Hamshiralik ishi yoʻnalishi: “Nogiron bolalar uchun aravacha”

Hamshiralik ishi yoʻnalishi: “Nogiron bolalar uchun aravacha”

Zamonaviy tibbiyot nafaqat davolash, balki jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olgan, inson qadri va hayotini yuksak qiymat deb bilgan tizimga aylanmoqda. Bunda faqat shifokorlar emas, balki hamshiralar, pedagoglar, tadqiqotchilarning ham oʻz oʻrni, oʻz soʻzi bor. Shu maʼnoda, biz bugungi ocherkimiz orqali nafaqat ilmiy izlanishlar olib borayotgan, balki mehr va sadoqat bilan insonparvarlikni amalda namoyon qilayotgan izlanuvchi ayol, yosh tadqiqotchi — Dildora Tulyaganovani keng jamoatchilikka tanishtirmoqchimiz.

Insonni ardoqlash – kasbga sadoqatdan boshlanadi

Dildora Tulyaganova — Toshkent tibbiyot akademiyasida hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha doktoranturada tahsil olayotgan, bir necha ilmiy loyihalar muallifi va amaliy natijalarga erishgan salohiyatli izlanuvchi. Uning tajribasi ham nazariy, ham amaliy bilimlarga boy. Eng muhimi, u tadqiqotni faqat qogʻozda emas, balki hayotning oʻzida sinab koʻrayotgan, natijani esa inson hayoti sifatining yaxshilanishi orqali baholayotgan izlanuvchilardan.

2024-yilda Dildoraning “Nogiron bolalar uchun aravacha” loyihasi Innovatsion rivojlanish agentligining “Olima ayollar” tanlovida gʻolib deb topildi. Bu tasodif emas. Loyiha doirasida yaratilgan koʻp funksiyali, anatomik tuzilishga moslashuvchan aravachalar klinika va internat uylarida sinovdan oʻtdi va ishonchli samara berdi. Ushbu vositalar nafaqat bolaning harakatlanish erkinligini taʼminlaydi, balki uning ichki organlari faoliyatini yaxshilash, nafas olish, qon aylanish, ovqat hazm qilish jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Eng muhimi – bolaning jamiyatga integratsiyasini ragʻbatlantiradi.

Pedagog, tarbiyachi va ilmiy rahbar sifatida

Dildoraning ilmiy salohiyati uning pedagogik mahorati bilan yanada boyidi. U hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasining Jamoat salomatligi va menejment kafedrasida xorijlik talabalarga dars beradi. U interfaol metodlar orqali darslarni qiziqarli va tahlil olib borishi, har bir talabaning fikrini eshitishi, yoshlar bilan samimiy muloqotga kirishishi bilan ajralib turadi.

Shogirdlari uni mehribon, inoq va bilimdon muallim sifatida yaxshi biladilar. U fanni darsda emas, hayotda oʻrgatishga intilgan, har bir taʼlim jarayonida odamiylik, kasbga sadoqat va masʼuliyatni ustuvor qoʻygan ustozlardan biri. Dars jarayonlarida tajriba va misollarga boy holatlardan foydalanadi, bilimni nazariyadan amalga koʻchirishda doim talabalariga koʻmakdosh boʻla oladi.

Ijtimoiy tashabbuslar markazida

Dildora na faqat auditoriya, balki jamoatchilik ishlarida ham faol. U mahallada yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, qizlar oʻrtasida ijtimoiy faollikni kuchaytirish boʻyicha keng tushuntirish ishlarini olib boradi. Sogʻliqni saqlash vazirligining “Uyda reabilitatsiya qilish” dasturida faol ishtirok etayotgani uning ishiga boʻlgan fidoiyligini isbotlaydi.

Uning ilmiy ishlari doirasida toʻplagan maʼlumotlari asosida reabilitatsiya shkalasi yaratildi. Bu shkala hamshiralar va ota-onalar uchun birdek tushunarli boʻlib, reabilitatsiya jarayonini monitoring qilish imkonini beradi. Hozirda uning elektron shaklini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Xulosa oʻrnida

Dildora Tulyaganovaning mehnati, ilmiy izlanishlari va insonparvarlikka asoslangan yondashuvi bugungi kunda nafaqat tibbiyot sohasi, balki keng jamoatchilik uchun ham ibrat namunasidir. Uning nogiron bolalar uchun yaratgan aravachalari — izlanuvchan yosh olimaning insoniylikka xizmat qiladigan maqsadli gʻoyalarining amaliy natijasidir.

Ilm kishisining insonga nisbatan mehr bilan xizmat qilishi esa bugungi kundagi eng dolzarb, eng oliyjanob vazifalardan biridir.

Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida harakat qilayotgan yosh tadqiqotchilar qatori Toshkent tibbiyot akademiyasi yosh olimi Dildora Tulyaganova singari umidli yoshlar bilan kun sayin kengayib bormoqda.

Hamshiralik ishi yoʻnalishi: “Nogiron bolalar uchun aravacha” Hamshiralik ishi yoʻnalishi: “Nogiron bolalar uchun aravacha”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan