Toshkent tibbiyot akademiyasi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Akademiya xodimlariga rag‘batlantirish to‘lovlari bo‘yicha post yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60 va PQ-61-son qarorlariga muvofiq 2022-yildan Akademiyaga akademik va moliyaviy yo‘nalishlarda mustaqil qarorlar qabul qilish belgilab berilgan. Mehnat kodeksining 24-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimlarni halol samarali mehnati uchun rag‘batlantirish huquqiga ega. Shunga ko‘ra, Akademiyada barcha xodimlar qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda rag‘batlantirib kelinadi. Bundan tashqari, xodimlarni rag‘batlantirish masalasi Akademiyada kollegial tartibda amalga oshiriladi. Postda nazarda tutilgan bildirgi asosida tegishli xodimlar haqiqatda bajargan ishlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda rag‘batlantirilgan bo‘lib, postdagi ma’lumot asossizdir va mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Yuqoridagilarga ko‘ra, Akademiya blogerlarni post chiqarishdan avval, undagi ma’lumotlari sinchkovlik bilan o‘rganib, asossiz ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qoladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tamiz.
TTA matbuot kotibi