Shifokorlikni san’at darajasiga ko‘targan olim

Shifokorlikni san’at darajasiga ko‘targan olim

Hayotni tezoqar daryoga qiyoslaydilar. Sirtdan qarasak, suv sathida sira o‘zgarish yo‘qdek. Biroq cho‘qqilardan toshib kelayotgan to‘lqinlar toshdan-toshga urilib katta ummon sari yo‘naladi. Irmoqlarning maqsadi shu katta dengizga chiqish… Hayot daryosi ham shunday nazarimda : Har tong quyosh chiqadi, kun botadi, umrimiz shu zaylda o‘taveradi. Kimlardir xuddi ko‘z yumib yashayotganga o‘xshaydilar, hayotda ma’no ko‘rmaydilar, ma’rifat, ilm nima ekanini bilmaydilar. Qalblari ma’rifat nuridan ilhomlangan odamlar esa atrofdagi barcha narsada ilmning mo‘jizasini ko‘radilar, o‘rganadilar va hayratlanadilar. O‘rganishning cheki yo‘q, hayrat dengizining sohili yo‘q. Sizu biz bu odamlar bilan ko‘rishamiz, suhbatlashamiz, ilmlaridan bahramand bo‘lamiz. Kun o‘tgan sayin bilim xazinamizni boyitib boramiz. Shu ma’noda davrimiz olimlaridan biri, shifokor t, f, d, professor Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovichning umrini tubsiz dengizga o‘xshatish mumkin.

Ma’lumki, bu dunyoning rivojlanishida insoniyatning taraqqiy etishida ustozning o‘rni beqiyos.

Yaqin kunlarda yurtimizga jahonning mashhur shifokorlaridan biri, yuksak tajriba va bilim sohibi sifatida e’tirof etilgan doktor, ustozim Ubaydullayev Muxammadxon (Mamatxon) Burxonovichning tashrifi kutilyapti. Bu xabar nafaqat ko‘plab shifokorlar qatori O‘zbekistondagi nufuzli tibbiyot oliygohlardan biri Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘psonli professor-o‘qituvchilari qatori men uchun quvonchli habar bo‘ldi.

Uzoq yillar mobaynida ustozim bilan ilmiy va amaliy jarayonlarda yelkama-yelka turib ishlagan, uning ilmiy salohiyati va tafakkuri mahsulidan chuqur saboq oldim.

Muxammadxon Burxonovich — xalqimiz orasida shifokorlik san’atini, ha aynan san’atini yuksak darajaga olib chiqayotgan va mazkur sohada zamonaviy yondashuv usullarini davom ettirib kelayotgan taniqli olimlardan biridir. Shu o‘rinda “Yuz jarrohligi va uranoplastika” yo‘nalishining tibbiyotda murakkab yo‘nalishlardan biri ekanligiga to‘xtalib ustozning yaqin shogirdi, do‘sti uning bu sohadagi benazir ilmini davom ettirayotgan shifokor sifatida Muxammadxon Burxonovichning o‘ziga xos davolash uslubini katta hayotga qadam qo‘yayotgan yosh olimlar uchun ibrat maktabiga qiyoslamoqchiman.

Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovich 1955 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. 1978 yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti Stomatologiya fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagach tibbiyotdagi ilk faoliyatni Andijon va Namangandagi shifoxonalarda o‘tadi. Tanlagan sohasiga bo‘lgan qiziqishi va o‘qib o‘rganishlari samara berib bugungi kunda dunyo miqyosida e’tirof etilgan mutaxassis darajasiga yetdi. Albatta bu ilmiy bosqich olim uchun oson kechgani yo‘q

Uning 1989 yilda Moskvada yozilib himoya qilingan “Uranoplastika natijalarini qiyosiy baholash” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi, keyinroq esa 2001 yilda himoyadan o‘tgan “Tug‘ma va orttirilgan nosomaksillyar kompleks nuqsonlarini davolash” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi uning ilmiy faoliyatidagi bir – birini to‘ldiradigan murakkab bosqichlardan hisoblanadi.

E’tirof etish joizki, Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovichning nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonda ilmi bilan tanilib soha vakillari orasida katta hurmat qozonishiga Yaman va Rossiya Federatsiyasining Bashqiriston respublikasidagi shifoxonalarida to‘plagan xalqaro tajriba sabab bo‘ldi. Olim o‘zining mas’uliyatli ishi asnosida tug‘ma kamchiliklar: ko‘pincha bolalarda uchraydigan lab yoriqlari kabi o‘nlab turdagi nuqsonlarni bartaraf etishda Uranoplastika jarrohlik amaliyoti samarali yordam berishini isbotladi.

