Hurmatli talabalar va faol yoshlar!
Hozirgi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi nafaqat mahalliy, balki global darajadagi dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda ekologik muvozanatni saqlash va aholining ekologik tafakkurini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida yo‘lga qo‘yilgan “1000 yosh ekolog” loyihasi – yoshlar ishtirokidagi amaliy harakatlar orqali atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha doirasida siz – yosh avlod vakillari chiqindilarni qayta ishlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolar bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish kabi faoliyatlarda ishtirok etasiz.
Bugungi kunda insoniyat global isish, atmosferaning ifloslanishi, suv tanqisligi, biologik xilma-xillikning kamayishi kabi ekologik muammolar bilan yuzma-yuz turibdi. Bu esa har bir ongli fuqarodan faol ishtirok va ekologik javobgarlikni talab etadi.
Atrof-muhitni asrash va ekologik barqarorlikka hissa qo‘shish har birimizning qo‘limizda. Keling, bu mas’uliyatli vazifada birgalikda harakat qilaylik!
Tabiatni sevish – hayotni sevishdir. Uni asrash esa – kelajak oldidagi eng muhim burchimizdir!