“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan stipendiatlarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan “The EYUF Awards 2025” tanlovining g‘oliblari e’lon qilindi.
Tanlov natijalariga ko‘ra 7 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Ma’lumot uchun: Tanlovda 100 nafarga yaqin hozirda xorijiy universitetlarda taʼlim olayotgan hamda oʻqishini tamomlab, Oʻzbekistonda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirayotgan “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlari ishtirok etdi.
Tanlovda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi bolalar kardiojarrohi Bobur Turayev xalq manfaatiga xizmat qiluvchi, vatanparvarlik, ko‘ngillilik faoliyati orqali namuna bo‘lganligi uchun «Jamiyatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» nominatsiyasi g‘olibi sifatida taqdirlandi.
Ma’lumot uchun: Bobur Turaev — O‘zbekiston pediatrik kardiojarrohligi rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan yosh va fidoyi shifokor. 2018—2019-yillarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati sifatida Buyuk Britaniyaning University College London (UCL) universitetida magistratura bosqichida taʼlim olgan. 2019-yildan buyon Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifoxonasida faoliyat yuritib, 1000 dan ortiq bemor bolalarda yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida Bobur Turayev O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak operatsiyasi — bemorning o‘z yurak to‘qimasidan klapan yasab o‘tkazilgan kardiojarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.




