Toshkent tibbiyot akademiyasi Doktor Reporter Debat klubi ZUFAROV haftaligiga start berganidan habaringiz bor.
Atoqli shifokor olim akademik Komiljon Zufarov ilmi targ‘ib etilayotgan mazkur loyihada talabalardan tortib mashhur professor, o‘qituvchilar ishtirok etayotgani katta ahamiyatga ega. Mazkur maqolani Buxoro davlat tibbiyot instituti Gistologiya, sitologiya va embriologiya kafedrasidan oldik. Institut professori Raxmon Davronovga loyihamizda ishtirok etib, bo‘lajak shifokorlarga zabardast olim K. Zufarov to‘g‘risida shunday keng qamrovli ma’lumot ulashganlari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
TTA matbuot xizmati.
O‘zbekistonda morfologlar maktabiga asos solgan olim.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev o‘z faoliyati mobaynida sog‘liqni saqlash tizimiga katta e’tibor berib kelmoqda. Tibbiy kadrlar tayyorlashda zaminiy tibbiyotning o‘rni beqiyosdir.Zaminiy tibbiyotning rivojiga katta hissa qo‘shgan fidoiy olimlarimizdan biri –O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi, A.Beruniy nomli Davlat mukofoti sovrindori, tibbiyot fanlari doktori, professor Komiljon Axmadjonovich Zufarovdir. Ustozimizning ilmiy- pedagogik faoliyati beqiyos.
Mehnat Qizil bayroq ordenli Toshkent davlat tibbiyot institutining Gistologiya kafedrasi bilan uzviy bog‘liqdir, chunki u kishining sermahsul ilmiy- pedagogik faoliyati 1962 yildan boshlab hayotining oxirgi damlarigacha aynan ana shu kafedrada o‘tgan.
Akademik K.A.Zufarov o‘z ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida tibbiyotning fundamental asoslari bo‘lgan gistologiya, biologiya, radiologiya, sitologiya, fiziologiya fanlarining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, ushbu fanlar zaminida O‘zbekistonda morfologlar maktabiga asos solgan va uni rivojlantirgan olim sifatida sobiq ittifoq tuzumi davrida ham keng tan olingan.
Komiljon Zufarov tomonidan yaratilgan morfologlar maktabi zaminiy tibbiyotning eng yuqori o‘rinlaridan birida turadi. Ushbu an’analar ustozning shogirdlari tomonidan sayqal berilmoqda va yanada rivojlantirilmoqda. Serqirra ustozimizning ilmiy rahbarligida zaminiy va amaliy tibbiyotning zabardast olimlari – shogirdlari ilmiy maktab saboqlarini yanada rivojlantirib, tibbiy – biologik fanlar rivojiga ma’lum darajada hissa qo‘shib kelmoqdalar. Ular jumlasiga tibbiyot fanining ilg‘or vakillari akademik J.H.Hamidov, professorlar N.X. Shomirzayev, P.I. Toshxo‘jayev, L.A. Elkind, V.M.Gontmaxer, B.A. Xidoyatov, Q.R.To‘xtayev,
A.Y. Yo‘ldoshev, Q.I.Rasulov, E.O.Tursunov va qator taniqli olimlar kiradilar.
Ustozimiz K.A.Zufarov hayot faoliyati davrida nafaqat ilm- fanda, qolaversa jamoatchilik faoliyatida ham eng ilg‘or insonlar sarasiga kirib ulgurganlar.Toshkent davlat tibbiyot institutining rektorligi, Toshkent davlat tibbiyot institutining yangi binolari va klinikalari (“yangi ToshMI”) ning barpo etilishidagi tashkilotchilik ishlari, O‘zbek sovet ensiklopediyasining bosh muharrirligi, O‘lka patologiyasi Ilmiy -tadqiqot institutining barpo etilishi va uni rivojlantirishdagi faoliyati, qator yillar davomida Butun ittifoq morfologlar jamiyatining rais o‘rinbosarligi hamda Markaziy Osiyo respublikalari morfologlari koordinatsiya kengashining raisligi shular jumlasidandir.
Ustoz K.A.Zufarovning ilmiy rahbarligida 50 dan ortiq fan doktorlari – professorlar, 160 ga yaqin fan nomzodlarining tayyorlanganligi, 500 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan , 3 ta darslik, inson a’zolari va to‘qimalarining elektron mikroskopiyasi bo‘yicha dunyoda birinchi atlasning yaratilganligi tahsinlarga sazovordir. Ustoz olimdagi keng fikrlash qobiliyati, fundamental morfologiyada kechayotgan jarayonlarni bashorat qila olish qobiliyatining ustunligi, u kishini ilm vakillari orasida “akademiklar sardori”, “fikrlar generatori” degan taxalluslar olishlariga ham asos bo‘lgan edi.
Akademik K.A.Zufarov rahbarligidagi morfologlar maktabi tomonidan olingan ilmiy natijalar asosida hazm jarayonlarining mexanizmlari to‘g‘risidagi tasavvurlar o‘zgarib, hujayra ichi hazmining ayrim bosqichlari, uning vaqt me’yorlari aniqlandi. O‘tgan asrning 90- yillarida erta yoshdagi sut emizuvchilarda buyraklarning ma’lum darajada hazm jarayonlarida ishtirok etishi nafaqat tibbiyot, qolaversa biologiya fanida katta bir kashfiyot sifatida tan olinganligi ushbu maktab nufuzini yanada oshirdi.
Mana qariyib chorak asr o‘tibdiki, ustozimiz akademik K.A.Zufarov foniy dunyoni tark etganlar. U kishi tomonidan yaratilgan morfologlar maktabining nufuzi, yaratilgan darsliklar, ilmiy asarlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas hamda keng foydalanib kelinmoqda va shu bilan yetuk vrach kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.