Tibbiy ta’limda chegara bilmas hamkorlik: Irkutsklik talabalar Toshkentda

Toshkent davlat tibbiyot universiteti xalqaro talabalar mobilligi dasturlari doirasida navbatdagi xorijlik talabalar guruhini amaliyot o‘tash uchun qabul qildi.

2025-yil 16–30 iyun kunlari davomida Irkutsk davlat tibbiyot universitetining «Tibbiy profilaktika» ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 10 nafar talaba hamda ularning ustozlari — Gigiyena kafedrasi professori boshchiligidagi delegatsiya universitetda amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Tashrif doirasida universitet rektori, professor Shuhrat Boymuradov Irkutsk davlat tibbiyot universitetining talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida universitet rahbari yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, mehmonlar universitetning tegishli kafedralari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy faoliyat olib bormoqda, klinik va amaliyot bazalarida tibbiy-profilaktika yo‘nalishidagi dolzarb masalalar yuzasidan tajriba almashmoqda. Shuningdek, ular Toshkent shahridagi bir qator tibbiy muassasalarida joylashgan universitetning klinik bazalariga tashrif buyurib, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi, gigiyena va profilaktika ishlarining tashkil etilishi bilan tanishmoqda.

Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri — xalqaro talabalar konferensiyasini o‘tkazish bo‘lib, unda ikki universitet talabalari o‘z ilmiy izlanish natijalarini taqdim etadi, zamonaviy yondashuvlar va sohaga oid innovatsion tajribalar muhokama qilinadi.

Bunday tashriflar mamlakatimiz tibbiy ta’limi tizimini xalqaro maydonga olib chiqish, tajriba almashish va professional salohiyatni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Translate: Eng Рус

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan