Aziz ustozlar va talaba yoshlar!
Sizlarni qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2023-yil bilan chin dildan tabriklayman.
Tarix sahifalaridan joy olayotgan 2022-yilda yurtimizning barcha sohalarida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bu esa Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan odilona siyosat natijasidadir. Yakuniga yetayotgan 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda, taraqqiyotga — faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi deb Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlab, kirib kelayotgan yangi, 2023-yilga yurtimizda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili», deb nom berdi.
O‘tgan 2022-yil Akademiya hayotida ham muhim voqealarga boy bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishi biz kutgan natijalarni berdi. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar bizning qo‘lga kiritgan yutuqlarimizdan sanaladi. Ilmiy tadqiqotlar borasida ham ahamiyatga molik, ijobiy yutuqlarga erishildi. Akademiyaning moddiy texnika bazasi yaxshilandi, bosh o‘quv bino ta’mirdan chiqarilib test markazi, telemeditsina, elektron poliklinika, elektron statsionar, elektron dekanat, VR va AR texnologiyalar, kompyuter sinflari va boshqa elektron dasturlarni o‘z ichiga olgan Raqamli universitetga, zamonaviy eng oxirgi rusumdagi robotlar bilan jihozlangan, 24/7 rejimida ishlaydigan simulyatsion markazga, bir vaqtning o‘zida 500 nafar talabaga, filiallari bilan birga 1300 nafar kitobxonning foydalanish imkoniyati bor Raqamli Axborot resurs markaziga ega bo‘ldik. Eng muhimi nafaqat Toshkent tibbiyot akademiyasi olimlari va ilmiy izlanuvchilari uchun, balki Respublika miqiyosida ilmiy – tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun Molekulyar genetik va sitogenetik, Farmako-toksikologik, Gematologik va immunologik va shu kabi 10 dan ortiq boshqa laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan Biotexnologiyalar markazi tashkil qilinib 44 turdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot uskunalari bilan jihozlandi.
Shuningdek 2022-yilda davlatimiz tomonidan zamonaviy jihozlangan 1100 o‘ringa ega 2 ta talabalar turar joylari, 1400 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta o‘quv binosi tashkil qilinib akademiya balansiga berildi.
Ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va sport sohasida qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham o‘ziga xos salmoqqa ega. Akademiyamizda tahsil oluvchi talaba-yoshlarning yutuqlarini ko‘rib, olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Talaba yoshlarimiz Prezident stipendiyasi, Mard o‘g‘lon Davlat mukofotlarini oldilar. Shu bilan birga, Toshkent tibbiyot akademiyasida faoliyat ko‘rsatgan 21 nafar mashhur akademik va professorlar nomidagi 203 ta maxsus stipendiya ta’sis etildi. Bu kabi yoshlarimizning safi yanada kengayishiga tilakdoshman.
Kuni kecha 2022-yil 29-dekabr kuni Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga qilgan murojaatnomasini amalga oshirish yo‘lida dastlabki qadamni qo‘ydik va “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”ga bag‘ishlangan “Tibbiy ta’limdagi sifat: erishilgan yutuqlar, muammolar va istiqbol rejalar” nomli Xalqaro konferensiyani o‘tkazdik va kelgusi yilda oldimizda turgan vazifalarimizni muhokama qilib oldik. Kelgusi yilda oldimizda turgan eng asosiy vazifa – ta’lim sifatini yaxshilash va bitiruvchilarni raqobatbardoshligini oshirish, akademiyaning xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallashiga erishish uchun ta’limni transformatsiya qilish ustida qatiyat bilan ish olib borishimizdan iborat.
Qutlug‘ qadamlar bilan kirib kelayotgan yangi 2023-yilda ham akademiyamiz jamoasi katta-katta rejalarni amalga oshirish, bir qator xayrli tadbirlarni o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.
Qadrli ustozlar, muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!
Sizlarni yana bir bor kirib kelayotgan Yangi yilingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Ilmiy, ijodiy, o‘qishdagi faoliyatingiz va intilishlaringizda muvaffaqiyatlar, oilangizga totuvlik, o‘zingizga mustahkam sog‘liq, xonadoningizga fayzu baraka tilayman!
Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin! Kirib kelayotgan Yangi yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin!
A.SHADMANOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori