Bir yil oldin Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalar uchun turar joylar soni 1550 tani tashkil etardi. Yangi o‘quv yili boshidan Prezidentimizning OTMlar yoshlari uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha imkoniyatlar doirasidagi taklif va topshiriqlari asosida akademiya talabalari ikkita qo‘shimcha binoga ega bo‘ldilar. Kuni kecha Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv bazasi tarkibi kengaytirilib sobiq Olmazor tibbiyot kolleji binosiga bir necha kafedra ko‘chib o‘tgan edi. Bugun esa mehnat vazirligi balansida turgan 4 qavatli yotoqxona binosi akademiya talaba yoshlarining ixtiyoriga barcha qulayliklari bilan topshirildi. Yangi yotoqxonaning tantanali ochilish marosimida akademiya rektori A.K.Shadmanov talabalarni bugungi quvonchli voqeylik bilan tabriklab, so‘ngi yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasiga qabul qilingan talabalar soni keskin ortib borayotganligidan minnatdorligini bildirdi. Talabalar sonining bu tarzda ortib borishi akademiya ma’muriyati zimmasiga mas’uliyatli vazifalarni yuklayotganligi, ayniqsa Prezidentimizning yoshlar siyosatini amalga oshirish borasidagi topshiriqlariga javoban talabalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish vazifasi kun tartibining muhim yo‘nalishiga ko‘chganligini ta’kidladi. O‘quv-amaliy jarayonlarga qaratilayotgan e’tibor singari yoshlarni turar joy bilan ta’minlash ishlariga jiddiy kirishilgani ma’lum qilindi. Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari yana qo‘shimcha ravishda mana shunday keng va yorug‘ talabalar turar joyiga ko‘chib o‘tdilar. Shu tariqa talabalarining yotoqxona bilan qamrov darajasi 2300 tadan 3400 taga yetkazildi. Yana bir haftadan keyin yana bir yangi yotoqxona yoshlar ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilmoqda..