ZAMONAVIY MЕDITSINA VA XALQ TABOBATINI UYG‘UNLASHTIRISH ZARURATI…

ZAMONAVIY MЕDITSINA VA XALQ TABOBATINI UYG‘UNLASHTIRISH ZARURATI...

( O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash a’lochisi , Oliy toifali shifokor allergolog Qutbiddin Nizomov bilan suhbat)

-Alijon Zohidiy : “Sendan harakat, Haqdan barakot” deyiladi o‘zbek xalq maqollaridan birida. Ta’kidlab o‘tganimizdek , sihat –salomatlik-eng ulug‘ ne’matdir, unga erishish uchun inson hamma chora –tadbirlarni birvarakayiga qo‘llashi lozim. “ Dardni berguvchi ham, uni aritguvchi ham Haq Taolodir, uning iznisiz insonnning bir tola sochi ham yerga tushmaydi “ deyiladi hadisi shariflarning birida. Demak inson vujudi va ruhiyatidagi har qanday xastalik, dard Allohning izni bilan paydo bo‘ladi va biz zamonaviy meditsina , xalq tabobati vositasida davolanishimiz bilan birga dardni bergan zotdan uni aritishni ham astoydil so‘rashimiz lozim. Ammo, insonning o‘zi zarur chora –tadbir ko‘rmasdan hammasini Yaratganga tashlab , so‘rayverishi ham yaramaydi. Ammo, so‘raganda ham astoydil, ko‘zda yosh, dilda istig‘for bilan so‘rash kerak. Qabulimga bedavo dard, yoki bepushtlik bilan kelgan bemorlarga tegishli tekshirishlar o‘tkazib, muolajalar qilganimda , qo‘shimcha bir tavsiya sifatida “Istig‘for aytib Allohdan ham so‘rang!”,-deb qo‘yaman. “ So‘radik,-deyishadi,- ko‘pchiligi. Ammo, natija boyagidek…Ya’ni , ko‘rib turganingizdek…”Qancha so‘radingiz?” “Ha , endi uch yarim kundan beri…Har kuni bir yarim minutdan …”. Tan sihatlik va shifoni Allohdan har kuni, har soat, har lahza o‘tinib so‘rash kerak! Qutbiddin aka, nima uchun ayrim kasalvand odamlar duolari mustajob bo‘lmayotganidan shikoyat qiladilar?

-Qutbiddin hoji: Valiyulloh Hasan Basriyga bir kuni bittasi duosi mustajob bo‘lmayotganligidan shikoyat qilib qoladi. Shunda Hasan Basriy quyidagi qiyosni keltiradi :” Agar ehtiyojmand bo‘lib, bir ziqna va noqiris boyga ishing tushsa, betinim 40 kun so‘rasang, oxiyri har qancha qurumsoq bo‘lsa ham senga bir burda nonni chiqarib beradi. Vaholanki, Allohim ziqna boy emas. Undan sen to bergunicha astoydil , yig‘lab, oylab –yillab so‘ragin, albatta duoying bir kuni kelib mustajob bo‘ladi “,-deydi. Hazrati shayx Ibrohim Adham “ Bizning tavbalarimiz ham tavbaga muhtojdir”,-deganda aynan ana shunday chala tavba qiluvchilarni, va yarim istig‘for aytguvchilarni , shukronalikni astoydil qilmovchilarni nazarda tutgan bo‘lsa, ehtimol.

-Alijon Zohidiy : Men o‘n yetti yoshimda ota uyimdan ichida hujjatlarim solingan mu’jazgina diplomat bilan Allohga tavakkal qilgan holda chiqib ketganman. Parvardigorimning marhamati bilan oliy o‘quv yurtlariga kirdik, Armiya xizmati bois deyarli yarim dunyoni aylanib keldik, institutni imtiyozli bitirib, dissertatsiya himoya qildik, soliha inson bilan turmush qurish, zurriyodlar o‘stirish, mansab –martabalarga minish , jamiyatda hech bir kamchiliksiz umrguzaronlik qilish baxtiga musharraf bo‘ldik. Hayot yo‘limizda ko‘plab sinovlar ,to‘siqlar , saroblar ,xiyonatkorlar va hosidlar uchradi, shunday onlarda hamma vaqti Allohim :” Bandam, tushkunlikka tushmagin, men hamisha seni yoningdaman”,-deganday bo‘laverardi. Ota –onamning duolariga ko‘p musharrf bo‘lganman, nimaga erishgan bo‘lsam shularning mustajobligidandir .

-Qutbiddin hoji: Talabalik yillarim Respublika Onkologiya Markaziga o‘qishga kelganimiz yodimda. Ana shunda bo‘limlarda bemorlar juda kam, bo‘lim mudiri va derazadan qarab sigaret tutatayotgan, ikki –uch nafar shifokorlar esa do‘mboqqina hamshira qizlarga latifa aytib berayotgandi. Tunov kuni bir bolakayga konsultatsiya uchun chaqirishdilar, kirdim-u , hayron qoldim. Bemorlar tumonat, tib xodimlarining hujjat to‘ldirish va muolaja qilish uchun qo‘llari –qo‘llariga tegmaydi. Na faqat Onkologiya, balki qaysi davo muasassasiga kirmang, xastahollarning ko‘pligidan vahimaga tushasiz…

Men 1985 yili 2- ToshMI ga ishga kelganman, o‘sha yillari yangi ToshMI hududida bor –yo‘g‘i 4 ta dorixona bo‘lardi. Ularda ham odam siyrak, barmoq bilan sanasang bo‘ladigan darajada edi. Bir hafta muqaddam erinmasdan sanab chiqdim , ularning adadi 52 taga! yetibdi. Voajab, barchasi to‘la dori xaridorlari…Na faqat ToshMI hududi, bugungi kunda qaysi tuman yoki qishloq dorixonasiga kirmang, ur –yiqit, baayni mahshargoh deysiz! Sobiq Ittifoq davrida meditsinada ishlatilayotgan dorilarning nomi 4000 dan sal oshiqroq edi ( N.Mashkovskiy, “ Lekarstvennie sredstva, 1984), bugungi kunda 100 mingdan oshib ketdi ( G.Bertels , Farmakologicheskiye preparati, 2015 ).

Xo‘sh, kasalxonalar kengaygan, shifokorlar soni oshgan, dorixonalar to‘yxonalardan , dori vositalarining soni otarchilar va yallachilar soniga tenglashay deb qolgan , ammo nima uchun bugungi kunda xastahollar bunchalar ko‘p? Nima uchun salomatligimizni saqlash uchun qilayotgan muolajalarimiz, duolarimiz mutlaqo mustajob bo‘lmayapti?

Avvalombor oilada, jamiyatda kim ekanligimizga e’tibor beraylik! Atrofimizga qarab kimlarni ko‘rayapmiz, o‘zimizni har qanday hayotiy holatlarda qanday tutayapmiz? Gunohi kabira va sag‘iralarimizning qopi to‘lib-toshib ketmadimikan? Til ofatlari salomatligimizni, rizqimizni qiyib qo‘ymayaptimikan? Istig‘for va tavbalarimiz sidqidildanmi? Shukronaligimiz qay darajada? Zurriyodlarimizga, ahli –ayolimizga keltirib berayotgan rizqu-nasibalar halol yo‘l bilan topilayaptimi? Eng ulkan gunohlar-Allohga shirk keltirish, ota –onani norizo qilish, o‘zgalar haqidan qo‘rqmaslik kabi illatlar, bizdan, jamiyatimizdan qanchalar yiroq? Qolgan gunohi kabiralar-chi?Ichkilikbozlik, giyohvandlik, badnafslik , yolg‘onchilik kabi illatlar bilan tanazzulimizga sabab bo‘lmayapmizmi?

-Alijon Zohidiy: Umumjahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining 2007 yilda bergan ma’lumotlariga qaraganda bugungi kunda o‘limga olib keluvchi kasalliklar orasida birinchi o‘rinni yurak-qon tomir tizimi xastaliklari, ikkinchi o‘rinni o‘smalar va uchinchi o‘rinni jarohatlar tashkil qilar ekan. Ushbu nufuzli tashkilot yuksak minbarlardan turib butun dunyoda yurak-qon tomir tizimi a’zolarining xastaliklari, xavfli semirish, endokrin buzilishlar, allergik kasalliklar, sil kasalligi, yomon sifatli o‘smalar, ekologiyaga bog‘lik kasalliklar, tug‘ma taraqqiyot nuqsonlari, asab-ruhiy xastaliklar bilan og‘riyotganlar soni oshib borayotganligini nadomat bilan e’tirof etdi. Gerontoligik (keksalar) kasalliklar va nogironlar ham zamonaviy tibbiyotning eng og‘riqli nuqtalaridan ekanligi qayd etib o‘tildi. Bunday kasalliklarni davolash tobora og‘ir kechayotganligi, so‘nggi yillarda sil, stafilokokk,streptokokk, protey ko‘k-yashil yiring tayoqchasi, ichak tayoqchalari, zahm chaqiruvchilarining antibiotiklar ta’siriga tobora bardoshli bo‘lib borayotganligi ham kun tartibidan chetda qolmadi. Hatto, endokrinologiya, revmatologiya, nevropatologiya, psixiatriya kabi tibbiyotning ayrim jabhalari boshi berk ko‘chaga kirib qolganligi ro‘yi-rost tan olindi. Umumjahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti kabi olis idoralarga borib, nima qilamiz, hayotning o‘zi har qadamda buning haq ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Menga yaqinda bir bemor murojaat qildi. U bolaligida glomerulonefrit bilan og‘rigan , shifokorlar esa uni darhol prednizolon gormoniga bog‘lab qo‘yganlar.Bir necha yillab gormon qabul qilish bemorda semirib ketish, me’da –ichak yarasi va qandli diabet asoratlarini keltirib chiqargan.

Ana endi uni gormondan chiqarib olish va gormon asoratlarini bartaraf qilishning mutlaqo iloji yo‘q. Men Respublika bolalar Operativ nefrologiya markazida ishlab yurgan kezlarim bunday bemorlarni mutlaqo gormonga bog‘lab qo‘ymasdan balki uroseptiklar, immunoterapiya , vitaminoterapiyaga shirinmiya ildizini berish bilan davolab samarali natijalarga erishganman. Bu haqida o‘nlab ilmiy maqolalarim Respublika va xorij matbuotlarida chop etilgan. Boshqa davolash muasassalarida gormon berilgan bemorlarni ham agar muddati nisbatan qisqa bo‘lsa sho‘irinmiya ildizi damlamasi berish bilan chiqarib olganman. Bularning barchasi faqatgina zamonaviy meditsina bilan asrimiz odamini davolash mumkin emasligini ko‘rsatib turibdi.

