2025-yil 16-may kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida 1-son oilaviy tibbiyotda ichki kasalliklar va preventiv tibbiyot asoslari kafedrasi professor-o‘qituvchilari boshchiligida 19-may – Butunjahon oilaviy shifokorlar kuni munosabati bilan “Sog‘liqni saqlashni birlamchi tizimida preventiv tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanning asosiy maqsadi – ichki kasalliklar va preventiv tibbiyot sohalarida innovatsion rivojlanishning istiqbolli yo‘llarini aniqlash, ilg‘or xorijiy tajriba bilan o‘zaro almashinuv orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Inson salomatligi – jamiyatning bebaho boyligi, shifokorlar esa uning fidoyi posbonlaridir.” Ushbu yondashuv anjuman mazmun-mohiyatining asosiy yo‘nalishini belgilab berdi.
Anjuman ishini kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurillayeva Nargiza Muxtarxonovna kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z ma’ruzasida klinik tavsiyalarning oilaviy shifokor amaliyotidagi o‘rni, xususan arterial gipertenziyani davolash bo‘yicha dalillar bazasini keng yoritdi.
Tadbirda Rossiyalik yetakchi mutaxassislar – Zolotovskaya I.A., Shatskaya P.R., Gubareva I.V., shuningdek, Avstraliyadan professor Markus Schlaich tomonidan yurak-qon tomir tizimi, miokard infarkti, koronar kalsiy xavfi va jigarning alkogolsiz yog‘li distrofiya kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, oilaviy shifokor amaliyotida profilaktik choralarni olib borish, aholi salomatligini yaxshilash, erta tashxislash, zamonaviy davolash usullari hamda sun’iy intellektdan tibbiyotda foydalanish masalalari keng muhokama qilindi. Kafedra pedagoglari va mustaqil izlanuvchilar tomonidan taqdim etilgan ilmiy-amaliy ishlanmalar anjumanning ilmiy qimmatini yanada oshirdi.
Tadbir yakunida qatnashchilar tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida preventiv yondashuvni kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.