Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentyabrdagi “Tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2023/2024 oʻquv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlaydigan boʻlgʻusi mutaxassislar uchun bitiruvchilar forumi tashkil etildi. Bu orqali yoshlarning ixtisosligiga mos ish bilan taʼminlanishiga koʻmaklashish maqsad qilingan.
Mazkur forumda ish beruvchi sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy tibbiyot muassasalari, idoraviy va xususiy tibbiyot muassasalari vakillari ishtirok etib, Toshkent tibbiyot akademiyasi bitiruvchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qildi hamda ish joylari haqida kelishib oldi.
Mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga erishish va aholining turmush darajasini yuksaltirish koʻp jihatdan ishchi kuchi bandligini taʼminlash va undan samarali foydalanish bilan bevosita bogʻliq. Yurtimizda yoshlarni ijtimoiy himoyalash, har tamonlama barkamol etib tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlagan holda turmush darajasini yuksaltirish va salohiyatidan yurt ravnaqi yoʻlida unumli foydalanishga katta eʼtibor berilmoqda.
Maʼlumot uchun aytish joiz, joriy oʻquv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasini 1258 nafar yigit-qiz tamomlaydi. Ularning 1009 nafari bakalavr, 249 nafari magistrlardir. Viloyatlar boʻyicha tahlil qilinganda bitiruvchilarning asosiy qismi Toshkent viloyati (118 nafar), Qashqadaryo viloyati (145 nafar) hamda Toshkent shahri (549 nafar)ga toʻgʻri keladi.
Bu oʻquv yilida xalq tabobati yoʻnalishini tugallaydigan 34 nafar bitiruvchi keyingi yillardan ilk bor davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida xalq tabobati shifokori sifatida faoliyat yuritadi.