Respublikamizdagi turli texnikumlarda faoliyat olib borayotgan direktor o‘rinbosarlari Oliy ta’lim vazirligi qoshida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari doirasida Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy ishlar, talabalar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy faoliyat hamda bu borada yo‘lga qo‘yilgan samarali tizim bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, ular Tibbiyot tarixi muzeyi ekspozitsiyalari, qadimiy qo‘lyozmalar va noyob eksponatlar orqali milliy tibbiyot maktabi taraqqiyoti bilan tanishib, katta taassurotga ega bo‘lishdi.
Axborot-resurs markazida esa zamonaviy elektron kutubxona fondi, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar namoyish etildi. Simulyatsion markazdagi amaliy mashg‘ulot xonalari, interaktiv o‘quv dasturlari va ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan sharoitlar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif yakunida texnikum direktor o‘rinbosarlari universitetda yo‘lga qo‘yilgan tajriba va yutuqlarni o‘z faoliyatlarida qo‘llash istagini bildirishdi.





