“Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin!”
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan joriy yilning 20-oktabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti Stomatologiya kampusida “Til — millat ko‘zgusi” nomli madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir O‘zbek va xorijiy tillar, pedagogika kafedrasi, Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va san’at bo‘limi, Axborot-resurs markazi hamda 3-davolash ishi, 2-stomatologiya va 1-stomatologiya fakultetlari hamkorligida o‘tkazildi.
Bayramda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Tadbirda mehmon sifatida “O‘zbek jang san’ati” milliy sport federatsiyasi vitse-prezidenti Rasulov Boburjon Athamovich, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yashnobod tuman bo‘linmasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Ishmuxamedov Bahodirovich hamda bo‘lim mutaxassisi Umidjonov Saloxiddin Umidjon o‘g‘li ishtirok etishdi. Ular o‘z ma’ruzalari orqali o‘zbek tilining milliy davlatchilik tariximizdagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.
Shuningdek, bayram doirasida o‘tkazilgan “Insholar” va “Video roliklar” tanlovlari g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbir davomida universitet san’at to‘garagining iqtidorli talabalari tomonidan g‘azalxonlik, sahna ko‘rinishlari, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.
O‘zbek va xorijiy tillar, pedagogika kafedrasi tomonidan bayramga sovg‘a sifatida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurashid Yo‘ldoshev, xonanda Sherzod Jonibekov, «Minor» guruhi xonandalari vatanni madh etuvchi milliy kuy va qo‘shiqlarni ijro etdilar.
Mazkur tadbir ishtirokchilarda o‘zbek tiliga hurmat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat va g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.





