Davlatimiz rahbari 2023 yildagi eng ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi. Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi. Hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda. Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, “ovozi yo‘q”. Ya’ni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emas. Prezident shuning uchun yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi.