Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov hamda Qozog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Akmoral Alnazarova ishtirokida yosh tibbiyot talabalari bilan samimiy va ochiq muloqot shaklidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston tibbiyot yoshlari do‘stlik tadbirlari doirasida tashkil etilib, ikki mamlakat tibbiyot sohasidagi hamkorlik, innovatsiyalar va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, xalqaro ta’lim almashinuvi va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha yangi tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, vazirlar esa tibbiyot sohasining kelajagi, malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yoshlarning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazkur uchrashuv ikki qardosh xalqning tibbiyot sohasidagi do‘stligi, o‘zaro ishonchi va hamkorligini yanada mustahkamlash, yosh avlodni kasbiy ruhda tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.
Forum doirasida jarrohlik va stomatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, ilmiy loyihalar ko‘rgazmasi, sport musobaqalari hamda yakuniy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi hamkorlik bitimlari imzolandi, shuningdek, yosh olimlar va g‘olib talabalar tantanali ravishda taqdirlandi.




