O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025- yil 23-apreldagi qaroriga asosan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimiga Shuhrat Abdujalilovich Boymuradov tayinlandi.
Mazkur tayinlov 2025-yil 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida soha vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda rasman e’lon qilindi. Sog‘liqni saqlash vaziri yig‘ilishda ishtirok etgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashib, tayinlov va Prezident qarorida ko‘zda tutilgan maqsadlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Yangi universitet tibbiy kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga ixtisoslashgan zamonaviy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitet uchta tibbiyot oliy ta’lim muassasasini birlashtirgan holda faoliyat yuritadi. Unda xalqaro talablarga javob beradigan ta’lim muhiti, zamonaviy moddiy-texnika bazasi, ilg‘or boshqaruv tizimi, transformatsiya ofisi hamda xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiruvchi milliy markaz tashkil etiladi.
Shuningdek, xalqaro mutaxassislar jalb etilishi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan yangilash, moddiy-texnika ta’minotini kuchaytirish va ta’lim sifatini baholash mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Universitet boshqaruv tizimi rahbarlari yangilandi.