Hurmatli ustoz, Muxtabar Qodirovna!

IBADOVA MUXTABAR QODIROVNA

(Toshkent tibbiyot akademiyasi, Epidemiologiya kafedrasining sobiq dotsenti)

 Ibadova Muxtabar Qodirovna, 1930 yili 15 iyunda, Toshkent shahrida 7 bolalik oilada oltinchi farzand bo‘lib tug‘ilgan.

Otalari Qodirov G‘ulomqodir Mirakbar o‘g‘li dehqonchilikni, bog‘dorchilikni yaxshi ko‘rgan mehnatkash kishi bo‘lib, Muxtabar opa 5 yoshga to‘lganda otalari vafot etib, 7 nafar bola onasi Habiba Bibi Raximshayx qizi tarbiyasiga qolishgan. Oila uchun qiyin, og‘ir yillar boshlangan.  YAshash uchun birdan bir manba bo‘lgan mevali hovli bog‘ini kolxozga o‘tkazib yuborishgan, shaharning boshqa hududiga ko‘chib o‘tishga majbur qilishgan.

1941 yili Ulug‘ Vatan urushi boshlangan, Muxtabar Qodirovnani opalari Ma’suda opa (hozir hayot 94 yoshdalar) bilan Sebzor dahasidagi internat maktabiga o‘qishga berishgan. Bir yildan keyin Muxtabar opani Glier nomli musiqa internat maktabiga o‘tkazishgan, internatda hayot og‘ir bo‘lib, non, oziq-ovqat etishmas edi deb eslaydi opa, ikki yildan keyin musiqa internatdan, o‘zlari ilgari o‘qigan internatda o‘qishni davom etdirib, kelajakda shifokor bo‘lish, onasining va odamlarning dardiga davo topish orzusida a’lo baholarga o‘qishga intilib yashaganlar.

Maktab yillari urush davriga to‘g‘ri kelganligi tufayli, darsdan keyingi paytda Muxatabar opa kolxozda ishlashiga – mehnat frontida ishtirok etishiga to‘g‘ri kelgan, qish paytidagi sovuqlarda kiyishga etik, issiq kiyimbosh bo‘lmaganligini eslaydilar.

Toshkentdagi qizlar uchun mo‘ljallangan 84-sonli o‘rta maktabni tugatib Toshkent tibbiyot institutining davolash fakultetiga o‘qishga kirganlar. 1-2 kurslarda o‘qish o‘zbek tilida bo‘lganligi uchun unchalik qiynalmay a’lo baholarga o‘qidim, yuqori kurslarda o‘qish rus tilida bo‘lganligi uchun qiyinchiliklar bo‘lgan, rus tilini yaxshi o‘zlashtirishimga to‘g‘ri kelgan deb eslaydilar opa, shuning uchun ham barcha qizlarimni (Gulchehra, Gulnora, Go‘zal) va o‘g‘lim Ravshanbeklarni bog‘chaga, maktabga, tibbiyot institutlariga rus tili guruhlarida o‘qitdim, ularning barchasi hozir tibbiyot fanlari doktorlari, professorlar bo‘lib etishdi.

Institutni tugatgandan keyin M.Q.Ibodovani Toshkent tibbiyot instituti yuqumli kasalliklar kafedrasiga klinik ordinaturada qoldirishadi, ushbu kafedrada 1956 yili epidemiologiyadan aspiranturaga kirib, 1963 yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladilar.

1953 yili, farmatsevtika fanlari nomzodi, keyinchalik farmatsevtik kimyo kafedrasi mudiri, 19 yil davomida dekan lavozimida ishlagan Ali YUsupovich Ibodovga turmushga chiqqanlar, ular bilan baxtiyor hayot kechirganligini, 4 nafar farzandlarni tarbiyalab olimu-olimalar qilib etishtirganini faxrlanib e’tirof etadilar.

Nomzodlik dissertatsiyasidan keyin opaning faoliyati epidemiologiya kafedrasida pedagoglik qilish bilan bog‘liq bo‘lgan. oddiy assistent-o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, talabalar ilmiy jamiyati boshlig‘i, o‘quv ishlari bo‘yicha kafedra mudirining yordamchisi, xorijiy talabalarning murabbiysi lavozimlarida katta muvaffaqiyat bilan xizmat qiganlar.

Muxtabar Qodirovna yuksak madaniyatli, o‘ta bilimdon, tajribali pedagog sifatida institut jamosida, talabalar orasida katta hurmat e’tiborga ega bo‘lgan xodim edilar.

Ularning xizmatlarini davlatimiz rahbariyati va sog‘liqni saqlash vazirligi yuksak baholab, ularni “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” qo‘krak nishoni, “Mehnat Faxriysi” medali va bir qancha Faxriy yorliqlar bilan mukofotlagan.

Muxtabar opa bilan suhbatlashganimizda ular mening eng katta boyligim bu 4 nafar farzandlarim, 7 nafar nabiralarim va 8 nafar avaralarimdir deb faxr bilan gapirdirlar, ularning barchasi oliy ma’lumotli, 5 nafari (3 nafar farzandlar, 2 nafar nabiralar) tibbiyot fanlari doktorlari va professorlar bo‘lib, jamiyatimizning turli sohalarida xalqimizga xizmat qilib yurishibdi

Muxtabar Qodirovnani men 52 yildan buyon (1970 yildan) taniyman. O‘sha yillari men Toshkent tibbiyot instituti sanitariya-gigiena fakultetining 5-kurs talabasi sifatida Epidemiologiya fanini o‘rganish uchun epidemiologiya kafedrasiga o‘qishga keldim. Bizning guruhimizga Muxtabar opa dars bera boshladilar va meni kafedraning talabalar ilmiy jamiyatiga qatnashishimni taklif etdi. Men rozi bo‘ldim va ularning rahbarligida “Salmonellyozlar epidemiologiyasi va profilaktikasi” mavzusida doklad tayyorlab talabalar ilmiy jamiyatida doklad qildim, doklad Muxtabar opaga, majlis ahliga ma’qul tushdi.

1971 yili men istitutni imtiyozli diplom bilan tugatganimda opa meni kafedraga stajyor-tadqiqotchi, keyinchalik aspiranturaga o‘qishga tavsiya qildilar va men ushbu kafedrada oddiy aspirant, assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, doktorant, kafedra mudiri, tibbiy-profilaktika fakulteti dekani lavozimlarida 52 yil mobaynida opaning nasihatlarini, tarbiyalarini olib faoliyat ko‘rsatdim. Men erishgan ilmiy darajalarim, ilmiy unvonlarim, va barcha muvaffaqiyatlarim Muxtabar Qodirovnaning beg‘araz yordamlari tufayli amalga oshgan.

Aspirantlik davrimda M.Q. Ibadova kafedra  “Salmonellezlar” muammosi bilan shug‘ullanishi kerak, Omon sen ham nomzodlik dissertatsiyangni ushbu mavzuda qilgan, chunki bu muammo O‘zbekistonda umuman o‘rganilmagan mavzu deb uqtirar edi. Qarangki o‘tgan yarim asrlik davrda, Epidemiologiya kafedrasi hodimlari “Salmonellezlar” epidemiologiyasiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarni qilib 1 ta doktorlik, 6 ta nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar, 3 ta monografiya chop etildi. Opaning bilimdonligiga, uzoqni ko‘ra bilishiga, ilmiy-tadqiqot mavzularini puxta bilishi, bundan 50 yil muqaddam ushbu muammoni taklif qilganligiga qoyil qolmaslik mumkin emas.

Muxtabar Qodirovna, men bilan tanishganidan buyon Omon sen mening katta o‘g‘limsan deb e’tirof etadilar, chunki mening yoshim ularning farzandlaridan kattaroq bo‘lgan, bu so‘zdan judayam xursand bo‘laman, chunki mening ustozim o‘zining oilasiga yaqin tutib hurmat qilishi men uchun katta faxr. Men ham mana shu o‘tgan yarim asrlik davrda ularning hurmatini joyiga qo‘yishga, topshiriqlarini to‘liq bajarishga harakat qildim, bundan men bag‘oyat baxtliman.

Hurmatli ustoz, Muxtabar Qodirovna! Sizni bugungi qutlug‘ Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati, Epidemiologiya kafedrasi jamoasi nomidan qizg‘in tabriklaymiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, farovon hayot tilaymiz.

Hurmat va ehtirom ila Toshkent tibbiyot akademiyasi, epidemiologiya kafedrasi professori, Rossiya tibbiiy-texnika fanlar akademiyasining akademigi Omon Mirtazaevich Mirtazaev

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan