Aziz shifokorlar, tibbiyotimiz fidoyilari!
Sizning kamtarona va fidoyi mehnatingiz xalqimizning e’tirofi va hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Hayot bilan o‘lim o‘rtasida turgan bemorini hayotga qaytarish uchun bor ilmi, salohiyati va tajribasini har kuni sinovdan o‘tkazib, insonlar hayotini asrab qolishdek yuksak va sharafli vazifani kichik jussangizda ko‘tarib yurgan mashaqqatlaringiz oldida ta’zimdamiz.
Bugungi kun shifokorini, agar ta’bir joiz bo‘lsa, zamon qahramoniga qiyoslash mumkin. Shaksiz, sizlar insonlar salomatligi uchun ko‘ksini qalqon qilgan chinakam botirlarsiz. O‘z qasamyodiga sodiq qolib, bemorini o‘lim iskanjasidan omon olib chiqish uchun kurashayotgan va bu sharafli yo‘lda umrini bag‘ishlagan shifokorlarimizning qahramonliklari hali tillarimiz va dillarmizda uzoq yashaydi.
Shifokorning o‘qib o‘rganishdan, izlanishdan, bilmaganini so‘rab kun sayin tajriba orttirishdan bir qadam bo‘lsa-da ortga chekinishga haqqi yo‘qligini pandemiya davrida yana bir bor angladik. Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilari tibbiyot xodimi uchun o‘qish 5 yoki 10 yil emas, aksincha butun umr davom etishini o‘zlarining yanada faol mehnatlari davomida isbotlay oldilar. Ustoz va shogirdlik an’analari mutlaq yangi bosqichga ko‘chgan zamonaviy o‘qitish muhiti va innovatsion amaliyot yo‘lidagi aniq harakatlar maqsadlaringizning qanchalik yuksak ekanligini ko‘rsatmoqda.
Hurmatli shifokorlar, tibbiyot ilmining munosib davomchilari, kasb bayramingiz muborak bo‘lsin. Dini, irqi, millatidan qat’i nazar barchaga barobar tuhfa etayotgan mehr va shafqatingiz, beminnat mehnatingiz doimo e’zoz topib, xonadoningiz fayz-barakaga to‘lsin, ko‘nglingiz xotirjamlikdan hech qachon ayro bo‘lmasin.