Toshkent tibbiyot akademiyasida O‘zbekiston “Adolat” SDP va Jamoat xavfsizligi Universiteti hamkorligida mamlakatmiz Konstitutsiyasiga zamon talablari, yurtimiz aholisining istak va xohishlaridan kelib chiqib, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali uni yanada takomillashtirishga qaratilgan demokratik islohotlarga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar – davr talabi!” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Adolat sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati hamda hududiy, mahalliy Kengashlar xodimlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari, faol va tashabbuskor talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanligi, Bosh qomusimiz yurtimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanishiga xizmat qilib, erkin va farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelayotganligi, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini mustahkamlash, faol fuqaroviy pozitsiyasini oshirish lozimligini, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha shu kunga qadar berilgan takliflarning moddalar kesimidagi munozarali tahlilari olib borilib, asosiy eʼtibor inson huquqlari, jumladan taʼlim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kafolatlari haqida taʼkidlandi.
Ayniqsa, mazkur konferensiyada ishtirok etgan talaba-yoshlar asosiy qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish katta masʼuliyatni va har bir fuqaroning ishtirokini talab qiladigan, mamlakatning istiqboldagi rivojiga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan jarayon ekanligi va shu bilan birga, o‘z takliflarini ham bildirishdi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Konstitutsiya mustaqil O‘zbekistonimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotining barcha sohalarida keng qamrovli islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir.