So‘nggi kunlarda bir qator internet nashrlarida, jumladan The New Indian Express va Daryo.uz tomonidan tarqatilgan “Hindiston talabalarni O‘zbekistondagi tibbiy oliygohda o‘qimaslikka chaqirdi” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
1. Akademik va klinik standartlarga qat’iy rioya qilinmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi PQ–244-son qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, 2024-yil dekabr oyidan boshlab to‘liq faoliyat yurita boshlagan.
Bugungi kunda Filialda 2 ta fakultetda 4 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 13 ta klinik ordinatura mutaxassisligi bo‘yicha jami 801 nafar talaba tahsil olmoqda. Xususan, hozirda 5 nafar Hindistonlik, 1 nafar Iordaniyalik, 8 nafar Pokistonlik va 7 nafar Misrlik xorijiy talabalar ta’lim olmoqda.
Filialda ta’lim jarayoni O‘zbekistondagi amaldagi tibbiy ta’lim standartlari hamda Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) talablariga mos keluvchi zamonaviy o‘quv dasturlari asosida tashkil etilgan. 10 ga yaqin Toshkent viloyati va Chirchiq shahridagi klinik bazalarda talabalar malakali mutaxassislar rahbarligida amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Filial Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) hamda Xalqaro tibbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi (FAIMER) tomonidan yuritiladigan The World Directory of Medical Schools ro‘yxatiga kiritilgan.
2. Infratuzilma va moddiy-texnika bazasi – zamonaviy va keng qamrovli
Filialda zamonaviy o‘quv binolari, laboratoriyalar, simulyatsion markazlar, elektron ta’lim platformalari, axborot-resurs markazi (kutubxona) va talabalarga mo‘ljallangan turar joylar barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.
3. Talabalar uchun ochiq va shaffof muhit yaratilgan
Filial faoliyatida shaffoflik, akademik erkinlik, tenglik va talabalar huquqlarini himoya qilish ustuvor tamoyil hisoblanadi. Hech qanday bosim yoki majburlash holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha o‘qish shartlari, to‘lov miqdori va akademik talablarga oid ma’lumotlar rasmiy manbalar orqali ochiq e’lon qilinadi.
4. Xalqaro hamkorlik va xorijiy talabalar kontingenti
Bugungi kunda filialda Hindistondan kelgan talabalar muvaffaqiyatli tahsil olib bormoqda. Ular uchun maxsus adaptatsiya dasturlari, ingliz tilida o‘qitish guruhlari va klinik amaliyot imkoniyatlari yaratilgan. Filial nufuzli xalqaro universitetlar va klinik markazlar bilan doimiy hamkorlik olib bormoqda.
5. Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi bilan ochiq muloqotga tayyormiz
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (NMC) tomonidan bildirilgan xavotirlarni jiddiy qabul qiladi. Shu bilan birga, bu ma’lumotlar joyida o‘rganilmagan va asossiz ekani ta’kidlanadi.
Biz Hindiston bilan ta’lim sohasidagi do‘stona va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz va istalgan tekshiruv hamda muloqot uchun ochiqmiz.
Yuqorida keltirilgan asossiz xabarlar orqali universitet obro‘siga putur yetkazishga urinishlarni qat’iyan rad etamiz. Xalqaro hamjamiyat, ayniqsa Hindistondagi talabalar va ularning ota-onalariga ishonch bilan ma’lum qilamizki, Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filialida tibbiy ta’lim sifati va xalqaro standartlarga muvofiqlik doimiy ravishda ta’minlanmoqda.



