Oʻzbekiston tibbiyotida yana bir tarixiy qadam qoʻyildi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti Bolalar koʻp tarmoqli klinikasida mamlakatimiz tarixida ilk bor murakkab turdagi yurak jarrohligi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, bolalar kardiojarrohi Bobur Turayev 6 yoshli bemorning zararlangan uch tabaqali klapanini olib tashlab, oʻrniga yurakning oʻng boʻlmachasi quloqchasidan yangi klapan yasab oʻrnatdi.
Mazkur texnologik jihatdan murakkab amaliyot ilgʻor tibbiyot markazlarida bajariladigan operatsiyalar qatoriga kiradi va yurtimizda birinchi bor oʻtkazildi.
Bobur Turayev 2018–2019-yillarda Buyuk Britaniyaning University College London universitetida magistratura bosqichida tahsil olgan, 10 ga yaqin rivojlangan davlat klinikalarida malaka oshirgan va 20 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. U hozirgacha mingdan ortiq bemor bolalarga yurak operatsiyasini muvaffaqiyatli bajargan.
Ushbu yutuq yurtimiz tibbiyot sohasi, shu jumladan tibbiy taʼlim rivojida muhim bosqich boʻlib, soha vakillarini yangi marralarni egallashga ilhomlantiradi.




