2025-yil 11-oktyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Oilaviy tibbiyotda bolalar kasalliklari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari- professor Karimdjonov I.A., katta o‘qituvchi Karimova B.N. va assistent Sadikova N.B. 1-son Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida kafedra xodimlari tomonidan texnikum o‘qituvchilari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalar bo‘yicha master-klass o‘tkazildi. Tadbirda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, innovatsion yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashildi.
Shuningdek, “Pediatriyada hamshiralik ishi” kafedrasi o‘qituvchilari G. Sayidova va M. Teshayevalar bilan hamkorlikda “Pediatriya ishi” yo‘nalishining 23.2-guruh o‘quvchilari uchun “Xavfsiz immunizatsiya” mavzusida ochiq muloqot tarzidagi mahorat darsi o‘tkazildi. Darsda Davolash-1 fakultetining 619-602-b guruhi talabalari ham faol ishtirok etdilar.
Mazkur mashg‘ulot davomida texnikum o‘quvchilari mavzuga oid dolzarb savollar bilan chiqib, mutaxassislar tomonidan to‘liq va asosli javoblar oldilar. Dars jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanildi va mashg‘ulot yuqori saviyada tashkil etildi.
Tashrif yakunida assistent Sadikova N.B. tomonidan texnikum o‘quvchilarining tibbiyot kasbiga oid qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasbga yo‘naltirish ishlari olib borildi. Ularga Toshkent davlat tibbiyot universitetiga kirish tartib-qoidalari, qabul jarayonlari va talablar haqida batafsil ma’lumot berildi.





