Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar, professor-o‘qituvchilar va aziz talabalar!

Bugun — 21-oktyabr, yurtimiz tarixida beqiyos ahamiyatga ega sana — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.

1989-yilning 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasida “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, ona tilimizga davlat tili maqomi berildi. Bu kun nafaqat tilimiz, balki milliy g‘ururimiz, tarixiy o‘zligimiz va ma’naviy mustaqilligimizning timsolidir.

O‘zbek tili — ajdodlarimizdan meros bo‘lgan bebaho boylik, xalqimizning asrlar davomida shakllangan tafakkuri, madaniyati va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan muqaddas timsoldir. Bugun ona tilimizning nufuzi yurtimizda va xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgani barchamiz uchun iftixordir.

Biz, tibbiyot sohasi vakillari sifatida, ilm-fan va ta’lim jarayonida o‘zbek tilining imkoniyatlarini kengaytirish, uni ilmiy atamalar va tibbiy adabiyotlar tili sifatida boyitish yo‘lida izchil faoliyat olib borishimiz zarur.

Shu muborak kunda barchangizni O‘zbek tili bayrami bilan chin dildan tabriklayman!
Har bir so‘zingizda, yozgan har bir asaringizda va qilgan har bir ishingizda ona tilimizning go‘zalligini, boyligini asrang va ulug‘lang!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Boymuradov Shuxrat Abdujalilovich
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan