Tibbiy ta’limda nafaqat nazariy, balki ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta’minlash muhim

TTA

19 iyul – Toshkent tibbiyot akademiyasiga asos solingan kun

Toshkent tibbiyot akademiyasi farmakologlar, gigiyenistlar va asosiy davolovchi mutaxassislarni tayyorlovchi muassasa bo‘lib, Toshkent tibbiyot instituti sifatida Toshkent shahridagi O‘rta Osiyo universitetining tibbiy fakulteti negizida 1919 yil tashkil etildi. 90-yillarning boshida Toshkent tibbiyot institutining qoshida ikkita oliy tibbiy o‘quv binolari: Toshkent davlat tibbiyot instituti va Toshkent davlat tibbiyot instituti mavjud bo‘lib, 2005-yil 19-iyul kuni ular birlashtirilib, Toshkent tibbiyot akademiyasiga asos solindi.

100 yoshdan oshgan ushbu oliygoh bugunga qadar 90 mingdan ziyod malakali shifokorlar tayyorlab bergan. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini paydo bo‘lishi va shakllanishda ham muhim o‘rin tutadi. Bugunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasidan qator nufuzli tibbiyot oliygohlari ajralib chiqqan. Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti (1972 yil), Toshkent davlat stomatologiya instituti (2014 yil), Toshkent farmatsevtika meditsina instituti, O‘zbekiston Qurolli kuchlarining harbiy tibbiyot akademiyasi (2020 yil) va Farg‘ona jamoat salomatligi instituti shular jumlasidandir (2021 yil). Bugungi kunda tibbiyot akademiyasi tarkibida 3 ta filial – Chirchiq, Urganch va Termiz filiallari tibbiyot kadrlarini tayyorlamoqda.

– Xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – deya o‘z fikrini bildiradi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori (v.v.b) Shuhrat Boymurodov. – Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror bilan Toshkent tibbiyot akademiyasini kompleks rivojlantirish dasturi va tubdan takomillashtirish mexanizmlari ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirildi. Natijada kafedralar moddiy texnika bazasi mustahkamlandi va modernizatsiya qilindi, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlandi.

Boymuradov.Sh.A

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2017 yil 5 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan o‘quv dasturlarida klinikagacha va klinik bloklaridagi o‘quv soatlari ulushi 85 foizga oshirildi, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy bloklar bo‘yicha o‘quv soatlari 7 foizgacha qisqartirildi, 5, 6 va 7 yillik ta’lim yo‘nalishlari munosib ravishda 4, 5 va 6 yilga optimallashtirildi.

Jahonning yetakchi tibbiy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, akademik va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 27 iyuldagi «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari bilan 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish tizimi joriy qilindi va 2023 yilda «Til o‘rgatish markazi» tashkil etildi. Shu kunga qadar mazkur markazda 250 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar ingliz tiliga o‘qitildi va «Medical English» sertifikatlari bilan taqdirlandi.

Yurtimizdagi ko‘plab ta’lim muassasalari qatorida akademiyamizda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kredit-modul tizimi joriy etildi va mustaqil ta’limning ulushi 50 foizga yetkazildi. Natijada kredit-modul tizimi asosida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tartibi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha «Kasbiy standartlar», «Malaka talablari» qayta ishlandi va ular asosida bakalavrlarning kasbiy kompetensiyalari shakllantirildi.

2021 yil 24 dekabrdagi «Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror bilan Toshkent tibbiyot akademiyasiga Akademik va moliyaviy mustaqillik berildi va natijada yangi ta’lim yo‘nalishlari (stomatologiya, farmatsiya, pediatriya ishi, ekologiya va atrof muhit muhofazasi, kimyo hamda surdotarjimonlik) tashkil etildi. O‘qitiladigan mutaxassisliklar soni esa hozirgi kunda 14 taga yetkazildi.

Professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalari qayta ko‘rib chiqildi va oxirgi yillarga nisbatan hozirgi kunda 20-25 foizga kamaytirildi, ularning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratib berildi. Ta’limda nafaqat nazariy, balki ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta’minlash muhim ahamiyat kasb etib, shu nuqtai nazardan Toshkent tibbiyot akademiyasida talabalar amaliyotini tashkil etish ishlari takomillashtirildi va yangi tartib ishlab chiqildi.

Ma’lumki, sifatli kadrlarni tayyorlashda ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar muhim ahamiyatga ega, aynan Toshkent tibbiyot akademiyasi bosh o‘quv binosini qayta rekonstruksiya va ta’mirlashdan chiqarilishi professor-o‘qituvchilar hamda ta’lim oluvchilar uchun yuqorida keltirilgan sharoit va imkoniyatlarni yaratib berdi.

