Yurtimizda tashkil etilgan Qozogʻiston tibbiyoti kunlari doirasida Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Oʻzbekiston – Qozogʻiston tibbiyoti yoshlarining doʻstlik haftaligi” boʻlib oʻtdi.
Haftalikning ikkinchi kunida Qozogʻiston delegatsiyasi tarkibidagi yetakchi olimlar sohaga oid ilmiy maʼruzalarni taqdim etdilar. Ular taʼlim tizimidagi yetakchilik, ayollar ilmidagi yangilanishlar, zamonaviy tibbiyotning istiqbollari va shifokorlik kasbining insonparvarlik mohiyati haqida fikr almashdilar.
Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuhrat Boymurodov oʻz nutqida universitetning ilmiy salohiyati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy laboratoriyalar va amalga oshirilayotgan yangi ilmiy loyihalar haqida soʻz yuritdi. Shu bilan birga, Qozogʻiston delegatsiyasini qutlab, ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Forumning eng ahamiyatli qismi — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov hamda Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Akmoral Alnazarovaning universitetga rasmiy tashrifi boʻldi.
Vazirlar yoshlarning salohiyati, ijodkorligi va ilmiy yondashuvlarini yuqori baholab, ularning faoliyati tibbiyot sohasida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirdi.
“Tibbiyotning kelajagi ishonchli qoʻllarda. Bugungi yoshlar ilmni, yangilikni va insonparvarlikni uygʻunlashtira olmoqda”, — deya taʼkidladi Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Akmoral Alnazarova.
Tashrif doirasida mehmonlar universitetning ilmiy, taʼlimiy va klinik faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular zamonaviy laboratoriyalar, simulyatsion markaz va talabalar ishtirokidagi oʻquv jarayonlarini koʻzdan kechirdilar. Shu orqali taʼlimdagi innovatsion yondashuvlar bilan tanishishdi.
Shuningdek, har ikki vazir universitet yosh olimlari tomonidan taqdim etilgan startap loyihalari bilan tanishdilar. Loyihalar tibbiyotning turli yoʻnalishlari — raqamli diagnostika, biotexnologiya, jarrohlik texnologiyalari va telemeditsina sohalarini qamrab oldi.
Shuningdek, universitetning taʼlimiy va klinik yoʻnalishdagi ish faoliyati boʻyicha ham atroflicha maʼlumot berildi. Tashrif doirasida ikki mamlakat tibbiyot oliygohlari oʻrtasidagi hamkorlik, yosh olimlar almashinuvi, qoʻshma ilmiy loyihalar va sogʻliqni saqlash sohasidagi innovatsion tashabbuslar muhokama qilindi.
Mehmonlar Toshkent davlat tibbiyot universitetining boy tarixi aks etgan muzey faoliyati bilan ham tanishdilar. Muzeyda 100-yildan ortiq tibbiyot tarixi, oʻzbek shifokorlarining kashfiyotlari va qadimiy ilmiy maktablarga oid eksponatlar namoyish etildi.
Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Akmoral Alnazarova mehmonlar kitobiga iliq soʻzlar yozib, TDTU jamoasiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi:
“Bu yerda ilm va insonparvarlik uygʻun. TDTU — butun Markaziy Osiyoda tibbiyot taraqqiyotining yuragi”, — deya taʼkidladi u.
Xaftalik doirasida ikki mamlakat yoshlari oʻzaro fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Forumning yakunlovchi qismi ilmiy muzokaralar, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan yoshlarni taqdirlash marosimi bilan davom etdi.
Gʻoliblarga mukofotlarni shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov hamda Qozogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Akmoral Alnazarova topshirdilar.
“Bugungi yoshlar bizga ilhom bagʻishlamoqda. Ular bilim, mehr va fidoyilikni birlashtirib, tibbiyotning kelajagini yaratayotir”, — dedi Asilbek Xudoyarov.
Marosim yakunlangach, universitet jamoasi va mehmonlar ishtirokida musiqiy-badiiy dastur namoyish etildi. Tadbir yuksak ruhda, ilm va doʻstlik gʻoyalarini oʻz ichiga olgan holda yakunlandi.
Ushbu forum ikki qardosh xalq oʻrtasidagi tibbiyot sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti sahnasida ilm va doʻstlik uygʻunlashdi, yoshlar esa kelajak tibbiyotining ishonchli koʻprigiga aylandilar.
Mazkur tashrif Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida tibbiyot sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish va yangi imkoniyatlar yaratish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlib xizmat qildi.




