“El-yurt umidi” jamg‘armasi nomzodlardan navbatdagi tanlovda faol ishtirok etishlarini so‘rab qoladi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yana-da oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6168-son Farmoni hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2023 yil 4 oktyabrdagi 9-son qaroriga asosan “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2023 yilgi navbatdagi 2-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi.
Mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yana-da rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, isteʼdodli professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari diqqatiga!
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish uchun 345 o‘ringa mo‘ljallangan 2023 yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qiladi!
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratilishda bugungi kunda mamlakatimizda ancha tanqis hisoblagan mutaxassisliklar bo‘yicha, jumladan arxitektura va dizayn, madaniyat va sanʼat, psixologiya, jurnalistika va ommaviy aloqalar (PR), turizm va madaniy merosni o‘rganish, geologiya, qishloq, o‘rmon va suv xo‘jaligi kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, atom va quyosh energetikasi, sog‘liqni saqlash, telemeditsina, virusologiya, farmatsevtika va biotexnologiya, elektroenergetika, neft-gaz, kimyo, metallurgiya sohasi va boshqa ustuvor mutaxassisliklarga alohida eʼtibor qaratildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2023 yilda ajratilgan jami 500 o‘rinli kvotadan vakant qolgan 345 o‘rinli 2-ochiq stipendiya tanlovida 2023-2024 o‘quv yili xorijda taʼlim olish uchun eng nufuzli xorijiy davlatlarda:
- bakalavriat taʼlim dasturi uchun 22 o‘rin,
- magistratura taʼlim dasturi uchun 193 o‘rin,
- doktorantura taʼlim dasturi uchun 130 o‘ringa stipendiyalar ajratishini maʼlum qiladi.
Agar Siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat iqtisodiyoti va ilm-faniga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni o‘z oldingizga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsangiz – bu imkoniyat aynan Siz uchun!
Stipendiya tanloviga nomzodlar hujjatlarini qabul qilish joriy yilning 10 oktyabridan 10 noyabriga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.
Nomzodlar hujjatlarni topshirish jarayonida bugungi kunda amalda bo‘lgan xorijiy taʼlim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi to‘g‘risidagi taklifnoma-xat (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance), nufuzli universitetlarda o‘qiyotgan nomzodlar xorijda taʼlim olayotganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni yuklashlari talab etiladi.
Nomzodlar tomonidan tizimga yuklanadigan xorijiy taʼlim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi to‘g‘risidagi taklifnoma-xat (Letter of acceptance yoki Letter of conditional acceptance) yoki maʼlumotnomalarda taʼlim olishni boshlash davri va taʼlim oladigan mutaxassislik nomi aniq ko‘rsatilishi lozim.
Nomzodlar tomonidan nufuzli universitetlardan o‘qish xarajatlari bo‘yicha grantlar (chegirmalar) mavjud bo‘lgan taqdirda mazkur maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklashlari shart.
Bakalavriat dasturida ishtirok etadigan nomzodlar maktabni, litsey va kollejni tugatganligini tasdiqlovchi attestat va diplomlar bilan ishtirok etishlari talab etiladi.
Mazkur tanlovdan boshlab “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali, xorijda taʼlim olishning boshqa xarajatlari meʼyorlari kabi, o‘qish xarajatlarining ham eng yuqori miqdori belgilanganligiga eʼtibor berishingizni so‘raymiz.Saralash tanlovi jarayonlarini o‘tkazish, jumladan nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan qo‘shimcha test sinovlari hamda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat o‘tkazish joriy yilning 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar davom etadi.
Tanlovga oid barcha maʼlumotlar “El-yurt umidi” jamg‘armasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil eʼlon qilib boriladi. Nomzodlar uchun barcha zarur maʼlumotlar Jamg‘armaning Onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan: http://admission.eyuf.uz. Qo‘shimcha savollarga javoblarni (71 203 14 41, 71 203 00 47, 71 203 00 48, 71 203 00 53) telefon raqami yoki Jamg‘armaning https://t.me/EYUF_Admission_2023bot rasmiy bot kanali orqali shuningdek, info@eyuf.uz elektron pochta manzili orqali olish mumkin.