“Tibbiy ta’limda xalqaro standartlarga mos kompetensiyalarga asoslangan dasturlar joriy etiladi” — Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymuradov
Toshkent davlat tibbiyot universitetida davlatimiz rahbarining 2025-yil 22-apreldagi “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida universitet rektori professor Shuhrat Boymuradov boshchiligida kafedra jamoalari ishtirok navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida universitetning bir qator kafedra jamoalari ishtirokida mazkur qaror asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar qat’iy belgilab olindi. Jumladan, kafedralar faoliyatini zamonaviy tibbiy ta’lim talablariga moslashtirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga integratsiyalash, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv jarayonlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda yuqori malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada samarali tashkil etish, klinik bazalar va kafedralar o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish hamda universitetni xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashiga xizmat qiluvchi strategik yo‘nalishlar belgilab olindi.
Professor Shuhrat Boymuradov har bir kafedra oldiga aniq maqsad va vazifalar qo‘yilganini ta’kidlab, ularning bajarilishi tibbiy ta’lim sifatini oshirishda muhim omil bo‘lishini alohida qayd etdi.
Mazkur uchrashuv Toshkent davlat tibbiyot universitetida tibbiy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiluvchi amaliy qadam bo‘lib, bu borada izchil islohotlar davom etmoqda.