotidagi ahamiyatini qator misollar bilan sharhlab o‘tishim mumkin edi.
Biroq, bunga zarurat yo‘q deb o‘yladim.
Boisi, shu yurtda yashayotgan har bir vatandoshimizning erkin va ozod yurt kishisi sifatida vijdoni amriga quloq solib yangi va hayrli tashabbuslar yo‘lidagi ilg‘orligi amaldagi qonunlarimizning hayotimizda aks etib borayotganiga ishoradir.
Biz ertaga saylovga boramiz.
Tafakkur qilyapsizmi. Oila davrasida jam bo‘lishib, yaxshi niyat va katta ishonch bilan qabul qilgan shu kichik qarorimiz bilan avvalo o‘z fuqarolik burchimizni ado etyapmiz. Qolaversa, farzandlarimiz va nabiralarimiz ko‘z o‘ngida ular hayoti va istiqboliga befarq emasligimizni so‘zsiz isbotlab ularga o‘rnak ham bo‘lamiz.
Nazarimda muhimi ham shu.
Maqsadlarimiz sari qo‘ygan qadamimiz bugun biz ko‘rsatayotgan ibratdan boshlanadi.
Kelajak uchun bosgan yana bir qutlug‘ qadamimiz barchamizga muborak va hayrli bo‘lsin.
GULChEHRA MIRZAEVA, Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi.