Yangi universitet – birgalikda yangi natijalar va ulkan muvaffaqiyatlar sari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-apreldagi “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-149-son qaroriga asosan tashkil etilgan Toshkent davlat tibbiyot universitetida 2025–2026 o‘quv yili o‘z faoliyatini boshladi.

Yangi universitetda yangi o‘quv yilining boshlanishi – yangi maqsadlar, yangi sa’y-harakatlar va yangi natijalar sari qadamdir. Universitetning professor-o‘qituvchilari yangi yilni yanada katta mas’uliyat va intilish bilan qarshi olmoqda.

2025-yil 26-avgustdan boshlab, avvalgi o‘quv yilida asosiy shtatda faoliyat yuritgan professor-o‘qituvchilar o‘z ish faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Shu bilan birga, universitet kafedralaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida ochiq va shaffof tanlov jarayoni amalga oshirilmoqda. Ilmiy daraja va unvonlarga, mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lgan pedagoglar jalb etilmoqda.

Universitetda boshqaruv, ma’muriy ishlar, o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot va moliyaviy boshqaruv tizimlari raqamlashtirilmoqda. Shuningdek, rahbariyatning virtual qabulxonalari ishga tushirilib, murojaatlarni masofadan yuborish imkoniyatlari yaratildi. Bu esa professor-o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun qulay shart-sharoitlar ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Universitetning samarali faoliyati, ta’lim jarayonining yuqori sifati va eng muhimi, xalq salomatligini muhofaza qilish yo‘lida bilimli, malakali kadrlarni tayyorlash — yuqori malakali professor-o‘qituvchi va mutaxassislar hamda universitet jamoasining birgalikdagi mehnatiga bog‘liqdir.

Yangi universitetda yangi o‘quv yili barchamiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib, yangi muvaffaqiyat va yutuqlar poydevorini yaratishiga ishonamiz.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan