2023-yil 7–9-noyabr kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan “QS Higher Education Summit Asia Pacific 2023” sammitida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda oliy ta’lim muassasalari mas’ullaridan iborat delegatsiya faol ishtirok etmoqda. Oliy ta’lim muassasalari uchun alohida pavilon ajratilgan bo‘lib, unda oliygohlarning ilmiy-pedagogik faoliyati haqida ma’lumotlar berilmoqda. Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro nufuzni oshirish, xalqaro reyting tashkilotlari ro‘yxatiga kirish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, mazkur sammit doirasida “QS Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi tomonidan “QS Dunyo universitetlari reytingi: Osiyo 2024” reytingini e’lon qilish kutilmoqda.