Bunday nuqsonlar nafaqat tashqi ko‘rinishni buzishi, balki nutq rivojlanishi, ovqatlanish, nafas olish va eshitish qobiliyatiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘p yillik tajribamdan ko‘rib kelayotgan shifokor sifatida tan olishim joizki, uranoplastika nafaqat estetik jihatdan, balki inson hayotidagi muhim fiziologik funksiyalarni tiklash nuqtayi nazaridan ham juda muhim sohadir.

To‘g‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarini tuzatish maqsadida tibbiyotda turli usullar va texnologiyalar ishlab chiqilayotgan bugungi kunda har bir usulning o‘z afzalliklari va murakkab jihatlari mavjud. Shu jumladan malakali shifokor olim Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovichning ham .

Uning “Uranoplastika natijalarini qiyosiy baholash” mavzusi tibbiyot, ayniqsa, jarrohlik va reabilitatsiya sohalarida muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishni joiz deb bilaman.

Uning ilmi va davom etayotgan mahorat maktabi sohadagi yangi tadqiqotlar va turli usullar samaradorligini, asoratlar rivojlanish ehtimolini, funksiyalarni tiklash darajasi va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkoniyatlarini aniqlashda o‘ziga xos xizmat qiladi.

Men ustozim faoliyati misolida bola tug‘ilgandan so‘ng birinchi marta amalga oshiriladigan o‘ta nozik jarayon uranoplastika va qayta uranoplastika ijobiy yoki aksi samara bermagan, nuqson to‘liq bartaraf etilmagan hollarda bajarilgan muolajalariga guvoh bo‘lganman.

Har gal uning bemorlari psixo-emotsional holatiga ustalik bilan baho berishini ko‘rganimda ayniqsa, bosqichli va ko‘p bosqichli operatsiyalardan keyingi qon yo‘qotish darajasi va tiklanish muddatini olimlarga xos zukkolik bilan qiyosiy tahlil qilganiga guvoh bo‘lganimda tanalagan kasbimga mehrim, hurmatim va mas’uliyatim oshib boravergan.

Bu iqror bir mening emas, ustozning yuzlab shogirdlari bugungi kun shifokorlarida umumiy tibbiy, ijtimoiy va insonparvarlik hislatlari shaklanishi va sayqallanishiga sabab bo‘lmoqda. Shu ma’noda tibbiyot — bu faqat fan emas, inson ruhini, tanini va umidini davolash san’ati hamdir.

Darhaqiqat shunday, bugun Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovichning yurtimizga qilgan tashrifi zamonaviy tibbiyot kadrlari yaratayotgan katta ibrat maktabiga bo‘lgan chuqur ehtirom va minnatdorlik ifodasi hamdir.

Ustoz Ubaydullayev Muxammadxon Burxonovich va uning shogirdi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rib — zamonaviy tibbiyotimizning ildizi qaysi poydevorda ekanligini yaqqol his etish mumkin.

Tibbiyotda ustoz-shogird an’analari ilmning uzluksizlik zanjiridir. Ushbu an’anani asrab-avaylash, uni yangi avlodga yetkazish har bir shifokorning muqaddas burchi.

Uranoplastika sohasida olib borilayotgan izlanishlar, turli usullarning qiyosiy baholanishi va shogirdlarga berilgan qimmatli bilimlar — barchasi inson hayotini yaxshilash, uning salomatligini muhofaza qilish maqsadini ko‘zlaydigan katta mehnat mahsulidir.

Men intervyuni tayyorlash jarayonida har qanday yutuq, har qanday muvaffaqiyat ortida sodiq ustoz yo‘li va qo‘li borligi, har bir shogirdning yuksalishida ustozlarning cheksiz mehr-oqibatli munosabati mujassamligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim.

Muxammadxon Burxonovichning ilm maktabida yetishib chiqqan ko‘plab shogirdlar bugun tibbiyot sohasida o‘z chekiga tushgan, muhim vazifalarni bajarmoqdalar. Ular dunyoning turli manzillarida turli lavozimda faoliyat olib borsalarda ustoz va shogirdlik o‘rtasidagi munosabatlarni nafaqat mahorat darslari va amaliyot balki kun sayin takomillashib borayotgan zamonaviy ilm negizida mujassam insoniylik va ezgulikka xizmat qildirmoqdalar.

Shifokorlikni san’at darajasiga ko‘targan olim

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan