2025-yil 29-avgustdan 1-sentabrga qadar Madrid shahrida Jahon va Evropa kardiologiya jamiyatlarining «ESC Congress – 2025» yillik qo‘shma kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi kongressda ilk bor Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlaridagi yurak-qon tomir kasalliklarini boshqarish masalalariga alohida sessiya bag‘ishlandi.
Kongressda Yevropa, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va boshqa davlatlardan sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Toshkent davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va yosh olimlari ham xalqaro maydonda o‘z tajribasi va ilmiy ishlanmalari bilan faol ishtirok etdilar.
Ular tomonidan yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi kurashish, ushbu kasalliklarni erta tashxislash va davolash, preventiv kardiologiyani rivojlantirish borasidagi yutuq va tashabbuslar namoyish etildi.
Muhokamalar davomida universitet olimlarining ma’ruza va taqdimotlari xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otib, alohida e’tirof etildi.






