Toshkent tibbiyot akademiyasining bo‘lajak shifokorlari – salomatlikni moddiy boylik va katta mablag‘ evaziga sotib olib bo‘lmasligini yaxshi biladilar. Ular inson sog‘lom yurgandagina baxtli yashashi mumkin deb hisoblaydilar.Har bir kishi kundalik hayot me’yorini saqlay bilishi kerak. O‘qiganda, uxlaganda, yurganda, chopganda, ovqatlanganda, dam olganda, kulganda, yo‘talganda ham shunday bir chegara, me’yor borki, shu me’yorning buzilishi, albatta, salomatlikka zarar yetkazadi. Shunga ko‘ra, ular salomatlikni mustahkamlash sirlarini chuqur bilish va salomatlikni asrashning yagona yo‘li – sog‘¬lom turmush tarzi ekanligini chuqur anglab yetishga harakat qiladilar. Ayniqsa, go‘zal turmush tarzini o‘zlarining kundalik hayot tartibi deb biladilar va uni belgilovchi bosh omil insonning o‘zi deb biladilar.
Sog‘lom turmush tarzi – bu insonning hayoti salomatligi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ko‘nikmalarga ega bo‘lish asosida hayot faoliyatini yo‘lga qo‘yilishidan iborat. Bu shunday yashash tarziki, unda odamlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi zararli omillar bo‘lmasligi kerak.
Sog‘lom turmush tarzining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:
Shaxsiy va jamoa gigiyenasi qoidalariga amal qilish;
- Jismoniy faollik;
- Kun tartibiga rioya qilish;
- Zararli odatlardan tiyilish;
- Sog‘lom ovqatlanish;
- Mehnat qilish va dam olish;
- Muomala madaniyati;
- Ruhiy xotirjamlik;
- Tibbiy madaniyatlilik;
- Jinsiy tarbiya va hokazo.
Biroq, har bir inson sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning juda oddiy uslubini bilib olishi lozim:
– Eng avvalo, zararli odatlardan qutulishga harakat qilish;
– Ovqatlanishda me’yoriylik, xilma-xillikka odat qilish va tana og‘irligi me’yorida bo‘lishiga erishish; Ortiqcha va rejimsiz, pala-partish ovqatlanishga chek qo‘yish, yeguliklar va ularning tarkibiy qismlari haqida tushuncha hosil qilib, ularga rioya etishga intilish ;
– Jismoniy faol bo‘lish, bo‘g‘imlarni harakatga keltiruvchi mashqlarni bajarish, ertalab turib sayr qilish, yurish;
– Har kuni erta uyquga yotib, erta turishni odatga aylantirish va ochiq havoda ko‘proq bo‘lishga rioya qilish;
– O‘zaro muomala va munosabatlarda izzat-hurmat, axloq, odob me’yorlarini to‘liq o‘rganish, ruhiy salomatlikni asrash;
– Ozodalikni odat qilish, tozalik masalalarida bilim va malakaga ega bo‘lish, shaxsiy gigiyena qoidalariga – qo‘l tozaligi, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi, soch gigiyenasi, teri gigiyenasi qoidalariga rioya qilish sog‘lom hayot kechirishga odatlanish; shifokorlar huzurida bo‘lib, yilda kamida 1 marotaba profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tish, ortiqcha his-hayajonga berilmaslik, aql bilan ish tutib, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yib yashash va shunga yarasha mehnat qilish lozim.
Xulosa shuki, sog‘lom turmush tarzi — insonning kun tartibiga rioya etishi, faol harakat asosida organizmini chiniqtirishi, sport bilan shug‘ullanishi, to‘la va sifatli ovqatlanishi, gigiyenik qoidalarga amal kilishi, zararli odatlardan o‘zni tuta bilishi ekanligini har bir inson ongli ravishda bilishi zarurdir. Shuning uchun ham serg‘ayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli bo‘ladilar. Eng muhimi sog‘lom turmush tarzi uzoq umr ko‘rishning asosiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.