Bugun ayrim internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari majburan harbiy harakatlar hududiga yuborilmoqda» degan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur holatda tilga olinayotgan barcha talabalar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturiga o‘qishga qabul qilingan. Bu dasturga ko‘ra, ular o‘z o‘qishlarini xorijdagi hamkor oliy ta’lim muassasasida davom ettirishlari shart hisoblanadi (VMQ-421, 06.07.2021y.). Har bir talabalar bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga muvofiq ular 4 va 5-kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida (PIMU) o‘qib tugatish majburiyatini olganlar.
Hozirda PIMU O‘zbekistonning 5 ta oliy o‘quv yurti bilan 12 ta hamkorlikdagi dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dasturlar doirasida bugungi kunda 400 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi PIMU bazasida kunduzgi shaklda o‘qimoqda.
Talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Sh.Boymuradov “PIMU” rektori N. Karyakin bilan doimiy aloqada bo‘lib, quyidagilarga kelishildi:
– hamkorlik dasturi bo‘yicha o‘qiyotgan barcha O’zbekistonlik talabalar uchun alohida yotoqxona ajratish;
– ilgari shartnoma shartlarini bajarmagan va PIMU tomonidan o‘qishdan chetlashtirilgan talabalar uchun akademik yilni yo‘qotmasdan o‘qishga qayta tiklanish imkoniyatini yaratish;
– PIMU tomonidan hamkorlik dasturi talabalari uchun alohida dekanat faoliyatini yuritish. Bunda, ushbu dekanat talabalarni doimiy qo‘llab-quvvatlab boradi, ya’ni aeroportdan kutib olish, Rossiyada yashash uchun zarur barcha hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 421-son qaroriga asosan ushbu qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari yengillashtirilgan holda amalga oshirilganligi, talabalarni o‘qishini Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish haqidagi turli ma’lumotlar asosga ega emasligini ta’kidlab o‘tamiz.
Bundan tashqari, Nijniy Novgorod shahri haqida tarqatilgan “harbiy holat e’lon qilingan hudud” degan ma’lumot ham asossizdir. Rossiya Federatsiyasining mazkur hududida rasmiy tartibda harbiy holat e’lon qilinmagan. Ushbu shahar universitet bilan ilmiy va ta’limiy hamkorlik qilayotgan sherik oliy ta’lim muassasalari joylashgan hudud hisoblanadi.
2025-yil 11-avgust kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Sh.Boymuradov ushbu qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan har bir talaba va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalarni hamkor “PIMU”da o‘qishni davom ettirish uchun jo‘nab ketishi, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va talabalar turar joyi bilan ta’minlash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Dastur ishtirokchilarining asosiy qismi PIMUda ta’limni davom ettirish istagini bildirib, ulardan aksariyati jo‘nab ketishga tayyor ekanligini bildirdi. Faqat ayrim talabalar shartnoma shartlarini buzgan va ataylab yolg‘on ma’lumotlarga tayangan holda, Toshkentda qolishga harakat qilmoqda.
Mazkur yolg‘on axborotni tarqatayotgan shaxslar ataylab faktlarni buzgan, jamoatchilikni chalg‘itgan hamda universitet rahbariyati va jamoasini obro‘sizlantirishga uringan.
OAV va jamoatchilikdan turli manbalar orqali tekshirilmagan, asossiz ma’lumotlarga ishonmaslik va rasmiy axborotlarga tayanish so‘raladi. Bunday harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.





