Toshkent tibbiyot akademiyasi va Olmazor tumani hokimligi hamkorlikda “Tibbiyot kasbiga yo‘naltirish” loyihasi doirasida Olmazor tumanidagi umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun Akademiyaga ekskursiya tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilarga tibbiyot sohasi haqida batafsil ma’lumot berish, ularning kasb tanlash jarayoniga ko‘maklashish hamda kelajakdagi faoliyat yo‘nalishini belgilashda ko‘mak berishdan iborat bo‘ldi. Ekskursiya davomida o‘quvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv va laboratoriya binolari, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan dars xonalari, klinik bazalar va ilmiy tadqiqot markazlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tibbiyot kasbining ahamiyati, qiziqarli jihatlari va bu sohada muvaffaqiyatga erishish yo‘llari haqida ma’ruzalar ham tashkil etildi. Shuningdek, o‘quvchilarga talabalik davrining o‘ziga xos jihatlari, tibbiyot sohasidagi ta’lim imkoniyatlari va kelgusidagi ish faoliyati haqida batafsil tushuntirish berildi.
Ekskursiya yakunida bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va tibbiyot kasbi bilan yanada chuqurroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu tashabbus bitiruvchilar orasida tibbiyotga qiziqishni yanada oshirib, yosh avlodni sog‘liqni saqlash sohasiga jalb qilishda muhim qadam bo‘ladi.