Prezidentimizning tashabbusi bilan keyingi sakkiz yilda Surxondaryo viloyatida oliy ta’lim muassasalari soni 6 taga yetdi. Jumladan, kadrlar yetishmovchiligi eng yuqori bo‘lgan tibbiyot sohasida malakali shifokorlar tayyorlash maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuxrat Boymuradovni qabul qildi.
Uchrashuvda universitetning Termiz filialida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy sharoit yaratish maqsadida qurilgan yangi o‘quv binolari va ularning jihozlanishi, shuningdek, viloyatda kasalliklar profilaktikasida ilmiy yondashuvlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Rektor viloyatda tibbiyot ta’limiga qaratilgan e’tibor hamda filialda yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida hokim tibbiyot sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash va viloyat ehtiyojlarini qondirishda universitet hamda uning filiali muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.





