Ayni kunlarda Toshkent davlat tibbiyot universitetida tibbiy ta’lim tizimini xalqaro andozalarga mos ravishda yangilash, ta’lim sifatini oshirish va amaliyotga yo‘naltirilgan kompetensiyalarga asoslangan dasturlarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 22-apreldagi “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida universitet rektori, professor Shuhrat Boymuradov boshchiligida kafedra jamoalari ishtirokida ayni damda navbatdagi yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Uchrashuv davomida tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar, ayniqsa, ta’limda sifatni tubdan oshirishga doir ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.
Professor Shuhrat Boymuradov ushbu uchrashuvda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini quyidagicha ta’kidladi: “Tibbiy ta’limda xalqaro standartlarga mos kompetensiyalarga asoslangan dasturlar joriy etiladi. Bu orqali biz nafaqat raqobatbardosh, balki amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, zamonaviy tibbiy xizmat talablariga javob beruvchi mutaxassislarni tayyorlashga erishamiz.”
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va kafedra rahbarlariga ta’lim dasturlarini yangilash, fanlararo integratsiyani kuchaytirish, shuningdek, xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganib, ularni milliy tizimga tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilib ijrosi nazoratga olinmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi bu borada boshlangan islohotlarni qat’iyat bilan davom ettirib, O‘zbekiston tibbiyot ta’limining sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishini ta’minlashga intilmoqda.