2025-yil 23-iyul kuni “ElTuz” nomli blog sahifasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti nomiga nisbatan asossiz va sha’niga putur yetkazuvchi ma’lumotlar e’lon qilindi.
Blog muallifi tomonidan ilgari surilgan iddao — ya’ni, universitet matbuot kotibligi lavozimi “pul evaziga” berilgani haqidagi yolg‘on ma’lumot — mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Toshkent davlat tibbiyot universitetida bu kabi noqonuniy harakatlar na amalga oshirilgan, na amalga oshirilishi mumkin.
Kadrlar tanlovi universitetda doimo amaldagi qonunchilikka, ochiqlik, tanlov va meritokratiya tamoyillariga asoslanib amalga oshiriladi. Matbuot xizmatiga tayinlangan har bir xodim kasbiy tayyorgarligi, ilmiy salohiyati va tajribasi asosida, shaffof tartibda tanlab olinadi.
Mazkur maqolada hech qanday aniq manba, sana yoki hujjat keltirilmagan. Bu esa uni faqat jamiyatda chalg‘ituvchi kayfiyat, yolg‘on muhit yaratishga qaratilgan provokatsion urinish sifatida baholashga asos bo‘ladi.
Bunday axborot xurujlarini biz – xalqning ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish, axborot maydonini ifloslantirishga qaratilgan ataylab uyushtirilgan chaqnash deb hisoblaymiz.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti yolg‘on axborot tarqatayotgan manbalarni jurnalistik etikaga rioya qilishga, qonuniy me’yorlar asosida faoliyat yuritishga chaqiradi. Asossiz materiallar yuzasidan zarur huquqiy choralar ko‘riladi.
Biz har doim ochiqlik, ishonch va faktlarga tayangan muloqot tarafdorimiz. Shu sababli, asossiz axborot tarqatgan blog mualliflarini jamoatchilik oldida rasmiy ravishda uzr so‘rashga chaqiramiz.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti matbuot kotibi – Gulchexra Mirzayeva