-Qutbiddin hoji: Albatta bu voqeani tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazadigan bo‘lsak, zamonaviy tibbiyotdagi bunday bemorlarni davolash uchun qo‘llaniladigan preparatlarning 70% dan ortig‘i turli asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Antibiotiklarni esa katta dozada qo‘llash vujudda disbakterioz yuz berib, zamburug‘lar urchib ketishi oqibatida zamburug‘li prostatit va uretritga olib kelgan. Albatta, bu joyda inson omilini, ya’ni shifokorlarning mahorati va bilim darajasi ishtirokini e’tirof etmasdan bo‘lmaydi, ammo «Yomg‘irdan qochib qorga tutildi» qabilida bemor katta pul va vaqt sarflashi evaziga bir darddan forig‘ bo‘lishga ulgurmay turib bir necha kasallikka duchor bo‘lib o‘tiribdi.

-Alijon Zohidiy:Men bir fan doktorini bilaman, teri-tanosil kasalliklari mutaxassisligidan ilmiy izlanishlar qilib, pesning davosi ustida dissertatsiya himoya qilgan. Ammo, o‘zining bo‘yni va qo‘llarining bir necha joyida pesning dog‘i yaqqol ko‘rinib turibdi. Qani mantiq, o‘zini davolay olmagan bu shaxs qanday qilib boshqalarga tavsiya bera oladi, meni shunisi juda qiziqtiradi. AQSH aholisining har 1/3 nafari bugungi kunda ortiqcha vazndan azob chekmoqda. Men bu davlatda bo‘lganimda aholi orasida semiz va o‘ta semiz odamlarning ko‘pligidan astoydil hayratga tushgandim. Bolasini yetaklab ketayotgan Amerikalik oila boshlig‘iga qarab baayni o‘rmonda maymunjon terib yeyishga ketayotgan ayiqpolvonlar oilasi ko‘z o‘nggimga kelib ketgan, kulishni ham qayg‘urishni ham bilmay qolgandim. Mana shu davlatda bugungi kunda qandli diabetga uchraganlar aholining 5-12% qismini tashkil etgani holda yillar o‘tgani sayin tobora kupayib bormoqda. Yana tashqi ko‘rinishidan butunlay kamu-ko‘stsiz ko‘ringan bu davlat aholisining 10-14% qismida vaqti-vaqti bilan depressiya(ruhiy tushkunlik) xurujlari kuzatilib turar, suitsidal urinishlar (o‘z-o‘zini o‘ldirishga harakat) aholining 1,5-2,0% qismida qayd etilib turarkan. Demak, Amerikadek boy va ulkan, iqtisodi yuksak davlat zamonaviy meditsinasining ham aksariyat jabhalari boshi berk ko‘chaga kirib qolganligi o‘z-o‘zidan ayon.

-Qutbiddin hoji: Statistik ma’lumotlarga qaraganda qora qit’a (Afrika) aholisining 13% ga yaqin qismida OITS viruslari mavj urib yuribdi. (Afrikaning ayrim davlatlarida bu ko‘rsatkich 40-60% ni tashkil etmoqda). Bu ko‘rsatkich har yili 0,3-0,5% ga oshib bormoqda. Xo‘sh, zamonaviy meditsina uni bartaraf etish uchun bugungi kunda qanday qurolga ega? Bu ko‘chaning ham hozircha boshi berk…

-Alijon Zohidiy:Men 1988-1997 yillar mobaynida Operativ nefrologiya va sun’iy buyrak bo‘limida navbatchilik qildim. Biz o‘tkir va surunkali buyrak yetishmasligi bilan tushgan bemorlarga gemodializ, gemofiltratsiya, gemosorbsiya kabi qon tozalash muolajalarini o‘tkazardik. Men 1997 yilga kelibgina bu ishlarimiz qumdan imorat qurishga o‘xshagan befoyda mashg‘ulot ekanligiga ishonch hosil qildim va ishdan bo‘shab ketdim. Tez orada buni boshqalar ham fahmlab, bo‘lim yopilib ketdi. Chunki, qoni sun’iy tozalashga o‘tilgan surunkali buyrak yetishmasligiga mubtalo bo‘lgan bemorlarning hammasi o‘lib ketdi. Mana, yana bir boshi berk ko‘cha!

Umuman olganda respublikamizda meditsina sohasida qilinayotgan dissertatsiyalarning ko‘pligiga qaramasdan, bu sohada biror inqilob sodir bo‘lganligini ko‘rmayapmiz. Ularning aksariyati faqat daraja va unvon uchun qilinayotganligi, hech qanday amaliy qiymatga ega emasligi, himoyadan keyin esa chang bosib javonlarda yotishi xususida fikr kelib chiqadi. O‘zim bir necha bor bunday ilmiy ishlarga taqrizchi sifatida qatnashib, ularning aksariyatida biror ilmiy yangilik, ixtiro, kashfiyot yohud foydali model ham yo‘qligiga, faqat statistik ma’lumotlar yoki qiyoslashga asoslanganligiga e’tibor berganman. Bularni sinchiklab o‘rganib ayrimlariga salbiy taqriz ham berganman.

Chaqaloq onaning issiq va qulay rahmida 9 oy yotib,shakllanadi. Tug‘ilganidan keyin u yashash uchun ncha noqulay sharoitga qo‘qqisdan tushib qolgandek his qiladi, o‘zini. Ob-havoning o‘zgarishi, qorin ochiqishi, ro‘yi- zamindagi shovqin-suron, begona basharalar… bularning barchasi mitti vujud va ongni asabiylashishiga, bezovtalanishiga, yig‘lashiga olib keladi. Ota onalar esa yig‘loqiroq va bezovtalanishga moyil bolakayni olib nevropatologga yugurishadi. Nevropatologlar esa ularning aksariyatiga «Bosh miyada bosim (cherepnoy davleniye) tashhisini qo‘yib, peshob haydovchi, tinchlantiruvchi, uyqu chaqiruvchi, og‘riq bosuvchi va yana ming xil dorilarni yozib beradilar. Mazkur dorilarni sistematik tarzda olgan bolakaylar esa oradan bir qancha muddat o‘tib, haqiqiy bemorga aylanadilar. Chunki, peshob haydovchi preparatlarning deyarli 80% qismi me’da osti bezi, buyraklar, jigar faoliyatini izdan chiqarishi, tinchlantiruvchi vositalar esa miyadagi me’yoriy qo‘zg‘aluvchanlik va tormozlanish jarayonlarini buzishi, og‘riq qoldiruvchi preparatlar qon me’yori va ichki muhit barqarorligiga putur yetkazibgina qolmasdan, balki me’da- ichak tizimida eroziyalar paydo qilishi kabi asoratlarni yuzaga chiqaradi. Bunday bemorlarning ko‘pi nevropatolog tavsiyasini olib battar bo‘lgandan keyin menga murojaat qilganlar. Men esa ularda bezovtalanish sababi yo qorin dam bo‘lishidan, yoki chaqaloq o‘g‘il bola bo‘lsa kertmak ichida tuz yig‘ilib qolishidan ekanligini tashhislaganman va hech qanday dori -darmonsiz, oddiy massaj ,yoki xatna qilib tuzalib ketganligiga ming bora guvoh bo‘lganman. Men 1993-1994 yillar mobaynida mashhur bolalar neyroxirurgi, tibbiyot fanlari doktori professor Abdulhay Sodiqovich Mirsodiqov (Alloh u zotni rahmat daryosiga cho‘miltirgan bo‘lsin) bilan birga ishlaganman, bosh miyasida bosim bo‘lib, (gidrotsefaliya) kallasi kattalashib ketgan bolalarni birgalikda operatsiya qilganman. Shu o‘rinda bolalar nevropatologlariga degim keladi; Bosh miya bosimi siz o‘ylaganchalik ko‘p uchraydigan kasallik emas, ayniqsa chaqaloqlar va yosh bolalar orasida. Ularda haqiqatan ham bosim bo‘lsa kalla suyagi kattalashib, ichida istisqo yig‘ilib qoladi.

-Qutbiddin hoji: 1996 yili ilk bora Gerbalayf firmasi respublikamizga kirib kelgan. O‘sha paytlari zamonaviy meditsinadan unchalik qoniqmay yurgan aksariyat bemorlar uning domiga tushib ancha mablag‘i va vaqtidan ajratdilar. Bugungi kunda Respublikamizda 100 yildan ortiq yashashni, butunlay sog‘lom bo‘lishni, jinsiy quvvatni 90 yoshgacha saqlab berishni kafolatlaydigan Tyan-shi, Vijn, Stana ,Gano kabi bir qancha xorij firma vakillari izg‘ib yuribdilar. Zamonaviy tekshirishlar esa o‘z yurtimizdagi dorivor giyohlar,meva sabzavotlarning dorivorlilik xususiyatlari xorijnikidan bir necha karra kuchli va samarali ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun biz xorijdan o‘ta qimmat narxda natijasi shubxali dori –darmonlar va giyohlarni xarid qilmasdan balki O‘zbekistonda xalq tabobati Akademiyasining tamal toshini qo‘yib ketgan marhum Muhammadjon Hamroyevning ( Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) savobli ishlarini davom ettirib, millat salomatligi yo‘lida xolisona xizmat qilishimiz lozim.

-Alijon Zohidiy:Xorijiy firma vakillari har hafta o‘tmay mening ham ishxonamga kirib, «Agar ular bilan hamkorlik qilib dori-darmonlarini bemorlarimizga sotishda yordam bersam 15% gacha dollar hisobida pul ishlashim, ildamroq harakat qilsam mashinali va hakazoli bo‘lib qolishim imkoniyatlarini tushuntirishdan erinmaydilar.

Aholini ogohlantirib aytaman; Inson umrining uzunligi va tan sihatligi 40-50% gacha hollarda irsiyatga, 20-30 % gacha atrof muhitga, 15-20% gacha zararli yoki foydali odatlari bor-yo‘qligi hamda turmush tarziga va bor-yo‘g‘i 8-10% gacha qismi tibbiyotga bog‘liq ekan! Sizga 150 yil umrni baxshida qilib bera oladigan dori-darmon tabiatda yo‘q va hali ishlab chiqilmagan, qiyomatgacha ham ishlab chiqilmasa kerak! Jinsiy quvvatingizni 100 yoshgacha kafolatlaydigan, mangu yoshlik ato qiladigan dorilar esa afsonadan bo‘lak narsa emas. Agar shunday mu’jizakor unsurlar mavjud bo‘lganda edi yer yuzi hududini 1/6 qismiga shoh bo‘lgan L.I.Brejnev, Yu.Andropovlar qarib-chirib o‘lmagan, meditsinasi eng rivojlangan Fransiya kabi davlatning prezidenti J. Mitteran rakdan qazo qilmagan bo‘lardi. Bugungi kunda Tyan-shi tibbiy korporatsiyasini shakllantirib, dunyoning ko‘pgina davlatlaridagi sodda odamlarga umr uzaytiradigan, organizmni tozalaydigan, zaharli moddalar va chiqitlarni vujuddan chiqarib yuboradigan, mangu yoshlik ato etishga va’da beradigan biologik faol qo‘shimchalarni pullayotgan xitoyliklarning prezidenti Mao Sze Dun umrining adog‘igacha surunkali qabziyatdan azob chekkanligini hamma ham bilavermasa kerak. «Agar birorta tabib yoki medik bir marta ichimni mustaqil, tozalovchi huqnalar va dori-darmonsiz keltirolsa, yarim Xitoyni hadya qilib yuboraman» degan ekan bir kuni boyaqish hammasidan charchab ketib. Bunday vositalar afsuski yo‘q, tibbiyotda mu’jiza qilib bo‘lmaydi. Bu qallobliklarning barchasi zamonaviy meditsinaning ayrim jabhalari boshi berk ko‘chaga kirib qolganligining asoratlaridan biridir! Ayrim misollar keltiraman;

Bugungi kunda oligofreniyani, shizofreniyani kim davolapti? Bu borada ko‘plab dissertatsiyalar himoya qilinib, mualliflar unvon va darajalarni qo‘lga kiritib o‘tiribdi. Ammo, natija qani? Demak psixiatriyaning dumi xurjunda…

Qandli diabetni, bronxial astmani, og‘ir allergik holatlarni, qon bosimini, jigar sirrozi va fibrozini, silning og‘ir, antibiotik ta’sir qilmaydigan shakllarini, irsiy kasalliklarni kim oxirigacha davolab qo‘yipti? Qani uzil-kesil natija? Bu borada qilinayotgan ishlarning barchasi muvaqqat tibbiy yordam xolos, aslo davo emas. Shoshilinch tibbiy yordam bilan davo natijasi tushunchalari orasida yer bilan osmoncha hudud bor!

Bugungi kunda yer yuzi farmakologiya sanoati tomonidan har yili 300 dan ortiq yangi antibiotiklar sintez qilinmoqda, ularning 100 dan ortig‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, dorixonalarda sotilishga ruxsat berilmoqda. Bugungi kundagi dori-armon reklamasining zo‘rligiga qoyil qolmaysizmi? «Boshing og‘risa ham rinza ich, tumov bo‘lsang ham rinza ich, yarming uzilib chiqsa ham, rinza ich, chunki u o‘zimizda ishlab chiqilgan!», «Tomoq og‘rig‘idan bir umr forig‘ qiladi-Goldreks», «Prostamol uno, og‘ir muammoning yengil yechimi» qabilida… Ammo, qani natija, o‘sha antibiotiklar, og‘riq bosuvchilar, prostatitga qarshi vositalar tonnalab ishlab chiqilayotganligiga qaramasdan bu kasalliklar tobora ko‘payib bormoqda. Mana shu reklamalardan keyin rinza ichgan ko‘plab bolakaylarning ichidan qon ketib xirurgiya markazimizga og‘ir ahvolda tushdilar. Ana reklamaning oqibati…

-Qutbiddin hoji: 1984 yili Umumjahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra yer yuzida har yili 3 mlnga yaqin odam sil kasalligidan o‘lgan va shuncha odam qayta kasallangan. 1994 yilda, ya’ni oradan 10 yil o‘tib bu ko‘rsatkich 12 mlnga yetgan. 2007 yilda esa bu ko‘rsatkich 30 mln ga yetdi. Sil qo‘zg‘atuvchilarining antibiotiklarga sezuvchanligi tobora pasayib borishi, odamlardagi immun tizimning pasayishi aholi orasida qandli diabetning, gormonal buzilishlarning ko‘payib borishi, ekologik buhronlar bu raqamlarning yaqin kelajakda yanada oshib ketishiga olib kelishini prognozlash uchun payg‘ambar bo‘lish shart emas. Ro‘yi zaminda allergik xastaliklar tobora ko‘payib bormoqda. O‘n yil muqaddam ular aholining 10% ga yaqin qismida uchragan bo‘lsa, olimlar yaqin chorak asrda aholining har 4 tadan bittasida bu balo topilishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Zamonaviy meditsina uni hanuzgacha jilovlay olgani yo‘q.

-Alijon Zohidiy:Bizning asosiy fojiamiz nimada? Aksariyat shifokor olimlarimiz xalq tabobatini pisand qilmaydi, tabiblarning ayrimlari zamonaviy meditsinani asoslarini ham bilmasdan turib uni hurmat qilmaydi, diniy davolash muolajalari bilan shug‘ullanuvchi dindorlarimiz esa o‘zini salkam payg‘ambar deb biladi . Shuni oqibatida aslida bir –biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan davolashning uchchala tarkibiy qismi ham taraqqiy etmasdan qoladi. Men o‘z kasbimni juda hurmat qilaman, maqsadim unga til tekkizish emas, balki uning muammolaridan gap ochib, yechimiga oid xolisona fikrlar bildirishdir. Maqola muxtasarida maqsad va vazifalarga yaqinlashdik, shekilli! Xo‘sh, zamonaviy meditsinaning boshi berk ko‘chaga kirib qolgan jihatlarini qanday to‘g‘ri yo‘lga solib va ildamlatish mumkin?

Birinchidan, zamonaviy meditsina bilan xalq tabobatini, ilohiy tabobatni , tibbi Nabaviyyani maksimal yaqinlashtirish, buyuk ajdodlarimizning bu jabxadagi ilmiy meroslarini chuqurroq o‘rganish kerak. Ikkinchidan, tibbiyot institutlari, akademiyasi va bilim yurtlarida xalq tabobati soatlaridan amaliy mashg‘ulotlar va ma’ruzalar soatini ko‘paytirish zarur.

Uchinchidan, insondagi ayrim kasalliklarning asl omili-sehr, jodu, issiq-sovuq kabi omillarga bog‘liq ekanligini e’tirof etgan holda diniy tabobatni ham zamonaviy meditsinaga uyg‘unlashtirish lozim. Bu borada zamonaviy tib olimlari, xalq tabobatining ko‘zga ko‘ringan bilimdonlari va islom dinining allomalari yaqin hamkorlikda bo‘lishi lozim.Zero, bu fikr Al jomi’ as sahihning 4 –jildi-Tib kitobiga , hamda marhum shayximiz va faxrimiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Hadis va hayot» turkumidan chop etilgan «Tib va dam» kitobidagi fikrlarga hamohangdir.

 

ASRIMIZ BALOSI- ALLЕRGIYANI DAVOLASHDA XALQ TABOBATI VA ILOHIY TABOBATNING AHAMIYATI

Allergiya – yunoncha «allos» begona va «ergo» – ta’sir so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, u vujudning begona, yot moddalarga o‘zgacha ta’sir qilish qobiliyatini anglatadi. Bunda kishi organizmiga tushgan, sog‘lom inson uchun zararsiz hisoblangan modda (masalan, uy changi), og‘ir kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Abu Ali Ibn Sino :” Agar havoda chang va tutun bo‘lmaganidan inson ming yil yashagan bo‘lardi”, deb bejiz aytmagan.

Bu tushunchani birinchi bo‘lib 1906 yili avstraliyalik bolalar shifokori Klemans fon Pirke boladagi zardob kasalligini izohlash uchun kiritgan. P.F.Zdrodovskiy va uning shogirdlari infeksion allergologiyaga ko‘pgina yangiliklar kiritishgan bo‘lsa, G.P.Saxarov va uning shogirdlari anafilaksiya bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazganlar. Shuningdek, akademik A.D.Ado, professorlar V.I.Pitskiy, A.S.Polner, I.S.Gushinlarning allergologiya faniga qo‘shgan hissalari beqiyosdir. Professorlardan L.A.Goryachkina, V.S.Moshkevich, O.A.Nazarov, M.M Haqberdiyevlar allergologiyaning rivojiga munosib hissa ko‘shganlar.

Allergiya deganda vujudining tashqi muhitdagi turli begona moddalarga nisbatan orttirilgan maxsus javobi tushuniladi. Bunda allergik xususiyatiga ega bo‘lgan omillarga o‘ta sezgirlik nazarda tutiladi. Zardob kasalligida esa immun birikmalarning paydo bo‘lishi qondagi antigenlarni zararsiz holatga keltiradi va uni tanadan chiqarib yuborishga imkon beradi.

Allergik kasalliklar – bu alohida guruhga kiruvchi kasalliklar hisoblanib, ularning asosida tashqi allergenlarga nisbatan immun reaksiyalar keltirib chiqaradigan to‘qima buzilishlar yotadi.Autoallergik kasalliklar – bu bir guruh kasalliklar bo‘lib, ularning asosida vujudning o‘zgargan o‘z oqsillarining to‘qimalarga nisbatan javobi yotadi. Tanada begona antigenga nisbatan qanday javob paydo bo‘lishi tushgan antigenning turiga, miqdoriga va immun tizimining xususiyatiga bog‘liq.

«Idiosinkraziya» – bu odam organizmining ba’zi ovqatlar va dori moddalarga nisbatan irsiy ortiqcha sezuvchanlik holati, «paraallergiya» esa organizmning antigen tabiatiga ega bo‘lmagan allergenga javob reaksiyasidir.

Zamonaviy immunologiya yutuqlari tufayli allergologiya ham kabi ilgari siljidi. Immunopatologiya – allergologiyaga nisbatan kengroq tushuncha. Immunopatologiya to‘qimalar zararlanishiga va a’zolarning ishlash qobiliyatini buzilishiga olib keluvchi reaksiyalarning immun mexanizmini o‘rganadi. Aksariyat hollarda kasalliklar immunitetdagi (tug‘ma yoki orttirilgan) nuqsonga bog‘liq. Allergiya deyilganda inson vujudi tashqi ta’sirlarga javob reaksiyalarining bir turi tushuniladi. Shuning uchun bir qator olimlarning fikricha, allergik kasalliklar bilan zamonaviy texnika taraqqiy etgan, iqtisodiy jihatdan to‘q mamlakatlarda yashaydigan kishilar ko‘proq kasallanadilar.

Allergik reaksiyalarning qator tasniflari mavjud. A.D.Ado 1970 yilda reaksiyalarni ikki tipga ajratishni taklif etdi. Bular:

I. Tez sodir bo‘ladigan allergik reaksiyalar. Ular odatda allergen vujudga tushganidan 20-40 daqiqa o‘tgach paydo bo‘ladi va bemor uchun o‘ta xavfli bo‘lib, yurak va nafas yetishmasligi oqibatida juda tez o‘limga ham olib kelishi mumkin.

II. Asta-sekin (sust) rivojlanadigan allergik reaksiyalar. Ular 24-48 soatdan keyin rivojlanadi va oq qon hujayralari bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday reaksiyalar bemorga unchalik xatarli bo‘lmasa-da, ta’sir etuvchi omil o‘rganilib, aniqlanib , bartaraf etilmasa, xastalik surunkali tus olishi va bemorga adadsiz azob –uqubatlar berishi mumkin.

Bugungi kun olimlari allergiya kelib chiqishida ichki va tashqi omillarning ahamiyati kattaligini ta’kidlamoqdalar. Ichki omillarga immun tizim, gormonal tizimdagi o‘zgarishlar, qon infeksiyalari, gijjalar kirsa tashqi omillarga yuqumli kasalliklar va surunkali infeksiyalarning o‘chog‘i, ta’sirlantiruvchi (qitiqlovchi, qo‘zg‘atuvchi) moddalar, kimyoviy reagentlar, (tamaki tutuni, kuyindi), ob havoning noqulay omillari, ayniqsa ob-havoning keskin o‘zgarishi (siklonlar, antitsiklonlar) kiradi.

I. Ekzoallergenlar — insonni o‘rab turgan muhitda yashaydi va o‘z navbatida ular ham qator kichik guruhlarni tashkil qiladi:

1. Oziq-ovqat allergenlari sitrus mevalar, shokolad, kofe, asal, mevalar, yong‘oqlar, tuxum, baliqlar, sut, tovuq go‘shti; olma, sabzi, kartoshka, un va boshqalar.

2. Uy-ro‘zg‘ordagi allergenlar. Uning eng asosiy allergenni mayda uy kanachalari hisoblanadi. O‘rta Osiyoda uy changi faunasida 28 dan ortiq kana turlari aniqlangan. Allergiya bilan kasallangan bemor bor xonadonlardagi uy changida sog‘lom odam yashaydigan xonadonga nisbatan kanalar 3 marta ko‘proq uchraydi. Kanalarning ko‘payishi uchun qulay omillardan biri bu o‘rin-ko‘rpada namlikning ortishidir. Uy changi hayvon, o‘simlik va mikroblardan kelib chiqqan moddalarni o‘z ichiga oladi. Bular: jun, shoyi, zamburug‘lar. Uy-ro‘zg‘or allergenlariga kutubxona changi, yostiqlarga solingan parranda patlari ham kiradi.

3. Bakterial allergenlar (ko‘proq shartli patogen mikroblar — streptokokklar va boshqalar). Sezuvchanlik odatda tishlarda, bodomcha bezlarda, ichaklarda, jigarda, bronx-o‘pka yo‘llarida surunkali infeksiya o‘chog‘i bo‘lgan hollarda rivojlanadi.

5. Zamburug‘li allergenlar (mog‘or zamburug‘larining va achitqi zamburug‘larining sporalari).

6. Virusli allergenlar .

7. Dori modda allergenlari (antibiotiklar, vitaminlarning V guruhi, sulfanilamidlar va boshqalar).

8. Gijjali allergenlar (gijjalar va ularning zaharlari).

9. Sanoat va kasbga oid allergenlar. Ularga og‘ir metallarning tuzlari (nikel, xrom, molibden, platina), epoksid qatron bo‘yoqlar, dubil moddalar, kir yuvish kukunlari kiradi.

10. O‘simlik guli changlari allergenlari (xas-xashaklar, boshoqli g‘alla o‘simliklari va ayrim butasimon o‘simliklar guli changlari).

Respublika va viloyat davolash muassasalariga murojaat qilgan bemorlar orasida shahar aholisi qishloq aholisiga nisbatan 10 marta ko‘p.

O‘lat, vabo va sil kasalliklaridan farqli o‘laroq allergik kasalliklar kengroq tarqalgan. Boy mamlakatlarda bu kasallik bilan kasallanganlar ko‘rsatkichi yuqoriroq. Xatto, allergik bemorlar soni orqali shu mamlakatning qanchalik rivojlanganlik, sanoatlashish va sivilizatsiya darajalarini aniqlash mumkin, degan fikr mavjud.

Allergik kasalliklarning dunyo bo‘yicha tarqalishida tashqi xavfli omillar ham imkon yaratadi. Ularga quyidagilarni kiritish mumkin: chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish; og‘ir iqlim sharoitida bo‘lish; uy sharoitida hamda, ishlab chiqarishda zaharli moddalar bilan yaqin munosabatda bo‘lish (ularning organizmga tushishi sezuvchanlikning ortishiga va to‘qimalarni buzilishiga olib keladi); asab –ruhiy hayajonlar; vaqtinchalik immunitet yetishmaslik; ovqatda S, A, RR guruh vitaminlarning yetarli miqdorda bo‘lmasligi; dori moddalarni ko‘p iste’mol qilish ; aholi yashaydigan hududlar havosining ifloslanishi (havodagi qurum aerozollari, oltingugurt angidridlari, uglerod oksidlari, changlar) va boshqalar.

Shifokor va tibbiy xodimlar orasida dori moddalardan allergiya natijasida nogiron bo‘lib qolish hollari ham ancha yuqori bo‘lib chiqdi. Qator allergik kasalliklardan o‘lim hollari ham o‘sib bormoqda. G‘arbiy Yevropaning ayrim davlatlarida bronxial astmadan o‘lim ko‘rsatkichi 100000 aholiga 30,3 dan 54,1 gacha to‘g‘ri keladi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa 100000 kishiga 500 tagacha boradi. Ba’zi og‘ir holatlarda 50 foizgacha o‘lim holatlari kuzatilgan. Respublikamizda bronxial astmadan o‘lim holatlari har yili 5 foizni tashkil qiladi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida barcha o‘lim holatlarining 20 foizidan ko‘proq qismi dori moddalaridan bo‘lgan allergiya bilan bog‘liq. Ayrim allergik kasalliklar xalq xo‘jaligiga katta iqtisodiy zarar keltiradi.

