Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuhrat Boymuradov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hududidagi talabalar turar joylariga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – talabalar uchun yaratilgan yashash sharoitlari, ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish darajasi hamda yoshlarning kayfiyati va muammolari bilan bevosita tanishishdan iborat bo‘ldi.
Dastlab, rektor talabalar istiqomat qilayotgan xonalarni, umumiy foydalanishdagi joylar – oshxona, yuvinish xonalari, kutubxona, sport zal, bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdagi ishlar va dam olish xonalarini ko‘zdan kechirdi. Yaratilgan sharoitlar talabalar salomatligi, qulayligi va samarali ta’lim olishi uchun muhim omil ekaniligi ta’kidlandi
Tashrif doirasida talabalar bilan samimiy suhbat olib borildi. Ular bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Shuningdek, rektor talabalar tomonidan ilgari surilgan bir qator taklif va ehtiyojlarni inobatga olgan holda, mavjud imkoniyatlar doirasida qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Professor Shuhrat Boymuradov, yoshlar masalalari davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri ekanligini alohida qayd etar ekan, universitet jamoasi talabalarning o’quv va ilmiy faoliyati hamda ijtimoiy hayotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanligini bildirdi.
Tashrif yakunida talabalar rektorning e’tibori, samimiy muloqoti va ochiqligidan minnatdor ekanliklarini bildirib, o‘z bilim va salohiyatlarini yurt taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishga tayyor ekanligini ta’kidladilar.