Sharite Universitet klinikasi delegatsiyasining Toshkent davlat tibbiyot universitetiga rasmiy tashrifi doirasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida Germaniyaning eng nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri — Sharite Universitet klinikasi (Charité – Universitätsmedizin Berlin) delegatsiyasining rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida mehmonlar, universitet rektori, professor Shuhrat Boymuradov boshchiligidagi rahbariyat, prorektorlar va mutasaddi bo‘linmalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, klinik amaliyot, ilg‘or tadqiqotlar, tibbiy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro fikr almashdilar. Kelgusida qo‘shma akademik dasturlar va ilmiy izlanishlar ustida ish olib borishga kelishuvga erishildi.
Mazkur tashrif Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Sharite Universitet klinikasi o‘rtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlik yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimizda tibbiy ta’lim sifatini oshirish, xalqaro tajribani joriy etish va global ilmiy hamjamiyat bilan integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi.