Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminov
O‘zbekiston tibbiyoti og‘ir judolikka uchradi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsangan vrach”, Toshkent tibbiyot akademiyasining yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi professori, Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminov 2022 yil 6 fevral kuni 81 yoshida vafot etdilar.
Turg‘unpo‘lat Daminov 1941 yilning 26 aprelida Toshkent shahrida xizmatchilar oilasida dunyoga keldi. 1958 yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, shu yili tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent davlat tibbiyot instituti talabasi bo‘ldi.
1964 yilda T.Daminov institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi. O‘sha yildan buyon u shogird tadqiqotchilikdan boshlab, hozirgi kunda kafedra professori sifatida yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasida ishlab kelmoqda edi.
1969 yilda «К вопросу клинического течения тифопаратифозных заболеваний у детей в сочетании с туберкулезом» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. «Клинико-иммунологические особенности острого и затяжного вирусного гепатита А и В у детей» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi T.Daminov Rossiya Tibbiyot Fanlari Akademiyasi akademigi V.Uchaykin va Latviya FA akademigi A.Blyuger rahbarligida Latviya gepatologik markazi va II Moskva Meditsina instituti bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi bazalarida bajardi, 1986 yilda Rossiya Meditsina Akademiyasi Pediatriya Ilmiy tekshirish institutida muvaffaqiyatli himoya qilindi.
T.Daminovning yuqori malakali mutaxassis va ilmiy xodim sifatida shakllanishida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arboblari, professorlar X.Yunusova va O.Maxmudov kabi olimlarning hayotiy tajribalari va kasbga oid ko‘nikmalari muhim o‘rinni egalladi. T.Daminov ilmiy ishlarining natijalari milliy va xalqaro simpoziumlarda, kongresslarda, pediatriya s’ezdlarida, plenumlarda, muammoli hay’at yig’ilishlarida va fanlararo konferentsiyalarda doimiy ravishda bayon qilingan. U 500 tadan ortiq doimiy ravishda chop etilayotgan nashrlarning, ulardan 6 ta darslik, 14 ta monografiya, 45 tadan ortiq uslubiy tavsiyanomalar va qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi. Uning rahbarligida 21 ta doktorlik va 43 tadan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Uning tomonidan butun bir yirik olimlar – pediatrlar va infektsionistlarning atoqli arboblari yetishtirilgan, respublikada keng miqyosda ma’lum bo‘lgan infektsionistlar va gepatologlarning maktabi yaratilgan. Shogirdlarining ko‘pchiligi hozirgi kunda o‘zlari qator tadqiqot yo‘nalishlarini boshqarishadi va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashda yetakchilik qilishadi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, T.Daminovning shogirdlari nafaqat O‘zbekistonning ko‘pchilik hududlarida, balki MDH va uzoq chet mamlakatlarida samarali ish olib borishadi.
Turg‘unpo‘lat Daminovning ilmiy, shifokorlik va pedagogik faoliyati katta ma’muriy – jamoatchilik ishlari bilan muvaffaqiyatli mujassamlangan.
Xizmatlari davlatimiz va ilmiy-tibbiy uyushma tomonidan e’tirof qilinib, “Do‘stlik” ordeni, “O‘zbekistonda xizmat ko’rsatgan vrach” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.
1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi, 2000 yilda – uning haqiqiy a’zosi, akademigi etib saylandi. 1999 yilda u Polsha Meditsina Akademiyasi haqiqiy a’zosi etib saylangan. 2004 yilda Rossiya Federatsiyasi tibbiytexnik fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademigi) etib saylandi. Ilmiy ixtirolari uchun Albert Shveytser xalqaro oltin medali bilan taqdirlangan.
- Daminovning ilmiy dunyoqarashining kengligi va boy klinik tajribasi hozirgi kunda aholi sog‘lig‘ini saqlashda mamlakat tizimi uchun ahamiyatli. Bunga tasdiq tariqasida – T.Daminovning ilmiy grant dasturlarining rahbari, yuqumli kasalliklari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan seminar raisi, O‘zbekiston Tibbiyot jurnali bosh muharrir o’rinbosari, Markaziy Osiyo tibbiyot jurnali tahrir hay’atining a’zosi ekanligi asos bo‘lib hisoblanadi, shuningdek, u qator ilmiy-amaliy dasturlar koordinatori va eksperti, ilmiy simpoziumlarning va amaliy shifokorlar uchun maktablarning tashkilotchisi hisoblanadi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) eksperti bo‘lgan vaqtida T.Daminov respublikamizda poliomielitni tugatish yo‘nalishida o‘zining katta hissasini qo‘shgan.
Xayrixohlik, yuqori mas’uliyatlilik, yuksak aql-zakovat va professionalizm, shuningdek, tabiatan kamtarinlik bilan ziyolilikning mujassamligi – bu fazilatlarning barchasi T.Daminovni har doim boshqalardan ajratib turar edi.
Taniqli fan arbobi, mashxur olim, moxir pedagog, barchamizning aziz ustozimiz Turg‘unpo‘lat Obidovich Daminovning yorqin xotirasi barchamizning qalbimizda mangu saqlanib qoladi.
Oxiratingiz obod bo‘lsin muxtaram Ustoz!
https://qalampir.uz/n/55041
Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati