2024-yil 12-avgustdagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishining 72-son bayonining 5-bandida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent Tibbiyot akademiyasida o‘quv adabiyotlarini yaratish va nashr qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish yuzasidan ishchi tashrif tashkil etildi.
Tashrif doirasida Respublika ishchi guruhi rahbari S.Tajibayev boshchiligida akademiya rahbariyati va mas’ul xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda oliy ta’lim muassasasida o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik, mavjud ehtiyojlar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari Toshkent Tibbiyot akademiyasi Axborot-resurs markaziga tashrif buyurib, markaz direktori Kuzmina Galina Viktorovna hamrohligida kutubxona fondi, mavjud adabiyotlar, nashr ishlari va foydalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur o‘rganish ishlari akademiyada o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, fanlar bo‘yicha zarur adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasini aniqlash hamda yangi adabiyotlarni yaratish va nashr etish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.