Bronxial astma xastaligiga keladigan bo‘lsak , ko‘pincha bu kasallik o‘z vaqtida davolanmagan atopik xastaliklar –allergik rinit, pollinoz, atopik dermatitlar, shuningdek surunkali bronxit, va yuqori nafas yo‘llarining surunkali nospetsifik xastaliklarini o‘z vaqtida davolanmasliklari oqibatida yuzaga chiqmoqda va ko‘payib bormoqda. Zamonaviy meditsina allergik xastaliklarni ikki xil usulda -Patogenetik va maxsus davolash usullari bilan davolaydi ,ammo hamma vaqti ham ular kutilgan samara beravermaydi. Shu boisdan ulug‘ bobokalonlarimiz Abulqosim az Zahraviy , Abu Ali ibn Sino, abu Bakr ar Roziy, hakim Davoiy al Giloniy, hakim Yusufiylardan qolgan xalq tabobati usullaridan ham zamonaviy meditsinaga uyg‘unlashtirib davolash zaruriyati o‘z o‘zidan kelib chiqadi. Masalan, ibn Sinoning “ Tib qonunlari”da ziqnafas( bronxial astma) ni davolashda hammom ( sauna), balg‘am ko‘chirishda shirinmiya va gulxayri ildizi keng tavsiya qilingan bo‘lsa, ar Roziy o‘zining “ Kasalliklar tarixi” kitobida nafas siqqan paytlarida qon oldirish, zuluk soldirish, kamforadan foydalanish, oyoqlarni issiq vannalarga solishni buyuradi. Hatto buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy “ Sodda kasalliklar davosi” nomli risolasida ziqnafasni bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan tavsiyalarni beradi. Tibbi Nabavviyyada , shuningdek bir qator diniy kitoblarda ( Qur’on shifo,Muqaddas oylar va muborak duolar, Hidoyat mash’ali) bir qator duolar va suralar keltiriladiki, shubhasiz ularni zamonaviy meditsina va xalq tabobati bilan uyg‘unlashtirib qo‘llash kutilgan samaralarni beradi.

Allergik kasalliklarini davolashning samarali usullaridan biri — bemorni sog‘ligini tiklash uchun shifoxonadan sanatoriyaga o‘tkazish hisoblanadi. Shu maqsadda sanatoriyalarda maxsus bo‘limlar ochilgan. Bunda bemorlarga Kislovodsk, Yalta, «Oqtosh», «Zomin» kabi kurort zonalarini tavsiya qilish mumkin. Sauna davolashning fizioterapevtik usuliga kiradi. Bronxial astmali bemorlarga sauna 1 haftada 1 marta belgilanadi, boshida 3 marta 5 daqiqadan, keyin 3 marta 10 daqiqadan 1000S va 20 foiz namlik bilan o‘tkaziladi.

Sport bilan shug‘ullanish 3 xil ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

1. Jismonan yaxshilanish. Bunda nafas ko‘rsatkichlari, yurakning qonni haydash funksiyasi, muskullar kuchi va ortiqcha jismoniy ishlarga chidamlilik ortadi.

2. Psixologik samara. Bemorda o‘ziga ishonch va sog‘ayishga umid paydo bo‘ladi.

3. Ijtimoiy foyda. Bemor sportsmenlar bilan aloqada bo‘lganda, sport uning uchun hayotining bir bo‘lagi ekanligini tushunib yetadi. Masalan, 1980 yilda olimpiada o‘yinlarida bronxial astma bilan kasallangan ikkita bemor oltin medalni qo‘lga kiritgan (suzish va yugurish bo‘yicha).

Nafas yo‘llari allergik kasalliklarini oldini olish usullariga kasallik oldi davrida ishlab chiqarishdagi zararli omillarga qarshi kurashish, profilaktik ko‘riklar o‘tkazish, kasallik xurujini oldini olish va davolashlar kiradi. Allergik kasalliklarni oldini olish chora-tadbirlari har tomonlama bo‘lishi kerak, ular birlamchi va ikkilamchi tadbirlarga bo‘linadi. Birlamchi chora-tadbirlarga, asosan atrof-muhitni yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy umum- davlat chora-tadbirlarini ishlab-chiqarish, yashash sharoiti va mehnat sharoitini qulaylashtirish, ishlab chiqarishdagi kasbga oid zararli omillarga qarshi kurashish kiradi. Bunga yana tibbiy (dispanser ko‘rigi) va alohida xususiy tadbirlar (chekishni tashlash) ham kiradi. Ikkilamchi chora-tadbirlarga bular bemorlarni shifoxonalarda, poliklinikalarda, tibbiy sanitar qismlarida, sanatoriyalarda davolash va sog‘lig‘ini tiklash, allergologik kuzatish usullarini tashkil qilish kiradi.

Xulosa qilib aytganda asrimiz odamini allergik xastaliklardan davolashda faqatgina zamonaviy meditsinaga tayanmasdan balki xalq tabobati va ilohiy tabobatni uyg‘unlashtirib qo‘llash lozim.

Qutbiddin Nizomov, oliy toifali allergolog, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash a’lochisi, Toshkent Tibbiyot akademiyasi Allergologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan