Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektorining MUROJAATI

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli ota-onalar!

Yurtimiz rahbari — Shavkat Mirziyoyev — raisligida 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi ekani yana bir bor qat’iy ta’kidlandi. Ushbu topshiriqlardan men, yoshlar bilan ishlashni Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib to mahalla raisigacha, oliygohda esa rektordan to dekangacha, kafedra mudiridan to oddiy o‘qituvchi, tyutorgacha  – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur ekanligini, qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz yoshlar tarbiyasi bo‘yicha o‘zimizga xos va ta’sirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerakligini yana bir bor angladim.

Endi yurtimizda yoshlar bilan ishlash yangi bosqichga ko‘tarildi.  Tibbiyot sohasi inson hayoti uchun javobgar. Demak, yosh shifokorlarning bilimli, sog‘lom, vatanparvar va ma’naviy barkamol bo‘lishi — ikki karra mas’uliyat. Endi rahbarlar faoliyatiga baho berishda intizom va kambag‘allikni qisqartirish bilan bir qatorda yoshlar bilan ishlash darajasi ham asosiy mezon bo‘ladi.

Haftaning har payshanba kuni universitetimizda to‘liq ravishda talaba yoshlar bilan ishlash kuni deb e’lon qilinadi. Bu kunda rahbariyatning asosiy vazifasi- talabalarning dardini eshitish, muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘ladi. Har bir fakultet, har bir kafedra kesimida ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Talabalarning:

  • ta’lim sifati,
  • amaliyot bazalari,
  • talabalar turar joylari sharoiti,
  • sport va madaniy tadbirlar,
  • startap va ilmiy loyihalar,
  • ijtimoiy masalalar

bo‘yicha murojaatlari alohida nazoratga olinadi, uning ijrosi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanadi va natijasi yuzasidan hisobot beriladi. Muammo eshitilib, javobsiz qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aziz talabalar!

Payshanba – talabalar kuni. Bu kun faqat rasmiy sana emas, amaliy o‘zgarishlar kuni bo‘ladi. Ochiq aytamiz, muammoni yashirish bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Faqat sukut saqlab turib, o‘zgarish kutish – samara bermaydi. Agar muammo bor ekan, uni aytish kerak. Agar taklif bor ekan, uni bildirish kerak. Universitet rahbariyati eshitishga va hal qilishga tayyor. Sizdan talab qilinadigani – faollik, mas’uliyat va ochiq fikr. Uni birgalikda hal qilsak – natija bo‘ladi.

Ota-onalarga ham murojaatimiz: farzandingizning ta’lim va tarbiya jarayonida faol ishtirok eting, taklif va mulohazalaringizni bildiring. Biz ochiq muloqot tamoyili asosida ish olib boramiz.

Ta’lim sifati va yangi metodika. Ta’lim sifati tasodifan oshmaydi – u to‘g‘ri strategiya, zamonaviy metodika va qat’iy boshqaruv natijasida yuksaladi. An’anaviy yondashuvdan faol va amaliy ta’limga o‘tish talabalarning klinik fikrlashini, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini va raqobatbardoshligini oshiradi. Agar rektor va jamoa tashabbuskor bo‘lsa, tizimli reja asosida metodik islohotlarni joriy etsa, bir yil ichidayoq sifat ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish kuzatiladi. Uch – besh yilda esa universitet mutlaqo yangi bosqichga chiqishi mumkin. Yangi metodika – bu shunchaki yangilik emas, bu raqobatbardoshlik masalasi. Universitetimizda simulyatsion markazlar faoliyatini kengaytirish, sun’iy intellekt va raqamli tibbiyot texnologiyalarini joriy etish, klinik amaliyotni kuchaytirish, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar asosida ish olib boriladi.

Rektor sifatida o‘zimga savol qo‘yaman: Prezident ma’ruzasida ko‘rsatilgan so‘nggi yillarda yoshlarimiz erishgan natijalar – shunchaki raqam emas, bu butun bir avlodning intellektual salohiyatini ko‘rsatadigan ko‘rsatkich. Stanford, Garvard Universiteti va dunyoning boshqa nufuzli TOP universitetlariga kirganlar soni 500 nafardan oshdi. Bu- jahon ilm-fani markazlariga yo‘l ochilgani degani. Jahon reytinglarida TOP 100 talikka kirgan universitetlarga qabul qilingan yoshlarimiz soni 35 ming nafarga yetdi. Bu endi alohida yutuq emas, balki tizimli taraqqiyot samarasi. Mamlakatimiz yoshlari Jahon va Osiyo miqyosida fan olimpiadalari, sport musobaqalarida g‘olib bo‘lishmoqda, yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarishmoqda, Bu raqamlar shunchaki statistika emas – bu mehnat, intilish va ishonchning natijasi.

Savol, ushbu yutuqlarda  bizning universitetimiz qancha hissa qo‘shmoqda? Bu savolga amaliy javob berish — bugungi kun talabi..

Bitiruvchilarni ishga joylashtirish- ustuvor vazifa. 

Bugungi kun talabining eng asosiy mezonlaridan biri- ta’limning natijasi. Natija esa oddiy: bitiruvchi diplom olib, ishsiz qolmasligi kerak. Shu bois universitetimizda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha quyidagi tizimli choralar amalga oshiriladi:

  1. 100 foiz bandlik – aniq maqsad. Har bir fakultet kesimida bitiruvchilar ro‘yxati, ularning ixtisosligi va mehnat bozori ehtiyojlari o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Har bir bitiruvchi bo‘yicha alohida ish rejasi shakllantiriladi. “Qandaydir ish topilar” degan yondashuv bo‘lmaydi- aniq ish o‘rni, aniq yo‘nalish bo‘ladi.
  2. Ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik. Klinikalar, xususiy va davlat tibbiyot muassasalari, farmatsevtika kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar kengaytiriladi. Yarmarka emas, rasmiy kelishuv asosida ishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
  3. Amaliyotdan – ishga. Sifatli amaliyot o‘tagan talabaning ish topishi qiyin emas. Shuning uchun klinik bazalarda amaliyot jarayoni ish beruvchi bilan baholanadi. Kuchli talabaga “kelasi yili ko‘ramiz” demaymiz – uni shu joyning o‘zida ishga taklif qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
  4. Yosh tadbirkor tabiblar. Hamma ham faqat ishchi bo‘lishi shart emas. Tibbiyotda xususiy amaliyot, laboratoriya, diagnostika markazi, farmatsevtika yo‘nalishida startap loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. Moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha maslahat va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
  5. Monitoring va shaxsiy mas’uliyat. Har bir bitiruvchining 6 oy va 1 yildan keyingi bandlik holati monitoring qilinadi. Faqat statistika uchun emas, amaliy natija uchun.

Aziz bitiruvchilar!

Ishsiz qolmaslik – bu faqat rahbariyatning emas, sizning ham harakatingizga bog‘liq. Bilim, malaka va intizom bo‘lsa, imkoniyat topiladi. Tayyorgarlik bo‘lmasa, eng yaxshi tizim ham yordam berolmaydi.

Qadrli ota-onalar!

Farzandingiz diplom olgan kun — marra emas, endi yangi mas’uliyat boshlanadigan kun. Biz uni ish bilan ta’minlash uchun barcha sharoitni yaratamiz.

Xulosa shu: universitet bitiruvchisi ish izlab yurmaydi, ish beruvchi uni izlaydigan darajaga chiqishimiz kerak. Shu maqsadni oldimizga qo‘ydik va unga erishamiz.

Kelajakka Qadam” dasturi doirasida yangi mexanizm – “Kelajak tadbirkori” tashabbusi joriy etilmoqda. Davlat rahbarining yoshlar bilan muloqotida yoshlar tadbirkorligi va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha misli ko‘rilmagan qarorlar belgilab berildi.

Avvalo, O‘zbekiston Milliy bankiga yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 200 million AQSh dollari yo‘naltirilishi belgilandi. Shuningdek, bank xodimlarining 30 foizi faqat yoshlar loyihalari bilan ishlaydigan alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilishi belgilandi. Demak, endi yoshlar murojaati “keyin ko‘ramiz” degan javobni emas, professional va tezkor yechimni oladi.

Hozirda Universitetimizda “Kelajakka Qadam” dasturi doirasida maxsus xona  faoliyat yuritmoqda, yangi mexanizm — “Kelajak tadbirkori” tashabbusi joriy etilmoqda:

Talabalarga sifatli biznes-reja tuzishni o‘rgatish, startap va innovatsion g‘oyalarni saralab, ularni moliyaviy institutlar bilan bog‘lash, bitiruvchilarni faqat ish izlovchi emas, balki ish o‘rni yaratuvchi darajaga olib chiqish oldimizga qo‘yilgan galdagi maqsadlarimizdan biridir..

Aziz yoshlar!. Imkoniyat berildi, moliya ajratildi, tizim yaratildi. Endi navbat-tashabbusga. G‘oyangiz bo‘lsa, harakat qiling. Chunki bugun boshlamagan biznesingizni ertaga boshqa birov boshlaydi.  Toshkent tibbiyot universiteti bitiruvchisi diplom bilan emas, loyiha bilan, ish o‘rni bilan, natija bilan chiqishi lozim. Shu yo‘lda barchangizga yelkadosh bo‘lamiz.

  1. Startaplar va biznes inkubatorlar — yoshlar uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlarning g‘oyasi, tashabbusi va innovatsion fikrini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yoshlar startaplariga moliyaviy ko‘mak kengaytirilmoqda, mablag‘lar hajmi oshirilmoqda. Ilgari startap loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 million dollar ajratilgan bo‘lsa, endilikda bu mablag‘ 5 million dollarga yetkazilmoqda. Bu — oddiy raqam emas, yoshlarga bo‘lgan ishonchning amaldagi ifodasidir.

Bu nima degani? Bu- yaxshi g‘oya bor ekan, uni amalga oshirish uchun “mablag‘ yo‘q” degan bahona qolmaydi degani. Bu-innovatsion tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, raqamli sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalar uchun keng yo‘l ochiladi degani. Bu- iqtidorli yoshlar xorijga ketmasdan, o‘z yurtida katta ishlarni boshlashi mumkin degani.

Shu bilan birga, viloyat hokimliklarida biznes inkubatorlar tashkil etilmoqda. Bu inkubatorlar:

  • yoshlarga biznes-reja tuzishda yordam beradi;
  • huquqiy va moliyaviy maslahat ko‘rsatadi;
  • loyihani bozorga chiqarishga ko‘maklashadi;
  • investorlar bilan bog‘laydi.

Ya’ni g‘oyadan — amalgacha bo‘lgan yo‘lda yoshlar yolg‘iz qolmaydi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi sifatida biz ham:

  • tibbiy startaplar uchun universitet huzurida inkubatsiya muhitini yaratamiz;
  • iqtidorli talabalarni biznes inkubatorlar bilan bog‘laymiz;
  • ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yamiz.

Aziz yoshlar! G‘oya – bu hali biznes emas. Lekin g‘oyasiz biznes umuman bo‘lmaydi. Agar sizda yangi tibbiy texnologiya, mobil ilova, diagnostika usuli yoki innovatsion xizmat konsepsiyasi bo‘lsa — uni qog‘ozda qoldirmang. Tashabbus bildiring, loyiha qiling, taqdim eting.

Universitetimizda:

  • tibbiy innovatsiyalar bo‘yicha startap loyihalari bo‘limi;
  • klinik tadqiqotlar va biotexnologiya loyihalari;
  • bitiruvchilarni 100 foiz ishga joylashtirish bo‘yicha alohida dastur

amalga oshiriladi

Bitiruvchimiz ishsiz qolsa — bu faqat uning emas, universitetning ham mas’uliyati.

  1. Sport – ommaviy harakat. Yoshlarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari – bu faqat bilim bilan emas, balki sog‘lom turmush tarzi, sport bilan shug‘ullanishi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki kuchli intellekt — sog‘lom tanadan boshlanadi. Shuning uchun ommaviy sportni rivojlantirish strategik vazifaga aylanishi shart. Talaba yoshlarning kamida 90 foizini sportga jalb qilishimiz zarur, chunki, bu sog‘lom millat poydevori hisoblanadi. Sport intizomni o‘rgatadi, irodani mustahkamlaydi, stressni kamaytiradi va jamoaviy ruhni shakllantiradi. Ayniqsa tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun bu ikki karra muhim: kelajak shifokori avvalo o‘zi sog‘lom bo‘lishi kerak.

Bu borada Toshkent davlat tibbiyot universiteti imkoniyatlari yuqori darajada. Universitet hududida zamonaviy “Shifokor” sport kompleksi faoliyat yuritadi, 20 dan ortiq turli sport maydonlari talabalar ixtiyorida. Futbol, voleybol, basketbol, yengil atletika, jang san’atlari va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha sharoitlar yaratilgan. Universitet sportni rivojlantirish borasida respublika sport tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamladi. Jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston badminton federatsiyasi, O‘zbekiston kamondan o‘q otish federatsiyasi, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi va O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bilan memorandumlar imzolandi.

Eng muhimi – imkoniyat bor. Endi masala – faollikda. Agar har bir talaba haftasiga kamida 3–4 marta sport bilan shug‘ullansa, natija faqat sog‘liqda emas, o‘qish samaradorligida ham yaqqol seziladi. Sog‘lom talaba – bilimli mutaxassis. Sog‘lom mutaxassis – kuchli jamiyat. Shunday ekan, sportni odat emas, hayot tarziga aylantiraylik

Tibbiyot talabasi sog‘lom bo‘lmasa, boshqani qanday sog‘lom qiladi? Shu bois:

  • sport infratuzilmasini kengaytirish, sharoitlarni yaxshilash;
  • talabalar o‘rtasida muntazam musobaqalar;
  • kamida bir nechta yuqori sport natijalariga erishgan chempionlarni tayyorlash ustuvor vazifa bo‘ladi

Bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng xavfli tahdidlardan biri – narkotik va psixotrop moddalarning yoshlar ongiga kirib kelishidir. Bu illat nafaqat sog‘liqqa, balki kelajakka, orzu va maqsadlarga zarba beradi. Ko‘p holatda barchasi “bir marta” degan beparvo qarordan boshlanadi. Ammo ayrim moddalar hatto bir marta qabul qilingandayoq kuchli qaramlikni shakllantirishi mumkin. Natijada inson o‘z salomatligi, ta’limi, obro‘si va ertangi kunini xavf ostiga qo‘yadi.

Universitetimiz – bilim, tarbiya va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maskani. Biz yoshlarimizning nafaqat bilimli, balki ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ustuvor vazifa deb bilamiz. Shu munosabat bilan barchangizni narkotik va psixotrop moddalarga qarshi murosasiz bo‘lishga chaqirman. Befarqlik – illatga yo‘l ochadi. Har birimiz o‘z pozitsiyamizni aniq bildirishimiz shart. Universitet hududida va talabalar hayotida bu kabi holatlarga mutlaqo o‘rin yo‘q. Sog‘lom hayot tarzini tanlang. Sport bilan shug‘ullaning, ilm bilan band bo‘ling, orzu va maqsadlaringiz sari ishonch bilan harakat qiling. Yoshlik – tajriba maydoni emas, imkoniyatlar davridir. Uni asrang.

Xulosa sifatida aytganda, Toshkent davlat tibbiyot universitetida yoshlar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarni to‘liq bandlik bilan ta’minlash, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ommaviy sportni rivojlantirishni – aniq reja va qat’iy mas’uliyat asosida amalga oshiriladi. Yoshlar masalasi endi butun tizim faoliyatining asosiy mezoniga aylanadi.

 

Hurmat bilan,
Sh.A.Boymuradov

Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan