Qozon davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan qo‘shma ta’lim dasturining ayrim talabalarining murojaati munosabati bilan talabalar bilan bir qator uchrashuvlar, tushuntirish tadbirlari tashkil etildi.
2022-yil 14-noyabr kuni Qozon davlat tibbiyot universiteti ma’muriyati, Toshkent tibbiyot akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulligi ishtirokida qo‘shma ta’lim dasturining barcha talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda talabalarga oʻqishni vaqtincha toʻxtatish (akademik taʼtil) yoki qoʻshma dastur boʻyicha oʻqishni yakunlash yoʻli bilan ularning soʻrovlarini qondirishning mavjud boʻlgan yoʻllari, shuningdek, taʼlimni xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat universitetlariga koʻchirishning belgilangan tartibi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv so‘ngida ikki universitet maʼmuriyati talabalarning Qozon shahrida oʻqishlari va yashashlari davomida ularni qoʻllab-quvvatlash haqida ta‘kidlab o‘tdilar, talabalarga muvaffaqiyatli oʻqish va boʻlajak qishki sessiyani muvaffaqiyatli yakunlashlarini tiladilar.
Ma’lumot uchun: Qo‘shma dastur talabalari bilan bunday uchrashuvlar TMA ma’muriyati tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib turiladi.
Qozon davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan qo‘shma dastur talabalari eng zamonaviy yangi talabalar turar joyidan xona bilan ta’minlangan bo‘lib, ular nafaqat mashg‘ulotlarning o‘zi, o‘quv qo‘llanmalari va kutubxonadan, balki darsdan tashqari mashg‘ulotlar, ixtisoslashtirilgan tibbiy to‘garaklar, qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlarga, shifoxonada amaliyot o‘tash va sport to‘garaklarida qatnashish huquqqiga ham egalar.
Ushbu uchrashuv bilan bir qatorda TTA fakultet dekani va prorektori bilan talabalarning alohida uchrashuvlari ham o‘tkazilib, tushuntirish ishlari ham olib borildi.
Bundan tashqari, avvalroq O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulligi va Qozon davlat tibbiyot universiteti rahbariyati tomonidan talabalar bilan uchrashuvlar ham o‘tkazilgan edi.
Translate: Рус