Eng yaxshi maqolalar mualliflari taqdirlandi

Eng yaxshi maqolalar mualliflari taqdirlandi

Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati tomonidan mualliflarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, ular oʻrtasida sogʻlom ijodiy raqobatni kuchaytirish maqsadida “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi oʻtkazilishi anʼanaviy tus olgan.

Kecha mazkur tanlovning 2025-yil birinchi yarim yili yakunlari boʻyicha gʻoliblari taqdirlandi.

Tobora ommalashib borayotgan tanlovga mamlakatimiz ziyolilari, olimlardan yuzdan ortiq ijodiy ishlar qabul qilindi hamda ularning aksariyati gazetalarimizda chop etildi. Hakamlar hayʼati ular orasidan mamlakatimizda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar mohiyati, ahamiyati tahliliy ruhda, qiziqarli va taʼsirchan usul hamda uslubda ochib berilgan, samimiy va sodda tilda yozilgan eng yaxshi maqolalarni saraladi.

Natijalarga koʻra, “Xalq soʻzi” gazetasi boʻyicha pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turgʻunov (2025-yil 21-yanvardagi “Taʼlim taraqqiyoti sari dadil qadam” sarlavhali maqolasi uchun), Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Boymurodov (2025-yil 19-iyundagi “Nazariya va amaliyot uygʻunligi bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini yuksaltiradi” sarlavhali maqolasi uchun), Andijon davlat pedagogika instituti rektori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Rasulov (2025-yil 24-iyundagi “Barqaror kelajakka dadil qadam” sarlavhali maqolasi uchun) eʼtirof etildi.

“Narodnoye slovo” gazetasi boʻyicha Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Gʻafurjon Muhamedov (2025-yil 19-martdagi “Соответствовать требованиям времени” sarlavhali maqolasi uchun), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Toʻlqin Teshaboyev (2025-yil 27-maydagi “Членство во Всемирной торговой организации: значимый шаг на пути к национальным целям” sarlavhali maqolasi uchun), Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor Bahodir Xoliqov (2025-yil 25-iyundagi “Социальное государство: реальность и перспективы” sarlavhali maqolasi uchun) gʻolib deb topildi.

“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Kuchli davlatni bilimli yoshlar quradi” sarlavhali maqolasi hamda gazeta targʻibotidagi faol ishtiroki uchun “Turon” fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori Bahodir Hasanov ragʻbatlantiruvchi mukofotga loyiq koʻrildi.

Eʼtirof etilganlarga tahririyat sovgʻasi va diplomlar topshirildi.

Taqdirlanganlar har ikkala gazeta oʻzlarining fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini xalqqa yetkazishda chinakam minbar vazifasini oʻtayotganini aytib, oʻz minnatdorliklarini bildirdi.

Eng yaxshi maqolalar mualliflari taqdirlandi Eng yaxshi maqolalar mualliflari taqdirlandi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan