Toshkent tibbiyot akademiyasida “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasida el ardogʻidagi shoir-yozuvchilar, ziyolilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish anaʼanasi mavjud.
Bunday muloqotlarda kitobning, maʼrifatning kuchi, ilm bilan hamohangligi haqida soʻz boradi. Kuni kecha shunday tadbirlarning navbatdagisi oʻtkazildi.
Erta tongdan akademiya hovlisi oq libosli talabalar bilan gavjum boʻldi. Ular atoqli shoir va adiblarimizning purmaʼno maslahatlariyu qalbni larzaga soluvchi sheʼrlarini tinglash maqsadida yigʻildi. Dastavval mehmonlarni kutib olish jarayoni xalq laparlari, joʻshqin qoʻshiqlar va shoirlar qalamiga mansub sheʼrlar bilan yanada joziba kasb etdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasida 500 nafardan ortiq ijodkor talaba tahsil oladi. Shu maʼnoda ijodkorlar uchrashuvi haqiqiy maʼnoda maʼrifat nuri bilan porladi. Yoshlarning mehmonlarga bergan savollaridan maʼrifat ulashish insonni yetuklikka yetaklashini tushunish mumkin.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Otabek Joʻraboyev, Ziyovuddin Mansur va Nosirjon Joʻrayev ishtirokidagi davra suhbati qizgʻin boshlandi.
Shundan soʻng mehmonlar va akademiya rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalar birgalikda “Yashil makon” loyihasini rivojlantirishga kirishdi. Akademiya va Olmazor tumanidagi 22-maktab, 134-maktablar hududida turli manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari ekildi.
Dastur doirasida maktab oʻquvchilari tayyorlagan koʻrgazmali sahnalar namoyish qilindi. Oʻziga xos usulda adabiyot hamda tibbiyot sohasi vakillari maktab yoshlari bilan dildan suhbatlashdi. Ushbu tadbir maʼrifat va maʼnaviyat kechasi boʻlib qolmay, goʻzal tabiat, ekologiya musaffoligi yoʻlida barchani birlashtirdi, deyiladi akademiya axborot xizmati xabarida.