Sun’iy intellekt – zamonaviy tibbiyotning kelajagi: Bashkirg‘iston davlat universiteti dotsenti Galiya Zakriyanova Toshkent tibbiyot akademiyasida ma’ruza o‘qidi Toshkent tibbiyot akademiyasi Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi tashabbusi bilan davolash fakulteti talabalari uchun qiziqarli ma’ruzalar tashkil etilmoqda. Ana shunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlardan biri sifatida 2025-yil aprel 22.04.2025 sanada Bashkirg‘iston davlat universitetidan tashrif buyurgan dotsent Zakriyanova Galiya Temirgaziyevna ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Zakriyanova Galiya Temirgaziyevna tomonidan o‘qilgan “Sun’iy intellekt va uning tibbiyotdagi imkoniyatlari” mavzusidagi ma’ruza talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda sun’iy intellekt texnologiyalarining tibbiyot sohasida qo‘llanilishi, jumladan, tashxis qo‘yish, bemorlarni monitoring qilish, davolash algoritmlarini ishlab chiqish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ahamiyati batafsil yoritib berildi. Ma’ruzada, shuningdek, mashinaviy o‘rganish, neyron tarmoqlar, tibbiy axborot tizimlari, shaxsiylashtirilgan tibbiyot kabi zamonaviy tushunchalar haqida tushunarli va ilmiy asoslangan tarzda so‘z yuritildi. Talabalar sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlari, uning kelajakda vrachlar ishini qanday o‘zgartirishi mumkinligi haqida savollar berib, faol ishtirok etishdi. Uchrashuv yakunida dotsent Zakriyanova Galiya Temirgaziyevna ushbu sohada chuqur bilimga ega bo‘lishning muhimligi haqida to‘xtaldi hamda O‘zbekiston talabalari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalar olib borish istagini bildirdi. Mazkur ma’ruza nafaqat talabalarning bilim doirasini kengaytirdi, balki ularga tibbiyotning kelajak yo‘nalishlarini chuqurroq anglash imkonini ham yaratdi.