Talabalar amaliy ko‘nikmalarni avtomatizm darajasida o‘zlashtirishlari uchun Toshkent tibbiyot akademiyasida Simulyatsiya markazi tashkil etildi va zamonaviy simulyatsion asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Ushbu markazda trening, brifing, debrifing xonalari, OSKI xonalari, ekspertlar zonalari tashkil qilindi va talabalar klinik ko‘nikmalarni egallaganlik darajasiga ob’ektiv baho berish imkoniyati yaratildi. Hozirgi kunda markaz har bir trening xonasi ma’lum ixtisoslikka yo‘naltirilgan bo‘lib, zamonaviy robot-simulyatorlar bilan jihozlandi. Akademiyada ta’lim jarayonida innovatsion platformalardan ilg‘or foydalanilmoqda, xususan «Academix 3D» va «Pathology» dasturlari o‘zbek tilida yaratildi, «CyberPatient» nazorat va baholash platformasi ishga tushirildi, «AR&VR labs» kabi vertual ta’lim texnologiyalari ta’lim jarayoniga tatbiq etildi.

Bosh o‘quv binosida tashkil etilgan «Onlayn statsionar» va «Onlayn poliklinika» talabalarga masofadan turib murakkab jarrohlik amaliyotini kuzatish imkoniyatini berdi, bitiruvchi talabalarning oilaviy shifokor sifatida ko‘nikmalarini shakllantirishga sharoit yaratib berildi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, tibbiy ta’limda nafaqat nazariy, balki ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Toshkent tibbiyot akademiyasida «Biotibbiyot texnologiyalari markazi» tashkil etildi va talabalar, ilmiy izlanuvchilar uchun ilm-fanga doir izlanishlarni olib borishlari uchun imkoniyat yaratib berildi. Mazkur markazda «Tibbiy genetika», «Hujayra texnologiyalari», «Immunologiya», «Elektron mikroskopiya», «Farmakotoksikologiya», «Ekologiya» kabi laboratoriya va ilmiy maktablari yaratildi.

Xalqaro hamkorlik ishlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu boradagi ishlar jadal rivojlanib bormoqda, 2024 yilda xorijlik talabalar soni 1600 nafarni tashkil etdi, 70 ga yaqin xorijning yetakchi tashkilotlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi, xalqaro talabalar mobillik dasturi amalga oshirilib kelinmoqda, 100 nafarga yaqin xorijlik mutaxassislar ta’lim jarayoniga jalb etilmoqda. Hamkorlikda Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, AQSH kabi rivojlangan davlatlardan soha mutaxassislari ilm-fan bo‘yicha jalb etilmoqda.

Xalqaro reytinglarda ham Toshkent tibbiyot akademiyasi munosib pog‘onalarni zabt etib kelmoqda. Misol uchun, «Times Higher Education Impact Ranking 2024», QSda 4 yulduzli «Very Good» maqomi olindi, «RUR 2023 WUR« reytingida 962 o‘rinni, »UI GreenMetric«da 1077-o‘rinni, »WURI 2024» «Top 100 in Thirteen Categories» – 100 o‘rin, milliy reytingda 7-o‘rinni, tibbiyot OTM lari orasida 2-o‘rinni egalladi.

Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining 10 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 9 ta magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari — jami 19 ta ta’lim dasturi Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi xalqaro standartlariga muvofiqligi bo‘yicha mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi – IAAR tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Darhaqiqat, tibbiy ta’limda raqamlashtirish bo‘yicha ham izchil islohotlar olib borilmoqda, Toshkent tibbiyot akademiyasida ham “hemis.tma.uz – OTM» boshqaruv elektron tizimi joriy etildi va bu orqali ta’lim jarayoni raqamlashtirilmoqda, to‘lov-shartnomalarni olish jarayonlari to‘liq elektronlashtirildi, shartnomalarga to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirildi, talabalar stipendiyalari HEMIS va UzASBO tizimlari yordamida berila boshlandi,

Tyutorlar faoliyatini samarali tashkil etish va nazorat qilish maqsadida – «Tyutorlar platformasi» yaratildi va lektron hujjat almashinuvi (Edo.ijro.gov) ishga tushirildi (raqamli imzo) va hujjat almashinuvi to‘liq raqamlashtirildi.

Yuqorida ta’lim oluvchilarga yaratilgan imkoniyatlar sabab, hozirgi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasida 514 nafar talaba Olimpiada va tanlovlarda munosib o‘rinlarni egalladi, davlat mukofotlari va nomli stipendiyalar sohiblariga aylandi. Xususan, joriy yil 2 nafar talaba «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotiga munosib ko‘rilgan bo‘lsa, yana 2 nafar talaba «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lishdi.

Bundan tashqari, oliygohda «Ibn Sino nomli davlat stipendiyasi», “I.A.Karimov nomidagi davlat stipendiyasi», «Vrachlar assotsiatsiyasi stipendiyasi» sohiblari tahsil olib kelmoqdalar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan